Shoxruz Norxonov: "Hech qaerga ketmayman"

  • 3 iyul, 2024, 23:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali hujumchi Shoxruz Norxonov joriy mavsumni “Neftchi” safida boshlaganidan xabaringiz bor. Biroq birinchi davrani futbolchi o‘zi istagan darajada sermahsul o‘tkaza olmadi. Chunki u oxirgi paytlarda jamoa safida ko‘rinmay qoldi. Shoxruz chempionat va Kubok bahslarini qo‘shib hisoblaganda mavsumning birinchi yarmida farg‘onaliklar tarkibida 9 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi. Balki jarohat bo‘lmaganida uning gollari yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Sports.uz jurnalisti esa Norxonovdan intervyu oldi.

Tecno

- Shoxruz, oxirgi paytlarda “Neftchi” tarkibida ko‘rinmay qoldingiz. Nima bo‘ldi?

- O‘yinlarda ishtirok etmayotganimning sababi, oyog‘imda biroz jarohatim bor edi. “Navbahor” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jarohatlangandim. Shuning uchun maydonda ko‘rinmayotgandim. O‘zim alohida ishlayotgandim. Asta-sekin qaytyapman, jarohatimdan forig‘ bo‘lyapman. 20 kun o‘tdi va oyog‘im ham ancha yaxshi. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada qaytaman, hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Jamoa safida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Ikkinchi davrada ham rejalaringiz “Neftchi” bilan bog‘liqmi?

- Ha, jamoa tarkibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Lekin men “Neftchi” jamoasida qolib, ikkinchi davrada klubni yana sovrinli o‘rinlar uchun kurashishida bor kuchimni ishga solib, g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shaman, degan niyatdaman. Hozircha hech qaerga ketmayman.

- Birinchi davradagi ishtirokiga qanday baho berasiz? 19 ochko bilan 8-o‘ringa tushib ketdi...

- Chempionatni yaxshi boshladik, ochkolarni yig‘ib kelayotgandik. Keyingi o‘yinlarda bizda jarohatlar ko‘payib ketdi. Omad ham etishmadi, deb o‘ylayman. Uyda ko‘p duranglar o‘ynab qo‘ydik. Shu sababli hozir o‘zimizga yarashmagan o‘rinda turibmiz. Lekin men bilamanki, Xudo xohlasa sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz va o‘ylagan niyatimizga erishamiz. Biz hali ochkolarimiz bilan u qadar pastga tushib ketganimiz yo‘q. Ikkinchi davrada o‘yinimizni yanada kuchaytirib, o‘zimiz ko‘zlagan maqsadga erisha olamiz. Birinchi davrada unchalik yomon ko‘rsatkichlar qayd etmadik. To‘g‘ri, uyda bir qator ochkolarni yo‘qotib qo‘ydik. Lekin bu bizni sovrinli o‘rinlardan chiqib ketganimizni bildirmaydi. Ikkinchi davraga yanada kuchli bo‘lib qaytamiz.

- Qanday xulosa chiqardingiz, birinchi davradan?

- Menimcha, chempionatimiz darajasi ancha kuchaydi. Hozir oddiy klublar yo‘q. Hamma teng kuchga ega. Chunki yuqoridagi jamoalarga qarshi pastki o‘rindagi klublar uydami, safardami bemalol ochko olyaptilar. “Neftchi” o‘tgan yili o‘z o‘yini bilan qanchalik kuchliligini ko‘rsatib qo‘ygan. Shu bois bu yil “Neftchi”ga har bir raqib kuchli tayyorlanib o‘ynayapti. Birinchi davra juda jiddiy boshlandi va shu tarzda davom etyapti. Chempionlik uchun kurash mavsum tugagunga qadar davom etadi, deb o‘ylayman. Shu sababli Superliga bu yil yanada qizg‘in o‘tyapti.

- Sir bo‘lmasa, sizga yangi takliflar bo‘lyaptimi? Masalan, xorijdan va o‘zimizdan...

- Ha, takliflar bor. O‘zimizdan ham, chetdan ham bo‘ldi. Lekin “Neftchi” bilan yil oxirigacha shartnomam bor va hozirda jamoam bilan birgaman.

- "Neftchi" bosh murabbiyi Levchenko haqida so‘ramoqchi edim. Yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Tabiiyki, jamoa yutolmayotgani fonida murabbiyga tanqidlar bor. Bunga fikringiz qanday?

- Murabbiyimizga keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri hamma shunaqa fikrlaydi. Yutsa jamoa yutgan bo‘ladi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Bu gapga men u qadar qo‘shilmayman. Chunki murabbiy maydonda futbol o‘ynamaydi. Faqat maydon chetidan ko‘rsatmalar beradi. Maydonda futbolchilar o‘ynaydilar. Maydonda o‘zimizning ham xatolarimiz bor, deb o‘ylayman. O‘yinlarimizni ko‘rib, xatolarimizni to‘g‘rilasak, o‘shanda boshqa xatolar qaytarilmaydi. O‘yinlarda yo‘qotayotgan ochkolarimizga kelsak, gol urganimizdan so‘ng uchrashuv oxirlarida gol o‘tkazib yuboryapmiz. Biz murabbiy aytgan futbolni va ko‘rsatmasini maydonda to‘liq bajarishga harakat qilyapmiz. Qaysidir joyda muvozanatni yo‘qotib qo‘yyapmiz. Shuning uchun ham ko‘p ochko yo‘qotib qo‘ydik. Buning ustida mashg‘ulotlarda jiddiy ishlaymiz, ortiq bunday xatolar qilmasligimiz kerak. Bosh murabbiyimiz Vitaliy Levchenko jamoamizni yaxshi tayyorlayapti. Yozgi tanaffus paytida o‘yinimizni yanada kuchaytirib, optimal tarkibga ega bo‘lib, ikkinchi davrada yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun bor kuchimizni sarflaymiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mahmud Ttww
04/07/2024 00:57
Итга ҳам керак эмассан, алдама