Ser Aleksning o‘xshamagan hiylasi

  • 18 dekabr, 2020, 17:40
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bundan 24 yil avval «Manchester Yunayted» va «Sautgempton» o‘rtasidagi o‘sha mashhur uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. APLning odatiy uchrashuvlaridan biri nima uchun «qizil iblislar» tarixidan muqim o‘rin egallagan deysizmi? Unda maqolani oxirigacha o‘qing!

Tecno

Premer-liganing so‘nggi turlari arafasida Aleks Fergyuson shogirdlari «Sautgempton» mehmoni bo‘lgandi. Uchrashuvning birinchi bo‘limi oxirlab borayotgan bir paytda, hisob 3:0 mezbonlar foydasiga. Taym yakunlangach, Fergyuson kiyinish xonasida barcha futbolchilarga qarata «eching bu la’nati futbolkani», deb o‘shqirdi. «Qizil iblislar»ning oltin avlodi darhol murabbiyning aytganini qildi va zaxiradagi 3-komplekt – ko‘k rangli futbolkalarni kiyib ikkinchi bo‘limni boshladi.

O‘sha uchrashuv haqida Garri Nevill quyidagicha xotirlaydi: «Biz ser nima uchun liboslarimizni almashtirishimizni talab qilganini darrov angladik. Buni tushuntirib berish juda mushkul».

Darhaqiqat, o‘sha kulrang liboslar «Manchester Yunayted» tarixidagi eng omadsiz ekipirovka sifatida abadiy qoladigan bo‘ldi. Gap shundaki, Fergyusonni g‘azablantirgan futbolkalarda MYu 5 ta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa, 4 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lgan va atigi bir uchrashuvda yagona ochkoni qo‘lga kiritgan, xolos.

Ikkinchi bo‘lim boshlandi. “Fergi bobo” shogirdlari o‘yinning ikkinchi yarmida biroz o‘zini o‘nglab oldi. Vaziyatlar yaratishni boshladi. Hatto Giggz hisobni qisqartirdi ham, biroq o‘sha kuni ularga futbolkalarni almashtirish ham mag‘lubiyatdan qutilib qolishga imkon yaratmadi. O‘yindan so‘ng, Fergyuson barchaga nima uchun kulrang liboslarni birinchi bo‘limda axlat qutisiga uloqtirib yuborganini tushuntirib berdi: «Kulrang libosda futbolchilar bir-birlarini deyarli ko‘rmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, raqibni ajrata olmay qolishdi. Yigitlar boshlarini ko‘tarishganida jamoadoshlarini maydonda ko‘rmaganini ham aytishdi. Bu erda hech qanday sir yo‘q».

1996 yilda o‘zining «Manchester Yunayted»dagi so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgan Li Sharp o‘yindan 10 yil o‘tib, “The Guardian” nashri uchun bergan intervyusida vaziyatga oydinlik kiritib o‘tadi. «Ochig‘i, futbolchilardan birortasi futbolkalarning rangidan jabr ko‘rgani haqida aytgan so‘zlari eshitmaganman. O‘sha paytda yonimizda qo‘shimcha liboslar bor ekanligiga haligacha hayron qolaman. Yodimda bor, o‘yin oldidan murabbiylardan biri kulrang libos «Sautgempton»ning uy formasidan ajralib turishini aytgan va biz o‘yinni aynan shu rangdagi futbolkada boshlaganmiz. To‘g‘risi, «avliyolar»ning qizil va oq rangli liboslari bilan kulrang qanday qo‘shilib ketishi mumkinligi haqida haligacha bosh qotiraman».

sports12
Ushbu intervyu omma yuzini ko‘rgach, oradan ikki yil o‘tib, «Sautgempton» afsonasi Li Tisse ham o‘z avtobiografiyasida o‘yinga quyidagicha to‘xtalib o‘tadi: «Katta ehtimol bilan, bu «Manchester Yunayted» tarixidagi eng yomon bahona bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shunchaki, biz ularni birinchi bo‘limdayoq «dabdala» qilib tashlagan edik. Ular kiritgan gol ham o‘yinning so‘nggi daqiqalarida urilgan va o‘yinga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan edi».

Shotlandiyalik murabbiy futbolkalarni axlat qutisiga uloqtirgach, “Umbro” kompaniyasi ushbu libosning savdosidan keskin zarar ko‘rgani bor gap. Bechora ishlab chiqaruvchilar, vaziyatdan chiqib ketish maqsadida o‘sha davrda 40 evroga baholangan futbolkalarni 10 evrodan sotishga majbur bo‘ladi. “Umbro” shu yo‘sinda jamoaning muxlislari tomonidan bildirilgan e’tirozlarni biroz kamaytirgani e’tiborga molik.

Muallif fikri:

sports13

Katta ehtimol bilan ayyor Fergyuson shu yo‘sinda uchrashuvdan so‘ng, futbolchilarning katta bosim ostida qolib ketmasligini ta’minlagan bo‘lsa, ajab emas. Gap shundaki, o‘sha mavsum «qizil iblislar» chempionlik uchun kurash olib borayotgan va so‘nggi turlarga qadar bahs davom etishi aniq edi. Shotlandiyalik mutaxassis tomonidan amalga oshirilgan futbolkalar rokirovkasi esa, yakunda o‘z samarasini beradi. Shu o‘rinda Garri Nevillning intervyularidan biriga qisqacha to‘xtalib o‘tsam: «Agar yigitlardan biri o‘yinda qo‘pol xato qilsa, ser Aleks darrov barcha qiziquvchan jurnalistlarning e’tiborini o‘ziga qaratishga va jurnal muqovalarida paydo bo‘luvchi iqtiboslar aytishga tirishar edi. Keyinchalik tushunib etdim. U shu yo‘sinda bizni bosimdan asragan ekan».
«Sautgempton»dan uchralgan alamli mag‘lubiyatga qaramay, Fergyuson jamoasi chempionlik poygasida «Nyukasl»ni so‘nggi uchta turda g‘alaba qozongancha, quvib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Ha aytgancha, APL shotlandiyalik dahoni birinchi bo‘limda o‘zboshimchalik bilan libos almashtirgani uchun 10 ming evro miqdoridagi jarimaga tortadi. Murabbiy esa, o‘z avtobiografiyasida ushbu o‘ng ming evro haqida quyidagi so‘zlarni aytgan edi: «Bu 10 ming evro, hayotim davomida ishlatgan eng zo‘r pullarim sifatida xotiramda abadiy qoladi».

Maqola so‘ngida qiziq fakt. “Manchester Evening News” nashri tomonidan 2013 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma ko‘ra, «qizil iblislar» tarixidagi eng yomon ekipirovkasi qaysi rangdagi futbolkalar egalladi, deb o‘ylaysiz? Payqaganingizdek, 1996 yilda «ko‘rinmas» laqabini olgan “Umbro”ning kulrang futbolkalari!

Яхёхўжа Улуғўжаев

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!