
“Roma” Shomurodovni A Seriyaning mashhur klubiga joylamoqchi!
Evropa mamlakatlari futbol ligalaridagi mavsum oralig‘ida klublar asosiy e’tiborini transfer bozoriga qaratadi. Ayniqsa, yangi bosh murabbiy tayinlagan klublar jamoa tarkibini yangi ustoz talablariga moslash uchun transferlar oynasi davrida alohida faollik ko‘rsatishi odatga aylangan.
Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” ham Klaudio Raneri o‘rniga tajribali mutaxassis Jan Pero Gasperinini bosh murabbiy etib tayinladi.
“Roma” sport direktori Floran Gisolfi tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidladi. Xususan, “bo‘rilar”ning oldingi chizig‘ida yangilanishlar bo‘ladi. Gasperini klub rahbariyatidan bu chiziqqa yangi o‘yinchilarni olishni so‘ragani aytilmoqda.
Bu orada Eldor Shomurodovning kelasi mavsumni Rimda boshlashi kafolatlanmagan. 29 yoshli hujumchiga hozirning o‘zida AQShdan taklif bor.
“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manbalar ichki insayderlariga tayangan holda “Roma” sport direktori Floran Gisolfining Eldor Shomurodov bo‘yicha alohida rejasi borligini yozmoqda.
Sports.uz portali ushbu manbalarning o‘zbek legioneri faoliyati bo‘yicha elon qilgan ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Roma” hujum chizig‘ida kutilmagan yurish qilmoqchi. Rimliular Artyom Dovbik o‘rniga boshqa hujumchi qidiryapti. Keladigan forvard hatto jamoada o‘z so‘zini ayta olishini isbotlagan Eldor Shomurodovdan ham ustun bo‘lishi kerak.
Trigoriyadagi selektsionerlar bu borada bir necha yo‘nalishda ish olib bormoqda va turli klublardagi forvardlarning salohiyatini va transfer imkoniyatlarini o‘rganib chiqyapti.
Asosiy nishondagi hujumchilardan biri asli “Jenoa”ga tegishli bo‘lgan, lekin mavsumni “Fiorentina”da o‘tkazgan Albert Gudmundsson bo‘lib turibdi. Florentsiyaliklar islandiyalik hujumchini sotib olish huquqiga ega. Biroq klub 17 million evro miqdoridagi badal pulini to‘lashni istamayapti. Qolaversa, Gudmundssonning ishi sudda ko‘rilayotgan va mahkamaning hal qiluvchi qarori oktyabr oyida e’lon qilinishini inobatga olgan “Fiorentina” rahbariyati bu transferga pul sarflab tavakkal qilishni istamayapti.
Gudmundsson atrofidagi vaziyat “Jenoa”ga boshqa klublar taklifini o‘rganib chiqish uchun yo‘l ochadi. Xususan, “Roma” sport direktori Gisolfi islandiyalik forvard bo‘yicha reja tuzishga kirishdi. Unga ko‘ra, rimliklar Gudmundssonning transferiga “Jenoa” muxlislari yoqtiradigan Eldor Shomurodovni qo‘shishni istayapti.
O‘zbek hujumchisi Italiyadagi eng yorqin davrini aynan “Jenoa”da o‘tkazgan va bu variant Shomurodovning o‘zini ham qoniqtirishi ehtimoli katta. Qolaversa, “Jenoa”ning asosiy to‘purari Andrea Pinamonti klubni tark etishini inobatga olsak, bosh murabbiy Patrik Vieyraga yangi forvard kerak bo‘lishi aniq, - deb yozdi romaforever.it sayti eksperti Luka Millerioli.
“Roma” rahbariyatining Shomurodov bo‘yicha rejalarini yana bir necha manbalar, xususan, laroma24.it portali ham tasdiqladi.
- “Jenoa” Albert Gudmundssondan qutilishga harakat qilayotgan pallada “Roma” yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperiniga mos keladigan hujumchi qidirish bilan band va islanliyalik hujumchi transferi bo‘yicha muzokara olib borishga tayyor.
Gudmundsson 20 million evroga baholanmoqda. Rim klubi esa, bu summani pasaytirish uchun transferga hujumchi qo‘shishni taklif qilishni rejalashtirgan.
Xo‘sh, bu qaysi forvard bo‘ladi? Albatta, Eldor Shomurodov. Chunki o‘zbek hujumchisini Genuyada qadrlashadi. “Jenoa”ni asosiy to‘purar Andrea Pinamonti tark etganidan keyin Eldor Shomurodovning kelishi bu masalaning echimi bo‘ladi, - deb yozdi mazkur manba.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyatini ushbu mamlakatning eng qadimgi klubi hisoblangan “Jenoa”da boshlagan. Genuya jamoasidagi debyut mavsumida legionerimiz A Seriyada sakkizta gol urib, bir necha klublar e’tiborini tortgan va oxir-oqibat “Roma”ga ko‘chib o‘tishga qaror qilgandi.
Ronaldu Masharipovga: Nima, sen Messining muxlisimisan?!
Mashhur legionerimiz jamoasini o‘zgartiradi!
Fayzullaev: Skautlar argentinalik himoyachini ko‘rgani kelib, Husanovni olib ketishdi
Fayzullaevni jamoaga olishni istashmagandi...
Fayzullaev “Real” va “Barsa”ni tanladi!
Fikrlar