
Rus nashri: «Rostov» Rossiyaning eng aqlli klubi
Yaqindagina «Spartak» jamoasining sobiq prezidenti - Andrey Chervichenko «Rostov» jamoasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Futbol mutaxassisi ushbu jamoani fenomenal, deb atadi. Shuningdek, klub Evropa standartlari darajasida faoliyat olib borayotganini qo‘shib qo‘ydi. Darhaqiqat, klub bir necha yillardan beri o‘z-o‘zini boshqarib kelmoqda. Klub o‘z tarkibini kuchaytirish maqsadida ajoyib transfer siyoasatini amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda MDH davlatlari klublari orasida hech kim «Rostov» singari futbolchi sotuvidan ulkan pul ishlamayapti.
«Rostov» qanday sotib oladi?
So‘nggi 5 yil davomida «Rostov» birorta katta transferni amalga oshirgani yo‘q. Aslida, klub tarixidagi eng katta xarid o‘tgan yili amalga oshirildi. 3,75 million evro evaziga yosh shved Pontus Almkvist tarkibga qo‘shib olindi. Qolgan futbolchilar bundan ancha kamroq summaga qo‘lga kiritilgan. Ayrimlari esa, erkin agent sifatida shartnoma imzolagan. Shunga qaramay, klub har mavsum oldiga yuqori maqsadlar qo‘yadi va chempionlik uchun kurash olib boradi. 2015/16 yilgi mavsumda esa, Qurbon Berdiev qo‘l ostida «Rostov» sal bo‘lmasa, Rossiya chempionligini nishonlashi mumkin edi.
Yakunda TsSKAdan atigi 2 ochko ortda qolgan jamoa ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirgani rost. Berdiev ishlagan davrlarda klub futbolchilarning transfer bozoridagi umumiy qiymati 29 million evroga baholangan. «Armiyachilar» esa, 170 million evrolik tarkibga ega edi. Ayrimlar bu natijada murabbiy faktori asosiy omilni tashkil etgan, deyishi mumkin, lekin Berdiev ketdi - «Rostov» o‘sha-o‘sha!
Xo‘sh, buning asosiy siri nimada?
Birinchi navbatda, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan selektsiya ishlarini ko‘rsatish lozim. Klub skautlari Osiyo va Skandinaviyani to‘liq qamrab olgan. RPLning boshqa jamoalari Janubiy Amerika va Evropadan qimmatbaho futbolchilarni Rossiyaga olib kelayotgan paytda, «Rostov» jismonan baquvvat, arzonroq narxdagi yigitlar bilan tarkibni kuchaytirmoqda. Jamoaning so‘nggi yillardagi asosiy ijrochilariga aylangan futbolchilarga e’tibor qarating: 1,7 million evroga sotib olingan Matias Normann, 300 ming evroga xarid qilingan Eldor Shomurodov, 115 ming evro evaziga Rostov shahriga ko‘chib o‘tgan Baxtiyor Zaynutdinov, erkin agent maqomidagi Ragnar Sigurdsson va Sverrir Ingason, 800 ming evrolik yaponiyalik pleymeyker Kento Xasimoto.
Bu ro‘yxatga 2,3 million evaziga «Rostov»ga ko‘chib o‘tgan Eron terma jamaosi etakchisi Sardor Azmunni ham qo‘shib qo‘yish mumkin. E’tiborlisi shundaki, bu yigitlarning bari deyarli bir necha barobar kattaroq summa evaziga boshqa klublarga sotib yuborilgan.
Bundan tashqari, klub erkin agentlar bilan shartnoma imzolash borasida ham boshqalardan bir qadam oldinda. Islandiyalik futbolchilardan tashqari, klub Aleksandr Eroxin, Nikita Medvedev, Sezar Navas, Sergey Pesyakov, Ivelin Popov, Roman Eremenko va Pavel Mamaevni ham bir rubl ham ishlatmay qo‘lga kiritgan.
E’tiborlisi shundaki, «Rostov» jamoasi deyarli har mavsum etakchilarni sotib yuborsa-da, jamoaning umumiy qiymati sira tushib ketmadi. Hatto, ba’zan o‘sish ham kuzatiladi:
2015/2016 — 28,8 mln evro
2016/2017 — 64,4 mln evro
2017/2018 — 33 mln evro
2018/2019 — 40,9 mln evro
2019/2020 — 37,8 mln evro
2020/2021 — 46,3 mln evro
2017 yilda jamoa deyarli butun boshli asosiy tarkibsiz qolib ketdi. Mixa Mevliya, Denis Tarantev, Kristian Noboa, Aleksandr Eroxin, Dimitriy Poloz «Zenit»ga o‘tib ketgan bo‘lsa, Soslan Janaev, Fedor Kudryashov, Sardor Azmun va Sezar Navas «Rubin» bilan shartnoma imzoladi. Shunga qaramay, jamoa o‘z imijini to‘liq saqlab qolmoqda.
Jamoa murabbiyi etib Valeriy Karpin tayinlangach, klub futbolchilarida keskin o‘sish kuzatilgani rost. 2020 yilda jamoa tarkibidagi 26 ta futbolchining 70 foizi transfer summasini bir necha barobar ko‘tarib oldi. Faqat yoshi katta futbolchilardagina o‘sish kuzatilmadi. Karpin amalga oshirgan kichik mo‘’jiza sifatida Eldor Shomurodov va Matias Normanni ko‘rsatishimiz mumkin. Normann aynan Rossiya chempionatidagi o‘yinlari sababli ilk bor terma jamoadan chaqiruv oldi. Ortda qolgan ikki yil davomida uning transfer summasi naqd 32 karra o‘sdi. 400 ming evroga baholangan yarim himoyachi uchun hozir kamida 13 million to‘lash lozim!
Eldor Karpin qo‘l ostiga kelganiga qadar hech kimga tanish bo‘lmagan yosh yigit edi. Qisqa fursat ichida murabbiy uni sayyoramizning eng iqtidorli va kelajagi porloq hujumchilari qatoriga qo‘shilishiga ko‘mak berdi. Uning transfer summasi 600 mingdan 6,5 million evroga qadar ko‘tarildi.
«Spartak» jamoasi sobiq prezidenti - Andrey Chervichenko aytganidek, klub to‘liq o‘z-o‘zini boshqarib kelmoqda. «Rostov» davlat byudjeti evaziga kun ko‘rmaydi. «Rostov» rahbari - Artashes Arutyunyantsning ma’lum qilishicha, shahar byudjeti tomonidan ajratiladagan pullar klubning bir yillik xarajatining atigi 5 foizini qoplashi mumkin, xolos.
Boz ustiga, «Rostov» RPLning boshqa grandlari singari (“Gazprom”, “Lukoil”, RJD) baquvvat titul homiylarga ega emas. Klub har yili o‘rtacha 2,3 milliard rubl xarajat qiladi. Bu Rossiya klublari orasidagi 8-o‘rindagi natija. RPLda peshqadamlik qilayotgan «Zenit» yiliga «Rostov»dan deyarli 10 barobar ko‘proq pul sarf etadi.
2015 yildan olib qaraydigan bo‘lsak, «Rostov» transferlardan 50 million evro ishlab topdi. Jamoaga o‘tgan yangi nomlar uchun sarflangan pullar esa bunda ikki barobar kamroq. «Zenit» so‘nggi 5 yil ichida 60 million evro zarar ko‘rdi. «Spartak» esa, 53 million evrodan ortiqroq. «Dinamo», «Krasnodar» va «Lokomotiv» klublari ham katta talafot ko‘rganlar ro‘yxatida mavjud.
Tan olish lozim, ayni damda «Rostov» strategik jihatda olib qaraganda Rossiyaning eng yaxshi klubi. Ayniqsa, transfer bozorida u singari professional ish olib boradigan jamoa hozircha Rossiyada yo‘q. Bugungi kunda o‘z hisobidan hayot kechuruvchi klub sifatida shakllanayotgani esa, tahsinga sazovor.
Ya.U
Fikrlar