
"Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi jamoasining qishki rejasi va tarkibda qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi haqida fikr bildirdi
Xabaringiz bor “Qo‘qon-1912" jamoasi kechadan Qo‘qon shahrida yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Yig‘in 11 yanvarga qadar Qo‘qon shahrida olib boradi.
Shundan so‘ng jamoa a’zolari Toshkentda yig‘iladi va Pro ligaga tayyorgarlikni davom ettiradi. Toshkentdagi yig‘in davomida bir qator tajribali va mahoratli futbolchilar jamoa safiga kelib qo‘shilishi kutilmoqda.
“Qo‘qon-1912”ning tayyorgarligi va rejalari haqida bosh murabbiyi Muhsinjon Nizomiddinov qisqa fikr bildirib o‘tdi.
«Tayyorgarlikni ham boshlab yubordik. Jamoamiz to‘rt bosqichdan iborat o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib boradi. Ilk yig‘inda jamoamizning asosiy tarkib futbolchilaridan tashqari, bir qator yoshlar va U-19 jamoamizda harakat qilgan futbolchilar qatnashmoqda. Bu yig‘in bir hafta davom etadi.
Yig‘in davomida ikki bor o‘zaro nazorat uchrashuvini tashkil etishni reja qilganmiz. Ikkinchi yig‘in Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. U erda bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushamiz.
Shuningdek, bir nechta mahoratli futbolchilar bilan muzokaralarni davom ettirmoqdamiz. Agar barchasi o‘xshasa, ular Toshkentda bizga qo‘shilishadi. Bizning maqsad: tarkibni yoshartirish. Xudo xohlasa, joriy mavsum Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, jamoamizni o‘zagini saqlab qoladigan tarkib tuzishni reja qilganmiz»,- deb fikr bildirdi jamoa bosh murabbiyi.
“Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.
Fikrlar