
Shaxmat. Nodirbek Abdusattorov xalqaro turnir sovrindori bo‘ldi
Shaxmat bo‘yicha Chexiyaning Praga shahrida tashkil etilgan xalqaro turnir o‘z yakuniga etdi. Shveytsarcha tizimda o‘tkazilgan musobaqada dunyoning 8 ta davlatidan 10 nafar grossmeyster ishtirok etdi. Ular safida hamyurtimiz, rapid yo‘nalishi bo‘yicha eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham g‘oliblik uchun dona surdi.
8-turdan keyin Nodirbek 5,5 ochko jamg‘argan holda peshqadamlar safidan joy olib turgandi. Hal qiluvchi 9-turda u slovakiyalik Pexas Jergus bilan durang o‘ynadi. Bundan esa Germaniya vakili Vintsent Keymer hamda amerikalik Xans Niemann unumli foydalanib qolishdi. Ular o‘z raqiblari ustidan g‘alabaga erishdi va Abdusattorovni 0,5 ochkoga ortda qoldirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra Keymar 6,5 ochko bilan musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. AQSh vakili Xans Niemann ham shuncha ochko jamg‘ardi, ammo qo‘shimcha koeffisientlarga ko‘ra Germaniya vakili 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov esa kuchli uchlikka yakun yasab berdi.
Ta’kidlash joiz, Pragadagi xalqaro turnirning 1-tartib raqamli ishtirokchisi – AQSh sharafini himoya qilgan Xans Niemann bo‘lib, u 2 678 reyting ochkosiga ega. Germaniyalik Vintsent Keymar esa 2 675 ochko bilan ikkinchi tartib raqamida saralangan. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov esa 2 661 reyting ochkosi bilan xalqaro turnirda 3-tartib raqami bilan ro‘yxatga olingan.
Fikrlar