
Saloh “Liverpul” muxlislariga katta va’da berdi
"Liverpul" hujumchisi Muhammad Saloh mersisaydliklar bilan shartnoma uzaytirilgani haqida fikr bildirdi.
1-iyul, juma kuni klub 30 yoshli misrlik futbolchi bilan uzoq muddatli bitim imzolaganini ma’lum qildi.
“Hammaga xayrli kun. Men o‘zimni ajoyib his qilyapman. Klub bilan sovrinlar yutishda davom etmoqchimiz. Shartnomani uzaytirish biroz vaqt talab qildi, ammo biz yakunda kelishib oldik. So‘nggi 5-6 yil ichida "Liverpul"ning o‘yini sezilarli darajada o‘sdi. O‘tgan mavsumda biz to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritishga yaqin keldik, ammo afsuski, ulardan ikkitasini yutdik.
"Liverpul" bir nechta transferlarni amalga oshirdi. Biz qattiq ishlashda davom etamiz. Muxlislarga aytadigan gapim shundaki, futbolchilar kelasi mavsumda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun qo‘llaridan kelganini qilishadi”, - deya Salohning so‘zlarini keltiradi “Liverpul” rasmiy sayti.
O‘tgan mavsum misrlik futbolchi “qizillar” safida barcha musobaqalar doirasidagi 51 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 31 ta gol va 15 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar