“Sevilya” - “Barselona”: Prevyu 

  • 10 fevral, 2021, 21:46
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun tunda, aniqrog‘i, Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00 da Ispaniya qirol kubogining yarim finali doirasidagi “Sevilya” - “Barselona” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. “Ramon Sanches Pisxuan” stadionida bo‘lib o‘tadigan bellashuvga har ikkala jamoa g‘alabali seriyalar bilan tashrif buyurmoqda. Andalusiyaliklar ketma-ket 7 ta o‘yinda g‘alabaga erishdi va ularning 6 tasida o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qola olgan. Kataloniyaliklar 6 ta o‘yindan beri faqat g‘alabaga erishmoqda. Ushbu juftlik g‘olibi “Levante” va “Atletik” Bilbao qarama-qarshiligi g‘olibi bilan finalda o‘ynaydi. 

Tecno

Ushbu ikki klub o‘rtasidagi so‘nggi bellashuv 4 oy oldin bo‘lib o‘tgandi. Lyuk de Yongning goliga Filippe Koutino javob berishga muvaffaq bo‘lgandi. Amalda, “Sevilya” ustunligida kechgan bahs, yakunda, durang bilan tugadi. E’tiborlisi, ushbu musobaqa doirasida 5 ta bahsdan buyon “Barselona” raqibiga engilmay kelyapti. Bundan 2 yil avval o‘tkazilgan so‘nggi bahsda esa, “blaugranas” 6:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgandi. 

Xo‘sh, bugungi uchrashuvda bu kabi tarixdan lavhalarning qanchalik ta’siri bo‘lishi mumkin?!

Etd7nB4WgAMo-Jp

“Sevilya”

Xulen Lopetegi shogirdlari Qirol kubogidagi ishtirokini kutilmaganda ancha qiyin boshladi. “Leganes”ga qarshi o‘yin taqdirini hal qilish uchun jamoaga 120 daqiqa kerak bo‘ldi. Bundan keyingi ikki bosqichda “Valensiya” va “Almeriya” klublari osonlik bilan taslim etildi. 

La Liga doirasidagi so‘nggi bellashuvni “Xetafe”ga qarshi o‘tkazgan andalusiyaliklar yirik hisobda zafar quchdi. Xose Bordalas shogirdlarining so‘nggi vaqtlarda birmuncha raqobatbardosh jamoaga aylanib borayotganini inobatga olsak, bu yaxshi natija. 

Lopetegi qo‘l ostida jamoa ayni paytda so‘nggi 10 ta uy o‘yinida 7 marotabagina gol o‘tkazib yuborgan. Bu klub tarixidagi ikkinchi natija hisoblanadi.
“Sevilya” tarafdorlarini xursand qiladigan xabarimiz bor. Jamoa etakchisi va “Barselona” sobiq futbolchisi Ivan Rakitichning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasi yakuniga etdi. U bugun bo‘lib o‘tadigan bellashuvda jamoasiga yordam berishga tayyor. So‘nggi o‘yinlarda bir o‘zi ham mudofaa markazida ajoyib harakat qilayotgan Jyul Kunde yoniga tajribali futbolchi Diego Karlos ham kelib qo‘shildi. 

Taxminiy tarkib: Bunu, Vidal, Karlos, Kunde, Rekik, Xordan, Fernando, Rakitich, Suso, En-Nesiri, Okampos. 

Et2NEBDWYAEbVty

“Barselona”

Kataloniyaliklar o‘yiniga baho berish uchun ular ishtirokidagi so‘nggi uchrashuvni ko‘rish kifoya qiladi. “Betis” bilan bo‘lib o‘tgan bellashuvda chiroyli g‘alaba qayd etilganiga qaramay, Ronald Kuman jamoasining 87-daqiqada g‘alabani hal qilishi quvonchli holat emas. Trinkauning individual mahorati “Barsa”ni bu gal 3 ochko bilan ta’minladi. 

“Atletiko” La Liga doirasida deyarli yo‘qotishlarsiz borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, niderlandiyalik murabbiy kubokni yutishga jiddiy e’tibor qaratadi. 

Yarim finalgacha bo‘lgan yo‘l, odatdagidek, oson kechdi. “Granada” va “Kornelya” to‘sig‘idan oson o‘tgan “ko‘k-anorranglilar” turnir doirasidagi ilk katta raqibiga duch kelmoqda. 

Jamoada bir qator yo‘qotishlar mavjud. Yosh va umidli markaziy himoyachi Ronald Arauxo fevral oyini jarohati sabab o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Xerar Pike, Filippe Koutino va Ansu Fati deyarli bir xil tashhis bilan davolanish protsessini olib bormoqda. 

Jamoa tarkibi borasida quvonchli xabar ham bor. Serxi Roberto to‘liq tartibda mashg‘ulotlarga kirishib ulgurgan. 

Taxminiy tarkib: Ter Shtegen, Roberto, Mingesa, Langle, Alba, Buskets, De Yong, Pedri, Dembele, Grizmann, Messi.

Et2cw9tXMAIAsC5

Murabbiylar

Xulen Lopetegi: “Qur’adan juda xursandmiz. “Barselona” - ajoyib klub va ularning eng cho‘qqiga chiqqan paytida to‘qnash kelayotganimiz o‘zgacha ishtiyoq bahsh etadi. Biz o‘zimizga nisbatan talabchanmiz, ammo o‘yindagi syurprizlarga ham tayyor turishga harakat qilamiz. Ha, bu o‘ta qiyin topshiriq, ammo aynan “Barselona” kabi klublarni engish orqaligina haqiqiy jamoa sifatida shakllanishimiz mumkin. 

Xesus Navas ushbu bellashuvda ishtirok eta olmaydi. Futbolchilarni to‘g‘ri tushunishimiz zarur. Ular 18 sentyabrdan buyon har 3 kunda maydonga tushishga majbur qilinmoqda. Ammo qolganlar ham shu sharoitga ko‘nikayotgan ekan, buni o‘zgartira olmaymiz. Qo‘l ostimizdagi resurslardan oqilona foydalanish va sabr-qanoat bilan ushbu qiyin vaziyatdan chiqib olishimiz mumkin bo‘ladi”.

15979538713710

Ronald Kuman: “Men ba’zi futbolchilarni qaydnomaga kiritmadim. Sababi, ular o‘yinga jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emas. Bizda 8-9 ta jarohatlangan futbolchilar bor va ular bilan tavakkal qilishni xohlamayman. Bizda doim zaxira variantlari mavjud. 

Biz Serjino Destning salomatligi borasida qo‘limizdan kelgan barcha narsani qildik. Ammo u “Sevilya”ga qarshi o‘yinda maydonga tushishga to‘liq tayyor emas. Shuning uchun, uning xizmatlaridan foydalana olmaymiz. Balki, shanba kungi o‘yinda yoki PSJga qarshi bellashuvda uni maydonda ko‘rarsiz. 

Jamoamda bu kabi qiyinchiliklarni osonlik bilan engib o‘tuvchi kuchli yigitlar yig‘ilgan. 

Bir futbolchiga bog‘lanib qolmaslik bugungi kun futbolida juda muhim. Bizning tarkibda gol urishga qodir bo‘lgan bir qator futbolchilar mavjud. Biz o‘z uslubimizga egamiz va hujum qilishni yaxshi bilamiz. 

Men mehmondagi o‘yinlarni birinchi bo‘lib o‘tkazishni yaxshi ko‘raman. Oldindagi 1 oy mobaynida “Sevilya”ga qarshi 3 ta o‘yin o‘tkazamiz va barchasida g‘alaba qozonish bizning asosiy rejamiz”. 

Etymi_UXcAQC83H

Xulosa o‘rnida

Har ikkala jamoani ham fevral oyi va undan keyingi davrda qiyin taqvim kutib turibdi. Ispaniya kubogi sovrini ko‘p jihatdan ushbu qarama-qarshilik g‘olibiga bog‘liq. Boisi, turnir favoritlari hisoblangan “Real” va “Atletiko” allaqachon uni tark etib ulgurgan. Narigi juftlikda o‘zaro bahs olib boruvchi klublar esa, finalda har qanaqasiga ikkinchi jamoa sifatida ko‘riladi. B

Bugungi “Sevilya” bir necha yil avvalgilaridan farq qiladi va “Barsa” haqida ham xuddi shunday fikrlarni bildirish mumkin. Har ikki jamoa o‘z tarixida yangi davrni boshlash arafasida turibdi. Shunday ekan, imkoniyatlar qisman teng. Faqat, Kuman qo‘l ostida har qanday o‘yinda jamoasiga ustunlik bera oluvchi qurol - Messi bor. Barchasi “Kamp Nou”da hal bo‘ladi. Ammo o‘sha o‘yin stsenariysi qanday ketishi bugungi to‘qnashuvga ko‘p jihatdan bog‘liq. 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!