
San’at Shixov: Kubok finalida g‘olib chiqish imkoniyatimiz bor
Joriy mavsumda o‘zidan turlicha taassurot qoldirayotgan klublarimiz ham uchrab turibdi. Bizningcha, bu borada gap ketganda Olmaliqning AGMK klubini alohida e’tirof etsak arziydi. Boisi ularning ichki chempionatdagi natijalari ko‘ngildagidek chiqmayotgan bo‘lsa, aksincha O‘zbekiston Kubogida finalga chiqishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Liga Kubogining yarim finaliga etib kelishdi va ishtirokini davom ettirishmoqda. Shu ma’noda aytganda, Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan jamoa a’zolari o‘zlaridan ikki xil taassurot qoldirishmoqda.
Qiziq tomoni shundaki, AGMK klubi uchun xuddi o‘tgan yilgi mavsumning stsenariysi takrorlanayotgandek. O‘shanda chempionatdagi o‘z o‘rnini zo‘rg‘a saqlab qolishgandi (pley-off o‘yini orqali). O‘zbekiston Kubogi finalida esa hamma «Paxtakor»ning g‘alabasini kutayotgan bir paytda AGMK sensatsiya qayd etgan holda o‘zidan kuchli hisoblangan raqibini 3:1 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini boshi uzra ko‘targandi. Bu yil ham AGMK bilan «Paxtakor» yana Kubok finalida to‘qnash kelishadi. Bunisi endi taqdirmi yoki tasodif?! Nima bo‘lganda ham ikkalasi o‘z mehnatlari evaziga finalgacha etib kelishdi. Xo‘sh, bu safar nima bo‘larkin? AGMK ikkinchi bor «Paxtakor»ni engib Kubokni qo‘lga kirita oladimi yoki bu «Sherlar»ga o‘tgan yilgi mag‘lubiyat alamini olish uchun ajoyib revanshmi? Aytish kerakki, AGMK safida ham ajoyib o‘yinchilar etarlicha. Yarim himoyachi San’at Shixov ham jamoasining finalga qadar etib kelishida katta hissasini qo‘shdi. Aynan ushbu futbolchi bo‘lajak bahs oldidan o‘zining fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Chempionatdagi o‘yinlarimiz o‘zimiz istagan darajada qovushmayotganidan so‘ng bor e’tiborimizni O‘zbekiston Kubogi bilan Liga Kubogiga qaratishga majbur bo‘ldik. Lekin ichki chempionatimizda oxirgi uchrashuvlardan keyin biroz bo‘lsa-da, ahvolimiz o‘nglandi deyishim mumkin. Kubok musobaqalaridan tashqari baribir ichki chempionatda ham munosib ishtirok etishga harakat qilyapmiz. Ayniqsa, turnir jadvalidagi o‘rnimizni imkon qadar yaxshilab olish ilinjidamiz. Endi O‘zbekiston Kubogi finaliga keladigan bo‘lsak, g‘olib bitta o‘yin orqali aniqlanadi. Bilasiz, bunday finallarda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bunday paytda esa butun e’tiboringizni faqat o‘sha bitta o‘yinga qaratasiz va hal qiluvchi bahsgacha har tomonlama tiklanib olish imkoniyati mavjud. Shuning uchun ham biz ushbu bellashuvga optimal darajada yondashyapmiz. Albatta, finalda yutish imkoniyatlarimiz bor. Axir bizda shunday imkoniyat bo‘lgan paytda nega endi bundan foydalanmasligimiz kerak?
Tan olish kerak, «Paxtakor» o‘tgan yilgidan-da ko‘ra ancha kuchaygan. Buni uning ko‘rsatayotgan o‘yinlari va natijalaridan bilib olish qiyin emas. Ular raqiblar darvozasiga istagancha gol urmoqda. Shuning uchun ham «Paxtakor» muddatidan ancha avval chempion bo‘ldi. Qolaversa, Arveladze jamoasi o‘zi qatnashayotgan uchta musobaqada ham g‘olib chiqishni maqsad qilishgan. Hozircha esa Supeligada chempion bo‘lishdi va endi navbat Kubok va Liga Kubogiga keldi deyish mumkin. Xo‘sh, AGMK qanday qilib «Paxtakor»ni mag‘lub etish yo‘lini topa olarkin? Shixov esa ushbu masala bo‘yicha shunday dedi:
- Murabbiylarimiz albatta «Paxtakor»ni yana bir bor chuqur va jiddiy o‘rganib chiqadilar. Shunga asosan bizga raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini aytib o‘rgatadilar. O‘z navbatida esa biz futbolchilar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, finalda munosib o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. To‘g‘risi, ushbu o‘yinni barchamiz intiqlik bilan kutyapmiz. Xudo xohlasa, o‘tgan yilgi natijani qaytarishga astoydil harakat qilamiz va buning uchun bor kuchimizni sarflaymiz.
Ko‘rinib turibdiki, AGMK klubida ham ishtiyoq o‘zgacha. Ayniqsa, Kubok finaliga ketma-ket ikkinchi bor chiqishi hamda ularda yana bir bor g‘olib chiqish imkoniyati mavjudligi sababli «Paxtakor»ga qarshi o‘yin alohida ahamiyat kasb etadi. Buning ustiga AGMK klubida barcha sharoit va imkoniyatlar yaxshi darajada yo‘lga qo‘yilganligini ham aytib o‘tish o‘rinli. Lekin shunga yarasha chempionatda ishlari yurishmayotgani biroz ajablanarli. Biroq Kubok finaliga chiqqani va Liga Kubogi yarim finaliga etib kelgani esa baribir jamoaning potentsialidan darak berib turibdi…
- To‘g‘ri, AGMK klubiga rahbariyat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan, - deya mavzuni davom ettirdi, Shixov. - Faqat jamoa mavsum boshida yangi tuzilgani uchun shakllanish jarayoni hamda yigitlarning bir-birini to‘liq tushunib olishi uchun ancha-muncha vaqt o‘tib ketib qoldi. Jamoadagi futbolchilar esa mavjud vaziyatni tushunib turishibdi va bundan to‘g‘ri xulosa chiqaryapmiz. Lekin hali hamma narsa qo‘limizdan chiqib ketgani yo‘q. Tan olamiz, boshida murabbiylarning ko‘rsatma va taktikalariga to‘liq tushuna olmagan paytlarimiz ham bo‘ldi. Lekin endi bunday emas, vaqt o‘tgan sari o‘yinchilar ham bir-biriga ko‘nikib qolishgan. Boya aytganimdek, hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. Oldimizda ikkita musobaqada yutish imkoniyati turibdi. O‘zbekiston Kubogidan tashqari Liga Kubogida ham ishtirokimizni davom ettiryapmiz. Biz iloji boricha ushbu frontlarda muvaffaqiyat qozonishga jiddiy bel bog‘laganmiz. Natija salbiy ko‘rinish olib, o‘yin chiqmayotgan paytda murabbiyni aybdor qilish – bu eng oson ish. Bu haqida oldin ham ko‘p aytganman, baribir maydonda murabbiy emas, futbolchilar o‘ynashadi. Axir murabbiy o‘yinchilarning o‘rniga chiqib, o‘ynab bermaydi-ku. Hammasiga o‘zimiz sababchimiz. Boya aytganimdek, balki qaerdadir murabbiyning ko‘rsatmalarini yaxshi tushuna olmagandirmiz. Qolaversa, bir qator futbolchilar bir-biri bilan ilk bor o‘ynashayotgani uchun ham kirishib ketishlariga vaqt kerak edi. Shuning uchun barcha ayb faqat futbolchilarda deb o‘ylayman. Murabbiy maydon chetida ko‘rsatmalar berib, qanday o‘ynashimizni uqtirishadi. Ammo maydonda murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajara olmaslik esa biz futbolchilarning aybi deb hisoblayman.
Fikrlar