
Superliga 1-davra statistikasi (kartochkalar, gollar, g‘alabayu-durang va mag‘lubiyatlar, mezbon, mehmondagi o‘yinlar)
O‘zbekiston Superligasining birinchi davrasidan so‘ng, umumiy 91 ta o‘yin bo‘ldi. Ushbu o‘yinlarning 28 tasi durrang natija bilan tugadi. "Paxtakor" 11 ta g‘alabaga erishdi. "Qo‘qon-1912" va "Andijon" klublari esa, bor-yo‘g‘i 1 marotaban g‘oliblikni xis etishdi. "Navbahor", "Dinamo" va "Andijon" 6 marttadan durrang natija qayd etgan bo‘lsa, "Paxtakor" va "So‘g‘diyona" 2 marttadan arosat yo‘liga duch kelishdi. AGMK, "Buxoro" va "Qo‘qon-1912" o‘zlarining o‘tkazgan 13 ta bellashuvidan 7 tasida mag‘lub bo‘ldilar. "Paxtakor" biror marotaba taslim bo‘lmagan yagona jamoa bo‘lib turipti. To‘plar nisbatiga ko‘ra "Paxtakor" klubi birinchi davradan so‘ng eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etib turipti (+28). Bu borada eng ma’qul bo‘lmagan ko‘rsatkich esa bir yo‘la ikki klubga tegishli. Bular "Buxoro" va "Qizilqum"(-14).
Jamoalar muxlislarga 239 ta golni taqdim etishdi. Gollarning 33 tasi penaltidan kiritilgan bo‘lsa, yana 4 tasi avtogol bilan yakunlandi. Birinchi davradan so‘ng 104 futbolchi gol urishga erishgan. 181 ta futbolchi 359 ta sariq kartochka bilan jazolangan va 7 ta futbolchi hakamlar cho‘ntagidan bir marttadan qizil kartochkani chiqarishga majbur qilishdi. "So‘g‘diyona", "Buxoro" va "Qo‘qon-1912" klublari 2 marttadan qizil kartochka olgan bo‘lsa, "Lokomotiv" klubi bitta qizil kartochkaga egalik qildi. Aynan "Lokomotiv" jamoasi vakili Husniddin Gofurov va "Buxoro" futbolchisi Vladimir Baenko 13 ta bahsda 6 tadan sariq va 1 tadan qizil kartochkani olib ulgurishdi.
O‘z uyida eng ko‘p o‘ynagan jamoalar soni 2 ta. "Lokomotiv" va "Dinamo". "Bunyodkor" klubi bor yo‘g‘i 4 ta uchrashuvga mezbonlik qildi. "Lokomotiv" o‘z uyida o‘tkazgan 8 ta bahsda 20 ochko to‘pladi. 5 ta bellashuvga mezbonlik qilgan "Qo‘qon-1912" jamoasi 3 ochkoni qo‘lga kirita oldi holos. O‘z maydonida "Paxtakor", raqiblari darvozasiga 23 ta gol urdi. Bu uchun toshkentliklarga 7 ta uchrashuv kifoya qildi. "Buxoro" klubi ham 7 ta bahsga mezbonlik qildi, ammo bor-yo‘g‘i 4 ta zarbani gol bilan yakunlay oldi.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, mehmonda "Bunyodkor" va "Qo‘qon-1912" eng ko‘p uchrashuvni o‘tkazgan (9 bor). "Lokomotiv" va "Dinamo" o‘z o‘yinlarining 5 tasida mehmon bo‘lib o‘tkazishdi.
Mehmonda 6 ta uchrashuvni o‘tkazgan "Paxtakor" 16 ochko to‘pladi. AGMK va "Qizilqum" klublari ham 6 bor mehmon bo‘lishdi va 3 ochkodan jamg‘arishdi. Samarqandning "Dinamo" klubi ham safardagi o‘yinlardan 3 ochko to‘pladi, ammo ular hisobida 6 ta emas, balki 5 ta uchrashuv borligi yuqorida ta’kidlandi.
"Paxtakor" jamoasi mehmonda 14 ta gol urgan bo‘lsa, "Andijon" klubi 8 bor safarga chiqib, 3 marotabagina raqiblar darvozasiga yo‘l topdi. Yana o‘sha "Paxtakor" klubi raqiblari maydonida 3 bor o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqdi. "Qo‘qon-1912" jamoasi esa, safardagi 9 ta uchrashuvida 21 marotaba darvozasi dahlsizligini saqlay olmadi.
Fikrlar