
Shomurodov bosim uyushtirdi!
Italiya matbuoti A Seriyaning 25-tur uchrashuvlarida ishtirok etgan Rossiya chempionatidan kelgan futbolchilarning o‘yiniga alohida e’tibor qaratib, ularning xatti-harakatlarini baholadi. E’tiboringizga italiyalik jurnalistlarning Italiya klublari sharafini himoya qilayotgan Aleksey Miranchuk, Aleksandr Kokorin va Eldor Shomurodov haqidagi mulohazalarini havola qilamiz.
“Atalanta” – “Krotone” – 5:1.
“Atalanta” yarim himoyachisi Aleksey Miranchuk “Krotone”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning 63-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. A Seriyaning eng zaif jamoasi bilan bo‘lgan bahsda u ukrainalik Ruslan Malinovskiyni almashtirdi. Rossiyalik yarim himoyachi uchrashuvdagi so‘nggi golni urib, g‘alabani mustahkamladi.
L’Eco di Bergamo nashri Miranchukning o‘yinini yuqori baholab, quyidagicha izohladi:
“Aleksey Miranchuk Ruslan Malinovskiyni alishtirganidan keyin birinchi golli vaziyatni barbod qildi. U o‘ziga noqulay bo‘lgan o‘ng oyoqda zarba bergandi. Lekin keyinchalik chap oyoqdagi ajoyib zarbasi bilan hisobni 5:1 ko‘rinishiga keltirdi”.
“Fiorentina” – “Roma” – 1:2.
Italiya ommaviy axborot vositalari Miranchukning o‘yinini maqtayotgan bo‘lsa, Aleksandr Kokorin xorijda ham tanqidlardan qutilgani yo‘q. “Fiorentina” hujumchisi 52-daqiqada o‘yinni qutqarish uchun maydonga tashlangandi. Biroq, amalda “bo‘rilar”ga “em bo‘ldi”. Rus hujumchisi esa tanqidlarga nishon bo‘ldi.
Corriere della Sera nashri Kokoringa juda past – atigi 4,0 ball berdi.
Kokorin birorta xavfli vaziyat yarata olmadi va raqib darvozasiga zarba bera olgani yo‘q. La Gazzetta dello Sport mezbonlar hujumchisiga eng past ballardan birini berib, uning o‘yinini quyidagicha sharhladi:
“Kokorin maydonda parlanib ketdi”.
La Nazione jurnalistlari ham tanqiddan chetda qolmadi:
“Kokorin deyarli bir bo‘lim o‘ynagan bo‘lsa-da, uchrashuvni sayohat kemasi tempida o‘tkazdi”.
“Jenoa” – “Sampdoriya” – 1:1.
“Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov “Sampdoriya”ga qarshi o‘tkazilgan Genuya derbisida ilk daqiqalardan maydonga tushib, deyarli o‘yin oxirigacha to‘p tepdi. O‘zbek hujumchisini 82-daqiqaga kelib, zaxiraga olishdi.
Eldor Shomurodov La Gazzetta dello Sport nashridan eng yuqori ballardan biriga loyiq ko‘rildi. Mashhur nashr futbolchimizning o‘yinini 6,5 ballga baholab, qo‘yidagicha izoh qoldirdi:
“Raqib himoya chizig‘iga doim bosim uyushtirib turdi, raqiblarini ko‘p marotaba aldab o‘tish orqali jamoadoshlarining hujumdagi ustunligini ta’minladi”.
Fikrlar