
Husanov Shomurodovni “taxt”dan ag‘dardi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan keyin futbolchilarimizga e’tibor yanada kuchaydi.
“Nobel” YouTube-kanali milliy terma jamoamiz a’zolari haqida qiziqarli ma’lumotlarni berishda davom etmoqda. Bu gal Eldor Shomurodov Italiyada o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan munosabat va ayniqsa, “Manchester Siti” vakili Abduqodir Husanov haqida qanday “gap-so‘zlar” bo‘layotganini gapirib berdi.
- Italiyada oxirgi ikki yil davomida O‘zbekiston haqidagi savollarni qanchalik ko‘p berishyapti? Tasavvur qil, oldinga Paulo Dibala kelib, “Eldor “Siti”ga o‘tgan futbolchi qanaqa yigit?” yoki “Terma jamoang jahon chempionatiga chiqdimi?”, deb so‘rasa...
- Yo‘q. Ular har doim Evropada o‘ynaganlar haqida so‘rashadi. Masalan, Husanov haqida doim gap bo‘ladi. Ungacha, ular “Evropada bir o‘zing o‘ynaysanmi?” der edi. Men “ha”, deb javob bersam, “unda sen qiroldek ekansan-da”, deyishardi.
Endi ular “O‘zbekistonda yangi qirol paydo bo‘ldimi? Husanov katta klubda o‘ynayapti, uning obro‘si senikidan oshib ketdi”, deb hazillashishyapti.
- Sen nima deyapsan?
- Men ha shunday, uning darajasi menikidan balandroq, deyapman.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov “Mash’al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda “Bunyodkor” safida ham o‘ynagan.
Mohir hujumchi 2017 yili Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov” jamoasiga ko‘chib o‘tgan. Bu klubda uch yil o‘ynaganidan keyin A Seriyaga yo‘l oldi.
2020 yilning oktyabrida Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa” o‘zbek futbolchisini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bir mavsumdan keyin Shomurodov mamlakatning eng nufuzli klublaridan hisoblangan “Roma”ga ko‘chib o‘tdi.
Rim klubi o‘yinchisi bo‘lishiga qaramay, orada ijara asosida “Spetsiya” va “Kalyari”da ham o‘ynab keldi.
29 yoshli hujumchimiz A Seriyada jam 129 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 19 ta gol hamda 13 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Eldor Shomurodov “Roma”dagi faoliyati davomida 2021 yili ilk bor o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnir – UEFA Konferentsiyalar ligasida g‘olib chiqdi.
2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblangan Eldor Shomurodov xalqaro miqyosda eng ko‘p – 42 ta gol urgan o‘zbek futbolchisidir. Bu ko‘rsatkich erishish uchun forvardimiz terma jamoada 82 ta o‘yin o‘tkazgan.
Fikrlar