
"Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi: "Unga qaerdadir klass etishmayapti"
Pro liganing 11-turida “Xorazm” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvida darvozalar daxlsiz qoldi. Mazkur o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Uchrashuvga keladigan bo‘lsak, uydagi qiyin o‘yindan keyin safarda “Xorazm” jamoasiga qarshi maydonga tushdik. Ikki xil taym bo‘ldi. Maqsadimiz albatta g‘alaba qozonish edi. “Xorazm”ni bellashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani bilinib turdi. Albatta, yaxshi bahs bo‘ldi. Tomoshabop tarzda kechdi.
- Uchrashuvda durang natija kuzatildi. O‘yindan qoniqdingizmi yoki natijadanmi?
- O‘yindan qoniqish hosil qildim. Futbolchilarimiz asta-sekin o‘z o‘yinlarini topib boryapti. Bundan xursandman. O‘tgan safar ham aytgandim, safimizda jarohatlanganlar ko‘p edi. Bu bellashuvda bilindi. Ular sog‘ayib asta-asta safimizga qo‘shilishmoqda. Bu uchrashuvda bizga faqat gol etishmadi. O‘zinglar ham ko‘rdinglar, hatto bir metrdan ham 2-3 ta vaziyatimiz bo‘ldi. Bizga vaziyatlardan foydalanish etishmadi.
- Shaxzod Beshimovning ko‘rsatgan o‘yini xususida nima deya olasiz?
- Beshimov yomon o‘yinchi emas, yaxshi. Unga qaerdadir klass etishmayapti. Ko‘rdinglar, uchta epizodi bor edi. O‘z ustida ishlashda davom etsa yaxshi futbolchi bo‘ladi. Bunday imkoniyatlardan gol urish kerak. Bunday vaziyatlardan gol urmasa hujumchiga qiyin.
Doim A va B plan bo‘ladi. Birinchi bo‘limda to‘pni to‘liq biz nazorat qildik. Shunga yarasha ko‘p imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Undan keyin yigitlarga charchoq sezildi. Biz to‘p bilan muomala qilishni ko‘proq “Xorazm”ga berdik va B planimizga o‘tdik. Chunki shundan keyin qarshi hujumda o‘ynashga o‘tdik. Qarshi hujumlarda 2-3 ta imkoniyatlarimiz bo‘ldi.
Fikrlar