
Shomurodovning “Roma”dagi maoshi aniq bo‘ldi!
O‘zbek futbol muxlislarining e’tibori Italiyada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Eldor Shomurodovga qaratilgani inobatga olib, hamyutimiz va uning jamoasiga oid xabar, yangilik va va ma’lumotlarni berib borishga harakat qilamiz.
Eldor “Roma”da “Jenoa”dan ko‘proq maosh oladi!
Xorij ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Eldor Shomurodov shaxsiy shartnoma bo‘yicha ham Rim klubi vakillari bilan kelishuvga erishgan. Xususan, “Match TV” kanali o‘zbek hujumchisining poytaxt klubida oladigan maoshi miqdoriga doir xabarlarni tarqatdi.
Unga ko‘ra, “Roma” mutasaddilari Eldor Shomurodovga bir mavsum uchun 2 million evro miqdorida maosh to‘laydi. Bu uning “Jenoa”da olgan maoshidan ko‘pdir. O‘tgan yili Shomurodovning A Seriyadagi xizmatlari 1,3 million evroga baholangani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, “Jenoa” o‘tgan yili “Rostov”dan 7,5 million evroga transfer qilgan futbolchisini keyinchalik sotib olish huquqi bilan “Roma”ga ijaraga bermoqda. Rimliklar bir mavsum ijara uchun 2,5 million evro to‘laydi.
Keyinchalik sotib olsa, yana 15 million evro o‘tkazadi va navbatdagi transferdan ham ulush ajratadi. O‘zbek hujumchisi rimliklar uchun 20 million evroga tushishi aytilmoqda.
“Roma” Eldor transferiga boshqalarni qo‘shmoqchi bo‘ldi
Italiya matbuotining yozishicha, “bo‘rilar” rahbariyati Eldor Shomurodovning transfer summasini pasaytirish maqsadida boshqa o‘yinchilardan foydalanmoqchi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, rimliklar “Jenoa”ga gvineyalik yarim himoyachi Amadu Diavara va ispaniyalik hujumchi Karles Peresni qo‘shib berishni istagan ekan. Diavara yakunlangan mavsumda A Seriyada 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urishga erishgan.
“Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Karles Peres esa, o‘tgan chempionatda 22 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasiga bir juft to‘p kiritgan.
Bundan tashqari, Joze Mourino polshalik yarim himoyachi Nikola Zalevski, italiyalik eduardo Bovedan ham voz kechmoqchi bo‘lyapti.
Ballardini Eldor o‘rniga hujumchi talab qilyapti
“Jenoa” bosh murabbiyi Davide Ballardini “Roma”ga o‘tib ketayotgan Eldor Shomurodov o‘rniga yangi mavsumda to‘purarlik mahoratini namoyish eta oladigan yangi ikki hujumchi olishni talab qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, genuyalik mutasaddilari ukrainalik Vladislav Supryaga va kelib chiqishi Ganadan bo‘lgan Kaleb Ekubanni transfer qilmoqchi.
Supryaga ayni paytda Kievning “Dinamo” jamoasi hujumchisi hisoblanadi. 27 yoshli Ekuban esa mavsumni “Trabzonspor”da o‘tkazdi.
Eldorning ikki raqobatchisi bor edi!
“Roma” rahbariyati hujumchi pozitsiyasiga Eldor Shomurodovdan tashqari yana ikki futbolchining nomzodini ko‘rib chiqqani aytilmoqda.
Birinchilardan bo‘lib, Joze Mourino Rossiya chempionati to‘purarlaridan Sardor Azmunni o‘z shogirdlari orasida ko‘rmoqchi edi. Qizig‘i, eronlik futbolchini rus klublariga sobiq “paxtakorchi” Marat Kabaev kashf qilib bergan.
Bundan tashqari, “bo‘rilar” Aleksandr Syorlott nomzodini ham ko‘rib chiqqan. Biroq, tanlovda o‘zbek hujumchisida to‘xtatagan.
Fikrlar