
"So‘g‘diyona" darvozaboni zaxiraga olinganiga qanday reaktsiya bildirdi? Unga penaltilar seriyasida ishonch yo‘qmidi? Mitrovich norozimi?
O‘z tarixida ilk marta OFK Kubogida qatnashgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi afsuski yarim finalda Malayziyaning “Kuala Lumpur” jamoasini qabul qilib mag‘lubiyatga uchradi. Holbuki, Ulug‘bek Baqoev boshqarayotgan “So‘g‘diyona”da yana o‘z maydonida o‘ynayotgani uchun ustunlik bor edi.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, golga tortadigan bir qator qulay imkoniyatlarni ham yaratishdi. Futbolda doim ham hujum qilgan va imkoniyatlarni yaratgan jamoa yutavermaydi. 120 daqiqa mobaynida darvozalar ishg‘ol etilmagach, oxiri penaltilar seriyasiga navbat keldi.
Bosh murabbiy aynan penaltilar seriyasi uchun darvozabonni o‘zgartirishga qaror qildi. Asosiy posbon Milan Mitrovich o‘rnini Shirinboy Abdullaevga bo‘shatib berdi. Bundan maqsad aniq edi: zaxiradan maydonga tushgan darvozabon penaltilar seriyasida o‘zini ko‘rsatishi kerak edi. Biroq amalda bunday bo‘lib chiqmadi. U penaltilardan tepilgan barcha zarbalarni o‘tkazib yubordi.
Natijada Baqoevning ushbu amalga oshirgan o‘zgarishi o‘zini oqlamadi. Shu sababli deyarli hamma undan ko‘ra Mitrovichning o‘zi qolgani yaxshi edi, deya fikr bildirishyapti. Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev mazkur vaziyat yuzasidan Mitrovich bilan bog‘landi.
- Milan, qo‘shimcha taym tugayotganida, penaltilar seriyasi boshlanishi oldidan o‘rningizga Shirinboy Abdullaev tushirildi. Bundan chiqdi, murabbiy sizga penaltilar seriyasida ishonmadimi?
- Bu murabbiyning qarori edi. Uning chiqargan qarori sababini murabbiyni o‘zidan so‘raganingiz ma’qul.
- Agar o‘rningizga maydonga tushirilgan Abdullaev penaltilar seriyasida o‘zini ko‘rsatganida murabbiy to‘g‘ri qaror qabul qildi, deb o‘ylardik. Ammo Shirinboy jamoaga yordam bera olmadi. Sizningcha, bosh murabbiy darvozabonlarni almashtirib xato qildimi?
- Men bunday deb o‘ylamayman va murabbiyning qarorini hurmat qilaman.
- “So‘g‘diyona” “Kuala Lumpur”ga qarshi bir xil uslubda o‘ynadi. Taktik o‘zgarishlar ham ko‘rmadik. Bunday o‘yin sizga yoqadimi?
- Bu bizning o‘yin uslubimiz va jamoamiz shunga asosan o‘ynaydi. Bizda o‘zimizning imkoniyatlarimiz bo‘ldi, ammo...Oxir-oqibat penaltilar seriyasida omadimiz chopmadi.
- Raqib darvozaboni jamoasini gollardan qutqardi. Unga qanday baho berasiz?
- Ha, raqib posboni o‘yin chog‘ida ikki vaziyatda jamoasini goldan saqlab qoldi va ishonch bilan harakat qildi.
- Sizni o‘sha vaziyatda almashtirib yuborgani og‘ir botdimi? Bunday qarorni kutmaganmidingiz?
- Bilmadim. Lekin Abdullaev maksimum darajada harakat qildi. Penaltilar seriyasida esa kimgadir omad kulib boqsa, kimdandir omad yuz o‘giradi.
- Shirinboy Abdullaevni o‘rnida penaltini qaytarardim, deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, buni hech kim oldindan bilmaydi. Penaltilar seriyasida omad kulib boqqan jamoa yutib chiqadi.
- Umuman olganda, raqib sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Hayron qoladigan eri yo‘q. Ular jamoaviy o‘yin namoyish etishdi. Qarshi hujum hamda burchak to‘plari chog‘ida yaxshiroq harakat qilishdi.
Fikrlar