
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 23-tur ramziy terma jamoasi
Darvozabon: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”)
Superliga 23-turi gollarga boy tarzda o‘tdi. Deyarli har bir bellashuvda ikkala taraf ham darvozalarni ishg‘ol qilishga erishdi. Ushbu turda “quruq o‘yin” o‘tkazgan yagona darvozabon “Navbahor”ning ishongan tog‘i bo‘ldi. “Surxon” klubining muntazam uyushtirgan hujumlari Yusupov manziliga etib, to‘xtab qolaverdi.
Chap qanot himoyachisi: Farruh Sayfiev (“Paxtakor”)
Toshkentliklar chempionlikka erishgan holda o‘tkazgan ilk uchrashuv oson bo‘lmadi. O‘zi umuman, “Qo‘qon-1912”ga qarshi bellashuv Superliganing istalgan jamoasi uchun og‘ir kechishi aniq. Chap qanot himoyasida na Muhammadanas Hasanov va na Murod Xolmuhammedovga tinchlik bermagan Sayfievni ramziy jamoamizning chap qanotiga joylashtirdik.
Markaziy himoyachi: Bobur Amanov (“Buxoro”)
Elitada jon saqlab qolish uchun tish-tirnog‘i bilan kurash olib borayotgan buxoroliklarning ahvoli “Andijon”ning g‘alabasidan so‘ng, yanada og‘irlashdi. Bobur Amanov boshliq himoya markazi “Qizilqum”ning hujumlariga imkon qadar turib bera oldi.
Bir vaziyatda Amanov raqibning g‘oyat xavfli hujumini qo‘pollik bilan bo‘lsa-da, to‘xtatib qoldi. Ushbu taktik fol va ishlab olingan juda foydali sariq kartochka yakunda Jamshid Saidov shogirdlariga 1 ochko taqdim etdi.
Markaziy himoyachi: Marko Kolakovich (“So‘g‘diyona”)
“So‘g‘diyona” o‘ziga xos harakterga ega jamoa. Ulug‘bek Baqoev shogirdlari milliy birinchiligimizning istalgan jamoasini yutishga qodir. “Nasaf” esa Superligamizning eng chiroyli o‘yinga ega klublaridan biri. “Ajdarlar”ning mag‘lub etilishida Marko Kolakovichning himoyadagi harakatlari etakchi rol o‘ynadi. U standartlar paytida ham raqib jarima maydoni ichida faollik ko‘rsatishi bilan ajralib turadi.
O‘ng qanot himoyachisi: Azamat Isroilov (“Andijon”)
“Mash’al”ga qarshi o‘yindagi g‘alaba andijonliklarning turnir jadvalidagi holatiga anchayin ijobiy ta’sir qildi. Musobaqa yakunlanishiga bir necha tur qolgan paytda jamoaga olib kelingan Otabek G‘ulomxo‘jaev qo‘l ostidagi ilk bahs g‘alaba bilan yakunlandi. Jamoa sardori va etakchisi Azamat Isroilov ushbu bellashuvda himoyadagi ishonchli harakatlari bilan ajralib turdi.
Ochig‘i, kamyob g‘alabalar qayd etadigan “burgutlar”dan kimdir ramziy jamoamizga kirmasligi adolatdan bo‘lmasdi.
Markaziy yarim himoyachi: Sanjar Qodirqulov (“Bunyodkor”)
“Qaldirg‘ochlar” o‘z qo‘lidagi g‘alabani sal bo‘lmasa, boy berib qo‘yishi mumkin edi. Maydon markazida Sanjar namoyish etgan o‘yin tahsinga sazovor chiqdi. U jamoasi hujumi vakillarini chiroyli paslar bilan muntazam ta’minlab turdi. Yakkakurashlarning katta qismini yutishga muvaffaq bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi: Jamshid Boltaboev (“So‘g‘diyona”)
Ushbu yarim himoyachi jizzaxliklarning har qanday natijasida bosh rollardan birini kasb etadi. Xoh mag‘lubiyat, xoh g‘alaba bo‘lsin, maydon markazida juda katta mehnat amalga oshiradigan Boltaboevning o‘yini butun jamoaga ta’sir qiladi. “Nasaf”ga qarshi bellashuvda bu ta’sir ijobiy ko‘rinish oldi.
Chap qanot vingeri: Xurshid G‘iyosov (“Bunyodkor”)
“Metallurg” himoyasining dastlabki daqiqalardagi sarosimasidan unumli foydalanib keta olgan Xurshid G‘iyosov o‘zi ham gol urdi, sheriklariga gol urish imkoniyatini taqdim etdi.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib xizmat qilgan Andrey Shipilov jamoasi uchrashuv yakunida o‘yinga qaytdi. Ammo kech edi…
O‘ng qanot vingeri: Doston Hamdamov (“Paxtakor”)
So‘nggi 3-4 ta turda Doston Hamdamov ko‘rsatayotgan o‘yin ancha yaxshi taassurot qoldirmoqda. Jarima maydoni tashqarisidan berayotgan zarbalari “Bunyodkor”da porlagan yillarini yodga solmoqda.
“Qo‘qon-1912”ning tartibli himoyalanishi uning qaytarib bo‘lmas zarbasi sabab barbod bo‘ldi.
Markaziy hujumchi: Marat Bikmaev (“Lokomotiv”)
Olmaliqliklarning barcha rejalari tajribali Marat Bikmaevning ajoyib gollari sabab chippakka chiqdi. Birinchi bo‘lib Grigalashvili hisobni ochgan bo‘lsa-da, “temiryo‘lchilar” kambek amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu g‘alaba Miklyaev shogirdlari uchun u qadar katta ahamiyatga ega emas. Ammo AGMK qimmatli ochkolarni boy berdi.
Markaziy hujumchi: Shoxruz Norxonov (“So‘g‘diyona”)
“Nasaf”ning mag‘lubiyatida hech kim Norxonovchalik “aybdor” emas. Hujumdagi mahorati sabab Abduvohid Ne’matov darvozasiga 2 ta to‘p kiritishga erishgan futbolchi jamoasiga chiroyli g‘alaba taqdim etdi.
Bo‘yi u qadar baland bo‘lmasa ham burchak zarbasi paytida hammadan baland sakrashga erishgani hayratda qoldirdi. Unga kelgusi turlarda ham omad tilab qolamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar