Sanjar Qodirqulov: Nasib qilsa, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan holda uyga qaytamiz

  • 15 dekabr, 2019, 22:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston olimpiya terma jamoamizni Osiyo chempionatiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda saytimiz orqali xabar berildi. Vakillarimiz ertaga Dubayga jo‘nab ketishadi va Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionatigacha futbolchilarimiz o‘sha erda shug‘ullanishadi. Asosiy maqsad esa Tailanddagi qit’a birinchiligida muvaffaqiyatli qatnashib Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdan iborat. Tarkibda esa asosan iqtidorli futbolchilar jamlangan. Sanjar Qodirqulov ham ana shunday ajoyib futbolchilarimizdan biridir. U milliy terma jamoamizda ham o‘z o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qildi deyish mumkin. Bugungi kunga kelib esa Qodirqulov olimpiya terma jamoamizning etakchilaridan biriga aylandi. Vakillarimiz Dubayga jo‘nab ketish oldidan ushbu o‘yinchi bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- Osiyo chempionatiga ham oz fursat qolmoqda. Ayting-chi, tayyorgarlik qay darajada olib borilmoqda?

- 7 dekabrdan yig‘ilib navbatdagi tayyorgarlikka kirishgandik. O‘zbekiston chempionati tugaganidan keyin esa bir hafta hordiq chiqargandik. Birinchi navbatda mashg‘ulotlarimizda jismoniy holatimizga ko‘proq e’tibor berildi. Dubaydagi yig‘inimizda esa asosan to‘p bilan va taktik sxemalar ustida ishlaymiz.

- Shuningdek, hozirgi kunda jamoamiz a’zolarining ishtiyoqi qanday?

- Futbolchilarimizda ishtiyoq juda baland. Saralash bahslaridan o‘tib olganimizdan keyin hamma yigitlar Olimpiada musobaqasiga chiqishni orzu qilishyapti. Xudo xohlasa, ushbu orzuimizga erishamiz deb umid qilaman.

- Terma jamoamizni Osiyo chempionatiga kuzatish marosimi ham o‘zgacha ruhda o‘tkazildi. Bu sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Bugungi marosim haqida gapiradigan bo‘lsam, hammasi juda chiroyli o‘tdi. Tadbirga ota-onalarimiz ham taklif qilindi. Ular xursand bo‘lishdi va safar oldidan ko‘zlariga yosh keldi. Biz esa ota-onalarimizning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rib, bundan-da ko‘proq mehnat qilib, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani munosib tarzda bajarishga bo‘lgan ishtiyoq va intilishimiz yanada kuchaydi.

- Umuman olganda, bo‘lajak katta musobaqa oldidan sizlarda hayajon kuchlimi?

- Hayajon haqida gapiradigan bo‘lsam, hozircha bizda bu narsa sezilmayapti. Lekin, albatta rasmiy uchrashuvlarga yaqin istalgan futbolchida hayajon kuzatilishi tabiiy. O‘yinda kim hayajonlarini engib o‘ta olsa, o‘sha jamoa yutadi deb o‘ylayman. Ammo musobaqagacha yana uchta haftacha vaqtimiz bor. Ungacha esa hayajonlarimizni yo‘qotib birinchi o‘yinga jangovor ruhda chiqamiz.

- Bungacha siz Vadim Abramov qo‘li ostida milliy terma jamoamiz tarkibida rasmiy bahslarda ishtirok etdingiz. Shunday ekan, olimpiya terma jamoamiz safidagi milliy termada o‘ynayotgan o‘yinchi ham hisoblanasiz. Shu ma’noda aytganda, siz hozirgi jamoamizning etakchilaridan birisiz. Bu esa sizga qo‘shimcha bosim va mas’uliyat yuklaydimi?

- Milliy terma jamoamizda o‘ynashdan oldin olimpiya jamoamizda muntazam ravishda asosiy tarkibda maydonga tushmasdim. Bungacha qaysidir o‘yinda asosiy tarkibda, yana qaysidir uchrashuvda esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilardim. Men doimo murabbiylarimizning ishonchlarini oqlashga harakat qilaman. Etakchilik haqida gapiradigan bo‘lsam, to‘g‘risi, bizda asosiy etakchi – bu jamoamizning o‘zi. Tarkibdagi o‘yinchilar bir-biri bilan juda inoq, hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Har bir futbolchi maydonda etakchilik qila oladi. Shu bois bizda jamoamizning o‘zi chinakam etakchi sanaladi.

- Maqsadimiz aniq: Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozonish va Olimpiada musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat. Bundan ikki yil oldin futbolchilarimiz Osiyo chempioni bo‘lib qaytishganidan so‘ng endi muxlislarimiz sizlardan ham ana shu chempionlikni takrorlashinglarni istashyapti…

- To‘g‘ri, biz bu musobaqaga amaldagi chempion sifatida boramiz. Jamoamizdagi qaysidir o‘yinchilar chempionlik kamarini himoya qilish uchun ketishyapti, biz esa birinchi marta Osiyo chempioni bo‘lish umidida ketyapmiz. To‘g‘ri xalqimiz, yaqinlarimiz oldida katta mas’uliyat bor. Har bir uchrashuvda jonimizni berib o‘ynaymiz.

- Qolaversa, guruhimiz ham jiddiy. Xitoy, Eron va Janubiy Koreya bilan bellashamiz…

- Raqiblarimiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, to‘g‘ri, ularning nomlari kuchli. Eron, Xitoy, Janubiy Koreya – bular chindan ham qit’amizning etakchilari sanaladi. To‘g‘risi, ularning hali birorta o‘yinlarini ko‘rmaganman. Albatta, Osiyo chempionati musobaqasi boshlanishiga yaqin har bir raqibimizning o‘yinlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqamiz. Nima ham derdik, shunday kuchli guruhda ham kurashib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz.

- Olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich uchun ham bu musobaqa alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki serbiyalik mutaxassis terma jamoamiz bilan dastlabki rasmiy bahslarda qatnashadi. Drulovich terma jamoamizga qanday yangiliklarni olib kiryapti?

- Drulovich jamoamiz o‘yiniga evropacha futbolni singdirishga harakat qilyapti. Osiyo chempionatida 100 foiz murabbiyimiz nima xohlayotganini va uning ko‘rsatmalarini maydonda bajarishga harakat qilamiz. Murabbiylarimizning bunday musobaqalarda qatnashish borasida katta tajribalari bor. Lyubinko Drulovich o‘z vaqtida Serbiya yoshlar terma jamoasi bilan Evropa chempionligini qo‘lga kiritgan. O‘ylaymanki, uning bu borada tajribasi katta.

- Osiyo chempionatida muxlislarimiz uchun nimani va’da bera olasiz?

- Shuni va’da bera olamanki, kim bo‘lishidan qat’iy nazar har bir o‘yinda maydonga tushib, qo‘rqmasdan bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz, borimizni berib o‘ynaymiz. Xudo xohlasa, yaxshi kayfiyatda, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan holda uyda qaytamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!