Sharjadagi shaxmat turniri g‘olibi Nodirbek Yoqubboev yurtimizga qaytib keldi

  • 10 aprel, 2022, 16:22
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

BAAning Sharja shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Ramadan open” xalqaro turnirida o‘zbekistonlik Nodirbek Yoqubboev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Tecno

O‘z tarixida 27-marotaba tashkil etilgan an’anaviy turnir rapid va blits yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Unda dunyoning 35 davlatidan 200 nafardan ortiq mahoratli shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surishganligi musobaqaning nufuzi ancha yuqori ekanligidan darak beradi.

Blits yo‘nalishidagi turnirda xalqaro grossmeyster Nodirbek Yoqubboev 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘arib, oltin medal va kubok bilan taqdirlandi. U 7 o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki nafar raqibi bilan durangga erishdi. Yoqubboev hattoki arab davlatlari orasida eng kuchli shaxmatchi, “Ramadan open” xalqaro turnirining birinchi raqamli ishtirokchisi bo‘lmish BAA vakili Salim Solihdan ham ustun keldi.

Bugun tunda hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Xusan Turdaliev boshchiligida yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida shaxmatchilarimizni Sportni rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.

Eslatib o‘tamiz, “Ramadan open” xalqaro turnirida yana bir xalqaro grossmeysterimiz Javohir Sindorov ham qatnashib, blits yo‘nalishida 3-o‘rinni egallagan edi.

Shuningdek, xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini Nilufar Yoqubboeva hamda Shaxnoza Sobirova ham himoya qilishdi.

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!