
Superliga. "Navbahor" eng ko‘p gol urgan, "Paxtakor" ochkosiz jamoalar qatorida va 2 turda atigi bir durang (muhim statistikalar)
Superligada 2-tur o‘yinlari ham yakuniga etdi. Muxlislar mazkur turlar doirasida bir-biridan qiziqarli uchrashuvlar guvohi bo‘ldi. Biz esa ushbu bellashuvlar borasida ayrim muhim va qiziqarli statistikalarni e’tiboringizga havola etamiz.
Startdayoq avj olgan "lochinlar".
Ortda qolgan 2 turda "Navbahor" 100 foizlik natija qayd etmoqda. Jamoa ikkala o‘yinida ham darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Dastlab "Qizilqum" 3:0 hisobida, so‘ng "Metallurg" ham shu hisobda tor-mor etildi. Qizig‘i, Babayan shogirdlari gol o‘tkazmagan holda musobaqada eng ko‘p gol urgan klub bo‘lib turibdi. 6 ta gol urgan "lochinlar"dan so‘ng bu ko‘rsatich bo‘yicha "Neftchi", "Olimpik" va OKMK jamoalari 5 gol bilan keyingi o‘rinlarni band etgan.
Ahamiyatlisi, namanganliklar bilan bir qatorda yana bir Farg‘onaning "Neftchi" hamda Toshkentning "Bunyodkor" klublari hali ochko yo‘qotganicha yo‘q. "Neftchi" ilk turda "Metallurg"ni 3:0, ikkinchi o‘yinda amaldagi chempion "Paxtakor"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Levchenko shogirdlari ikkala bahsda ham o‘yin borasida raqiblaridan bir bosh baland harakat qila oldi.
"Bunyodkor" dastlab "So‘g‘diyona"ni Zominda taslim qildi - 1:0. So‘ngra dramatik kechgan to‘qnashuvda OKMK 3:2 hisobida mahv etildi. Bu ikki klub hozircha muxlis va mutaxassislarning hayratiga sazovor bo‘lmoqda.
O‘ziga o‘xshamayotgan amaldagi chempionlar.
Superliganing amaldagi chempioni "Paxtakor" boshlangan yangi mavsumda o‘ziga o‘xshamayapti. "Sherlar" o‘tkazilgan ikki turda hali g‘alaba qozona olmadi. Dastlab, "Olimpik" Shatskix shogirdlarini ranjitishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi turda esa "Neftchi" o‘z maydonida toshkentliklardan 3 ochko tortib oldi. Shunga qaramay, bu "Paxtakor"ning bor ko‘rinishi emas. Amaldagi chempionlar o‘tgan yildagi kabi yana chempionlik poygasiga bir zumda qo‘shilib olishi hech gapmas. Bejizga, "yaralangan sher - eng xavflisi", - deyishmaydi, axir.
Qizig‘i, "sherlar" Superligada ochko to‘play olmagan yagona jamoa emas. Ular bilan bir qatorda "Turon" va "Metallurg" ham bor. Pro-ligadan Superligaga qaytgan "tulporlar" dastlab "sherigi" "Buxoro"ga engildi. Navbatdagi bellashuvda "Nasaf" super kambek evaziga yaypanliklarni ochkolardan mahrum qildi.
14 o‘yin va atigi bitta durang!
Ha, siz noto‘g‘ri o‘qimadingiz. Rostan bo‘lib o‘tgan 2 turda faqatgina bitta durang natija qayd etilgan. Zominda bo‘lib o‘tgan "So‘g‘diyona" - "Olimpik" bahsi 2:2 hisobidagi jangovor durang bilan yakun topdi. Aslida, ushbu bellashuv ham qaysidir tomonning ham g‘alabasi bilan yakun topishi mumkin edi. Ammo 10 kishi bo‘lib qolgan "olimpiyachilar" bunga ko‘nmadi va hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
14 uchrashuvda qayd etilgan bitta durang o‘yinlarimiz murosasiz o‘tayotganidan darak beradi. Har bir jamoa raqibi qanchalik kuchli bo‘lmasin, maydonga faqat va faqat g‘alaba umidida tushmoqda. Mavsum endi boshlanganiga qaramasdan sensatsiyalarning ko‘pligi muxlis hamda mutaxassislarga yanada shiddatli voqealar kutib turganiga ishora qilmoqda. Mavsum davomida esa biz kimningdir antiqahramon bo‘lib qolmasligini xohlaymiz, xolos!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar