
Rossiyadagi legionerimizning goli jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi
Rossiya chempionatining birinchi ligasida “Nefteximik” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan hamyurtimiz Vagiz Galiulin yangi mavsumdagi gollari hisobini ochdi.
Nijnekamsk jamoasi o‘z maydonida “Shinnik” futbolchilarini qabul qildi. O‘yin keskin-murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi.
“Nefteximik” sardori Vagiz Galiulin 78-daqiqada kuchli zarba bilan to‘pni mehmonlar darvozasiga joyladi.
Muhim g‘alabadan keyin ochkolari sonini 14 taga etkazgan “Nefteximik” musobaqa jadvalida to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Galiulinning goli jamoasiga premer-liga yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi.
Vagiz 2020 yildan beri “Nefteximik” sharafini himoya qilib kelmoqda. Faoliyati davomida O‘zbekiston va Rossiya jamoalarida to‘p tepgan hamyurtimiz klublar miqyosida jami 279 ta uchrashuvda qatnashib, 24 ta gol va 37 ta assist muallifi bo‘lgan.
Galiulin O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘n to‘rt marotaba maydonga tushgan.
Fikrlar