
"Men ham tarkibimizda Messini ko‘rishni xohlayman" - Lushchan OKMKga qarshi bahs, Ashurmatov hamda Rahmonalievning ehtimoliy transferi va boshqalar haqida
Superliganing 13-turida “Navbahor” Namanganda OKMKni qabul qilib yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin namanganliklar bosh murabbiyi Sergey Lushchanning matbuot anjumanida savollarga qanday javoblar aytganini klub matbuot xizmati bayon etdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini bellashuv borasidagi fikrlari bilan boshladi.
- Jamoamizning bugungi o‘yini va natijadan qoniqdim. Biz o‘zbek futbolining ayni paytdagi etakchi va kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushdik. Yigitlar o‘zlaridan kutilgan o‘yinni namoyish etib, ko‘rsatmalarni yaxshi bajarishdi. Qo‘shimcha qilishga hojat yo‘q. Ta’kidlaganimdek, bugungi natijadan qoniqish hosil qildim va buning uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman.
- Joriy mavsumda “Navbahor” tarkibiga qo‘shilgan futbolchilarning o‘yinlaridan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Ha, ular ishonchni oqlashyapti. Albatta, men ham jamoamiz tarkibida Messini ko‘rishni xohlayman. Menimcha, bu yil tarkibga futbolchi olishda adashmadik. Albatta, kimdadir jarohatlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Bir so‘z bilan aytganda, tarkibimizda ortiqcha futbolchilar yo‘q.
- Alisher Odilovning zaxiraga olinishini qanchalik to‘g‘ri deb hisoblaysiz? Bu muxlislarning e’tiroziga sabab bo‘lyapti...
- Meni ishqibozlarning fikrlari qiziqtirmaydi. Biz futbolchi almashtirishlarni shunchaki amalga oshirmaymiz, balki maydondagi holatdan kelib chiqqan holda, shunday qarorga kelamiz. Raqibimiz o‘yinda o‘zgarish yasashga harakat qilganidan so‘ng, qanotlarni mehmonlarga boy bera boshladik. Natijada Odilovni alishtirishga qaror qildik. Mabodo, uni bahsga tayyor emas, deb hisoblasak, maydonga tushmasligi ham mumkin. Meni familiyalar qiziqtirmaydi. Men barcha futbolchilar maydonga tushishlari hamda ko‘rsatmalarimizni to‘liq bajarishlarini xohlayman.
- Ortda qolgan o‘yinlardan kelib chiqib, shuningdek, bo‘lajak bahslarni hisobga olgan holda, “Navbahor” uchun qaysi jamoa eng noqulay raqib ekanligini ayta olasizmi?
- Bu yilgi milliy chempionatimiz o‘yinlari juda kuchli o‘tmoqda. O‘tgan mavsumda ham shunday bo‘landi. Besh yil oldingi mavsum bilan bu yilgisini solishtirish juda qiyin. Chempionlik uchun kurashadigan 5-6 ta jamoa bor. Albatta, joriy mavsumda chempionatimiz ancha kuchaydi. Ko‘plab iqtidorli yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etishmoqda. Hozir men bu jamoa bilan o‘tkazgan o‘yinimiz oson kechdi, bunisi bilan qiyin bo‘ldi, deya olmayman. Masalan, biz bugun 3:0 hisobida g‘alaba qozondik. Sizningcha, OKMK engil raqibmidi? Yo‘q, O‘zbekistonning eng kuchli klublaridan biri. Lekin biz 3 ta gol urdik. Ayrim o‘yinlarda esa kuchsizroq jamoalarga imkoniyatni boy berdik. Nimayam derdim, bu futbol. Barcha jamoalar himoyalanishni biladi. Barcha klublarning 3-4 nafardan etakchilari bor. Turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalar ham 2-davradan kuchayishi mumkin. To‘g‘ri, ayrim nyuanslar ham bo‘lishi ehtimoli bor. Lekin men ayni paytda qaysi jamoalar chempionlik, qaysilari Superligada “jon saqlab qolish” uchun kurash olib borishini ayta olmayman. Chunki barcha jamoalarning kuchi deyarli teng. Adashmasam, biz 1-turda o‘z maydonimizda “Dinamo”ni qabul qilib, 0:0 hisobidagi durangga imzo chekkandik. O‘shanda jamaomizga nisbatan noroziliklar bo‘lgandi. Ammo men samarqandliklar chempionlik uchun kurashishadi, degandim. O‘sha hisob o‘zimiz uchun ham kutilmagan bo‘lgandi. Boisi, biz “Dinamo”ni mag‘lubiyatga uchratolmagandik. Shuningdek, “Xorazm”ni ham misol keltirsa bo‘ladi. Ayni paytda har qanday jamoa g‘alaba qozonishga qodir.
– “Navbahor”tarkibiga yozgi transferlar “oynasi”da Rustamjon Ashurmatov va Umarali Rahmonalievlarning qo‘shilishlari borasida mish-mishlar bo‘lyapti. Transfer borasida klub rahbariyati bilan hamjihatlikda ish olib borasizlarmi?
- Bu haqda endi sizdan eshityapman. Biz tarkibimizdagi futbolchilarni saqlab qolmoqchimiz. Biz klubning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, transferlarni amalga oshiramiz. Bundan xabarim yo‘q. Klub rahbariyati menga Rustmajon Ashurmatovni xarid qilmoqchimiz, desa, albatta, u bizga kerakli futbolchi, deyman. Biroq ta’kidlagnimdek, barchasi klubning moliyaviy holatiga bog‘liq. Masalan, men ham tarkibga Ronaldu yoki Messi kerak, deyishim mumkin. Ammo barchasi moliyaviy imkoniyatlarga bog‘liq. O‘yinchilarning mahorati va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, tanlaymiz. Joriy mavsum arafasida har bir pozitsiyaga 60 foizdan ortiq futbolchilarni ko‘rib chiqdik hamda ulardan ma’qul kelganlari tarkibimizdan joy olishdi. Safimizda ayni paytda o‘ynayotgan futbolchilarning o‘yinlaridan qoniqish hosil qilyapman. Shuningdek, tarkibimizda ko‘plab iqtidorli yoshlar bor. Ayni paytda yoshlar jamoamiz U-21 chempionati turnir jadvalini boshqarib turibdi. Mazkur jamoa safidan ham asosiy tarkibga 5-6 nafar futbolchilarni jalb etamiz. Ikkinchi davrada tarkibda 30-40 foiz o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli bor. Hamma narsaning o‘z vaqti keladi. Barcha o‘yinchilar mahoratlariga yarasha o‘yin namoyish etishmoqda.
- Mish-mishlarga qaraganda, Otabek Jo‘raqqziev 2-davrani “Navbahor” safida boshlashi mumkin ekan. Bu borada nima deya olasiz?
- Bu haqda birinchi marta eshityapman. Bularning bari mish-mish. To‘g‘ri, mahoratli futbolchilarni tarkibga qo‘shish mumkin. Lekin oldimizga mahalliy iqtidorli yoshlarni etishtirish vazifasi qo‘yilgan. Safimizda mahoratli futbolchilar ko‘p. Masalan, Rustam Ashurmatov tarkibdan o‘rin olsa, Sherzod G‘ulomjonov nima qiladi? U ham o‘ynashi kerak, yaxshi futbolchi. Xudo ko‘rsatmasin, biror tajribali o‘yinchi jarohat olsa, uning o‘rniga yosh futbolchi maydonga tushadi. Bu raqobat. Bu borada hech qanday muammo yo‘q. Shuning uchun bularni mish-mishlar deya olaman. Jamoada qaysi futbolchilrning o‘ynashi borasida klub rahbariyati bilan kelishgan holda so‘nggi qarorni men qabul qilaman.
Fikrlar