
Sharmanda bo‘lgan inglizlar bugun Daniya sinovidan o‘tadi (prevyu)
Bugun Millatlar Ligasi 2-turi yakunlanadi. So‘nggi kun dasturiga naqd 4 ta kuchli qarama-qarshilik kiritilgan. Ushbu blog orqali Daniya - Angliya bellashuviga e’tibor qaratamiz.
Ushbu uchrashuvga ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan kunning uchinchi raqamli bahsi sifatida qaralmoqda. Ammo ikkinchi tarkib bilan Bryusselga tashrif buyuradigan Islandiyaning imkoniyatlari belgiyaliklar bilan u qadar teng emas. Har holda, biz bugun optimal tarkibdaligini ko‘rib turganimiz - Daniyani mehmonda 2:0 hisobida enggan jamoa “tog‘liklar”ni qiyinchiliksiz enga olishi mumkin. Yana bir jihatdan bugungi “qizil iblislar”ning dominantligi o‘yinning qiziqarli kechishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni, biz bir darvozaga kechadigan o‘yin guvohi bo‘lishimiz ehtimoli yuqori.
Daniya esa Belgiyaga qarshi bellashuvda tezkor gol o‘tkazib yuborishi oqibatida oldinga tashlanishga majbur bo‘ldi va uchrashuv yakunida yana bir gol o‘tkazib yubordi.
Angliya esa 90 daqiqa etarli vaziyat yaratmasdan ustunlik qildi. Islandiya himoyada, to‘p inglizlarda - vaziyat yo‘q. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalar boshlangan bir paytda “uch sherlar” penalti tepish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ular gol urdi. To‘p maydon markazidan o‘yinga kiritilib, birinchi hujum amalga oshirilishi bilan islandlar penalti ishlab oldi. Ammo 11 metrlik jarima zarbasi noaniq amalga oshirildi. “Tumanli albion” vakillari oltinga teng ochkolarni qo‘lga kiritdi.
Daniya
Daniya tarkibiga e’tibor qaratsak, faqatgina bitta futbolchi mahalliy chempionatdan ekanini ko‘ramiz. U ham “Kopengagen” etakchisi - Falk. Evropa Ligasidagi ajoyib o‘yinlaridan so‘ng uni kuchli beshlik chempionatlari etakchilari o‘z saflarida ko‘rishni xohlab qolishgan. Demakki, tarkib jahon darajasida.
Ularda doim sifatli o‘yinchilar bo‘lgan. Skandinaviya gegemonlarini muntazam nufuzli musobaqalarda ko‘rib kelamiz.
Angliyaga qarshi shu paytgacha 19 bor saf tortgan va ularning atigi 3 tasida zafar quchgan. So‘nggi g‘alaba 2005 yilga to‘g‘ri kelyapti. O‘shanda Kopengagenda mezbonlar inglizlarni 4:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Taxminiy tarkib: Shmeyxel, Andersen, Kristensen, Ker, Vestegor, Dileyni, Vass, Eriksen, Breytueyt, Falk, Poulsen.
Angliya
Ushbu jamoa bilan so‘nggi kunlarda sodir bo‘layotgan voqealarga bosh murabbiy Garet Sautgeyt ham tushunmayotgan bo‘lsa kerak. Foden va Grinvudning qilmishlari nafaqat futbolchilarning, balki terma jamoaning obro‘yiga putur etkazdi. Har ikkala futbolchi terma jamoa yig‘inidan chetlatildi va jarimaga tortildi. Bugungi xabarlarga ko‘ra esa, Tripper va Ings mashg‘ulotlarda boshi bilan to‘qnashib ketgan. Ularning katta ehtimol bilan ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuborishi aytilmoqda.
Bu bir tarafdan neytral futbol ixlosmandlari uchun teng kurashlar ostidagi uchrashuv ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Taxminiy tarkib: Pikford, Arnold, Gomez, Dayer, Uord-Prouz, Rays, Maunt, Grilish, Sancho, Sterling, Keyn.
Murabbiylar
Kasper Xyulmann: “Maqsadimiz - pressingda faol o‘yin namoyish etish. Biz raqibga bosim o‘tkazishda to‘g‘ri vaqt tanlashimiz ham muhim. Angliya to‘p nazoratini qo‘lida ushlab turishni yaxshi ko‘ruvchi va ko‘proq gol urishni yoqtiruvchi jamoa. O‘zimizga yarasha imkoniyatlarga ega bo‘lishimizga ishonaman. Biz o‘zimizga kerakli natijani qo‘lga kiritishimiz kerak. Qiziq o‘yin bo‘ladi”.
Garet Sautgeyt: “Bizda etarlicha kreativ futbolchilar mavjud. Ammo hujum uchligida biroz o‘yin amaliyoti bo‘yicha muammolar kuzatilmoqda. Tarkibning aksariyati esa 2 haftalik ta’tildan so‘ng yana mashg‘ulotlarga qaytishga majbur bo‘ldi. Daniya juda tartibli va kuchli himoyaga ega. Hujumchilarimiz uchun ancha qiyin o‘yin bo‘lishi aniq”.
Xulosa o‘rnida
Sautgeyt kadrlar muammosiga uchramoqda. Bu Angliya tarkibini kuchsizlantiradi. Daniya uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazadi. Tarkib optimal holatda. 15 yillik g‘alabasiz seriyaga barham berish payti kelgandek. Ammo Sterling ayni paytda o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etib kelmoqda. Inglizlar bosh murabbiyi zaxiradan o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilarni maydonga tushira olmasligi mumkin. Demak, dastlabki 60 daqiqada asosiy masala hal bo‘ladi. Bu vaqtga qadar gol urib olmagan taqdirda, charchagan Angliyani daniyaliklar tor-mor keltirishi mumkin.
Xyulmann shogirdlariga 3 ochko zarurligi ham bahsga qo‘shimcha intriga taqdim etadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar