SPORTS.uz talqini bo‘yicha A Seriya ramziy terma jamoasi

  • 10 avgust, 2020, 09:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Murabbiy: Jan Pero Gasperini (3-4-3)

Tecno

Ortda qolgan A Seriya mavsumi kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi. Bir nechta jamoalar o‘z tarixidagi eng sermahsul natijani qayd etgan bo‘lsa, ba’zilar uchun ushbu mavsum biroz omadsiz kechdi. Murabbiylar o‘rtasida ham qizg‘in kurash kechganligi sababli, ramziy terma jamoa boshqaruviga tanlanadigan mutaxassisni ham ajratish biroz qiyin kechdi. Yakunda A Seriyada o‘rtamiyona futbolchilar bilan grand jamoalarning po‘stagini qoqa olgan “Atalanta” klubi ustozi Jan Pero Gasperini variantida to‘xtaldik. Chunki unga raqobat uyushtirgan hamkasblari orasida chempionlikka hissa qo‘shmay, “Skudetto”ni qo‘lga kiritgan Sarri, qo‘l ostida nisbatan saviyali futbolchilari ko‘proq bo‘lgan Konte hamda boshqaruvidagi o‘yinchilarni biroz kech uyg‘otgan, Zlatan bilan masofa saqlab gaplashadigan Stefano Pioli bor edi. Shubhasiz, Gasperini ular ichida favorit va bizning ramziy jamoa murabbiyligi ham aynan uning ixtiyorida. Mavsum davomida o‘z shogirdlarini (3-4-3) sxemasida bahslarga tayyorlagan italyan mutaxassisining ushbu taktikasi bizning termamizda ham ustuvor.

unnamed (1)_1

Darvozabon: Voytsex Shchensni

“Yuventus” bu yil juda ishonchli o‘yin ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, chempionlik unvonini saqlab qola olishida polshalik darvozabonning xizmatlari katta bo‘ldi. Chunki butun mavsum davomida 29 o‘yinda ishtirok etib, ularning 12 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolishni uddalagan kiper, qaysidir ma’noda jamoadoshi Buffonning rekordlariga o‘z hissasini qo‘shib yubordi. Ya’ni, Buffonga A Seriyada eng ko‘p o‘yinga tushgan futbolchi bo‘lishiga imkoniyat yaratib berdi. Aks holda, qahramonimiz bu natijasidan ko‘ra yaxshiroq raqamlarga ega bo‘lishi tayin edi. Ammo “Skudetto” uchun kurashgan klub posbonlari orasida eng ko‘p seyv aynan Shchensniga tegishli ekanligini ham e’tirof etish o‘rinli (95 seyv). Boz ustiga, Italiya futboli mutasaddilari ham aynan uni 2019/20 yil yakunlari bo‘yicha A Seriyaning eng kuchli darvozaboni, deb topgan.

images (2)

Markaziy himoyachi: Alessio Romanoli

Mavsumning restartdan keyingi qismini yorqin o‘yinlari bilan bezagan “rossonerilar”ning almashtirib bo‘lmas himoyachisi Alessio Romanoli haqli ravishda jamoamizdan o‘rin egalladi. Hujumchilar o‘z pozitsiyasida erkin harakat qila olishlari uchun orqa chiziqda tartibga javob beradigan italiyalik fulbek “qizil-qoralar” g‘alabalariga katta yordam berdi. Ayniqsa, restartdan keyingi o‘yinlarda uning boshchiligidagi “Milan” himoyasi ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Jamoasini 35 bahsda maydonga etaklagan futbolchi ularning 11 tasini gol o‘tkazmay yakunlashga erishgan.

AC-Milan-v-Frosinone-Calcio---Serie-A-9bb785c2ec89f86f828a8eadae04fbcb

Markaziy himoyachi: Rafael Toloi

Super mavsum o‘tkazgan bergamoliklar tarkibida biror yulduz futbolchini ko‘rsatish mushkul. Darajasi yuqori bo‘lmagan, ammo o‘yin tomonlama hech kimdan qolishmagan Rafael Toloi bu mavsum ishonchli harakatlari bilan muxlis va mutaxassislar e’tiborini o‘ziga qaratdi. 29 yoshli braziliyalik himoyachi bu mavsum 33 uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta o‘yinda darvozasiga raqiblari to‘p kiritishiga imkon bermagan. Qo‘shimchasiga, 2 bor gol urishga ham muvaffaq bo‘lgan.

 

Rafael+Toloi+Atalanta+BC+vs+FK+Sarajevo+UEFA+Z8ER1PQ3n9-l

Markaziy himoyachi: Stefan De Vrey

Mavsum avvalida “nerradzurilar” bosh murabbiyi etib tayinlangan Konte o‘z ishini himoyani tartibga solishdan boshladi. Va aytish mumkinki, bu ishni uddalay oldi. Bu yil De Vrey boshliq “Inter” himoyachilari har qanday klub hujumchilariga jang taklif qila oldi. Uning ishonchli o‘yinlarini munosib e’tirof etishdi va aynan gollandiyalik qahramonimiz mavsumning eng yaxshi himoyachisi, deb topildi. Uning hisobida esa bu mavsumda 34 ta uchrashuvdagi 11 quruq o‘yin hamda 4 gol bor.

GettyImages-1199726016

Tayanch yarim himoyachisi: Lorentso Pellegrini

“Jallorossilar” xavbeki bu mavsum klubi singari yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Markazda ishonchli harakat qilgan 24 yoshli yarim himoyachi o‘z hisobiga 9 assist yozdirib qo‘ya olgan. Undan tashqari, o‘zining aniq krosslari, to‘pga kurashuvchanligi, kesib uzatiladigan paslari tufayli grand klublar oromini o‘g‘riladi. Bu mavsum “Roma” klubi medallar uchun kurashga qo‘shila olmagan bo‘lsa-da, Pellegrini uchun tramplin vazifasini o‘tashi mumkin. Lorentso boshqa bir klub safiga borib qo‘shiladimi yoki faoliyatini rimliklar tarkibida davom ettiradimi? Voqealar rivojini kuzatamiz.

lorenzo-pellegrini-as-rom-1569920814-26184

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Dominiko Berardi

“Sassuolo” o‘yinlarida benazir bo‘lgan, jamoaning eng ishongan futbolchisi Berardi ramziy jamoamizda o‘ng qanot yarim himoyasida harakat qiladi. Darhaqiqat, uning natijalari bunga to‘liq haqli ekanligini isbotlaydi. Mavsumni 31 o‘yin bilan yakunlagan italiyalik qahramonimiz hisobida 14 gol va 10 ta uzatma bor. Bundan tashqari, 26 yoshli futbolchi A Seriyada sentyabr oyi bo‘yicha yagona xet-trik egasi ham hisoblanadi. “Sampdoriya” bilan 1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Sassuolo” aynan uning gollari evaziga zafar quchgan edi.

domenico-berardi-sassuolo_11qgxtelqd5d21uz5d3cne6ojq

Chap qanot himoyachisi: Luis Alberto

“Latsio”ning chempionlik kurashida ancha vaqt “Yuve”ga muammo tug‘dira olishiga ispan xavbekining samarali harakatlari ham turtki bo‘la oldi. Restartgacha Italiyaning barcha klublariga qarshi katta ustunlikda harakat qilgan “byankadzurrilar” markazida Milinkovich-Savich bilan kuchli tandem hosil qilgan Alberto ramziy termamizning chap qanot yarim himoyasiga joylashdi. Fevral oyining eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etilgan 27 yoshli yarim himoyachi joriy mavsumda 6 ta gol urib, 15 ta golga hammualliflik qilgan.

luis-alberto-lazio-1583246449-33062

Hujumkor yarim himoyachi: Alexandro Gomes

Gasperinining ishongan futbolchisi hisoblangan Gomes aynan shu klubda o‘zining eng zo‘r o‘yinlarini ko‘rsatmoqda. Jamoasining bu mavsum gol urish bo‘yicha rekordini yangilashida ham argentinalik yarim himoyachining xizmatlarini hisobdan chiqarib bo‘lmaydi. O‘z vaqtida jamoadoshlarini qulay vaziyatga chiqarib yuborishi, kezi kelganda o‘zi uzoq masofadan zarba yo‘llashi yoki jarima maydonchasiga yorib kira olishi uning ustun jihatlari hisoblanadi. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, A Seriyaning eng yaxshi futbolchisi maqomini qo‘lga kiritgan “Atalanta” sardoridan keyingi mavsumda ham yorqin o‘yinlar kutib qolamiz.

orig_484408

O‘ng qanot vingeri: Paulo Dibala

Ortda qolgan mavsum “Yil futbolchisi” mukofoti aynan qahramonimizga nasib etdi. Shu e’tirofning o‘zi ham uning naqadar kuchli o‘yin ko‘rsatganini isbotlaydi. “Yuve” tarkibida 33 o‘yin o‘tkazgan Dibala 11 gol va 6 assist egasiga aylandi. Ammo uning texnikasi, hujumlarni biroz orqaroqdan boshlashi yuqori darajadagi futbolchi ekanini anglatadi. Bejizga ramziy jamoamizda uning xizmatlariga ehtiyoj sezmadik.

960x0_2

Chap qanot vingeri: Krishtianu Ronaldu

“Yuve” formasini kiyganidan beri faqat oldinga siljishi kuzatilayotgan Ronaldu o‘yinlari bu mavsum ham barchaga birdek manzur bo‘ldi. Portugaliyalik yulduzning gollarini ko‘rib, uning yoshi haqiqatan ham 35 da ekanligiga shubha uyg‘onishi mumkin. Axir har kim ham bu yoshda baland sakrab, raqib himoyachilarini tezlikda ortda qoldirib, uzoq masofalardan kuchli zarba yo‘llab, darvozani ishg‘ol qila olmaydi. Buning uchun tinmay mehnat qilish lozim. Krishtianu esa aslo bundan qochmaydi va shu sababli, shu yoshida ham mavsum ramziy jamoalaridagi o‘rnini hech kimga bermayapti.

Mavsumni 31 gol bilan yakunlagan qahramonimiz “Oltin butsa” uchun yaqin keldi. Biroq...

1024x576a

Markaziy hujumchi: Chiro Immobile

Biroq Chiro bu yil katta sensatsiya muallifiga aylandi. 36 ta aniq zarbasi bilan raqiblarini ranjita olgan italyan forvardi hisobida 9 ta golli pas ham bor. Bu natijalari orqali u “byankadzurrilar”ni 2008 yildan beri birinchi marta Evropa Chempionlar Ligasiga qaytardi, A Seriyada gol urish bo‘yicha Iguainning rekordini takrorladi (36 gol), 2007 yildan buyon “Oltin butsa”ni yutgan ilk italiyalik futbolchi bo‘ldi. Albatta, yuqori darajada o‘yin ko‘rsatgan Immobilening ramziy terma jamoamizdan o‘rin olmasligi mutlaqo adolatsizlik bo‘lar edi.

Lazio-striker-Ciro-Immobile-celebrates-scoring-in-5-1-win-vs-Sampdoria-e1579513842680

italia

Ushbu termamizda ham doimgidek bir qator iste’dodli hamda kuchli o‘yin ko‘rsatgan o‘yinchilarga joy topilmadi. Romelu Lukaku, Milinkovich-Savich, Deyan Kulusevski, Xakan Chalxanoglu, Duvan Sapata va yana boshqa ko‘plab futbolchilardan keyingi mavsumda ham yorqin o‘yin kutib qolamiz. Zero, chempionat qiziqarli o‘tishida ularning ham xizmatlari beqiyos.

 

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!