
Ro‘ziqul Berdiev: Nohaq g‘alaba qozonmadik!
O‘zbekiston kubogi yarim final bosqichidan o‘rin olgan AGMK - "Nasaf" uchrashuvida mehmonlar 2:0 hisobida zafar quchdi. O‘yindan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Finalga chiqqanimizdan juda ham xursandman. Bugungi o‘yinda futbolchilarim haqiqiy jasorat namoyish etganini ta’kidlamoqchiman. Buning uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildirdim. O‘ylashimcha, o‘yinni ham raqibga nisbatan yaxshiroq harakat qildik. Shuning uchun ham g‘alabani qo‘lga kiritdik, deb o‘ylayman. Albatta, kuchli raqib maydonida o‘ynadik.
Qatorasiga ikkinchi bor shu maydonda o‘ynayapmiz. O‘tgan yili mag‘lubiyatga uchragan edik. Menimcha, bugun haqli g‘alabaga erishdik. Voqealarga boy o‘yin guvohiga aylandik: foydalanilmagan penalti, qizil kartochka. Umumiy qilib aytganda, yigitlarim qahramonlik ko‘rsatdi. 70-80 daqiqa 10 kishi bo‘lib AGMK maydonida g‘alaba qozonish - qahramonlik!
Maydonda 1 ta hakam ishlamadi. Uning qarorlari yordamchilari bilan kelishilgan holda chiqarildi, deb o‘ylayman. Menimcha, har bir vaziyatda chuqur o‘ylangan holda, qaror qabul qilindi. Shuning uchun, hech qandan e’tiroz bildirish mumkin emas. G‘alaba qozonganimiz uchun aytmayapman, menimcha, hakam o‘yinni to‘g‘ri boshqardi.
-VARda "Nasaf" sobiq futbolchisi ishlaganiga qanday munosabat bildirasiz?
VARda kim ishlaganiga e’tibor bermadim. Keling, o‘yin haqida gaplashaylik. Bugungi bahs haqida savollaringiz bo‘lsa, javob beraman".
Fikrlar