
"Qo‘qon-1912" klubi muxlislari uchun yaxshi yangilik
"Qo‘qon-1912" jamoasining Qo‘qondagi mashg‘ulotlari qizg‘in tarzda davom etmoqda. Futbolchilar kuniga ikki mahaldan shug‘ullanmoqda. Kunning birinchi yarmidagi mashg‘ulotlarda murabbiylar asosan futbolchilarning jismoniy holatlarini yaxshilashga e’tibor qaratmoqda. Kunning ikkinchi yarmida esa to‘p bilan ishlash, turli taktik ishlanmalarni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, futbolchilarning tezkor qaror chiqarishlariga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Klub matbuot xizmati muxlislar uchun yaxshi yangilikni e’lon qildi. Jamoaning yosh va tezkor hujumchisi Hamidillo Abduhamidov uzoq davolanishdan so‘ng safga qaytdi. Hamidillo alohida mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
Murabiylar shtabi 21 iyun kuni Toshkentda "Bunyodkor"ga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinga qadar mashg‘ulotlar rejasini puxta ishlab chiqishgan. Bu rejaga asosan jamoa nazorat uchrashuvlarida maydonga tushishi ham ko‘zda tutilgan.
Fikrlar