
Professional bokschilarimizdan iborat "Liverpul" tarkibi bilan tanishing
So‘ngi yillarda jahon futbolida Yurgen Klopp boshchiligidagi “Liverpul” klubi ajoyib natijalarni qayd etmoqda. Chempionlar ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibiga aylandi. Bu yil uzoq kutilgan Angliya premer ligasi chempionligiga yaqin edi. Xullas, germaniyalik murabbiy ajoyib jamoa shakllantira olgan.
Men aynan ushbu klubni O‘zbekiston professional bokschilariga o‘xshataman. Ya’ni, hozir mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda ham kuchli avlod vujudga kelgan.
Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz professional charmqo‘lqop ustalari talqinidagi “Liverpul” tarkibini tuzib chiqdik.
Albatta, bu o‘ziga xos o‘xshatish bo‘lsa-da, zamirida bir oz haqiqat bor desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ularning maydon va ringdagi harakatlari, uslublari, mexnatkashligi va yana bir qator xususiyatlari bunga misol bo‘la oladi va shundan kelib chiqqan holda, "Liverpul" jamoasi vakillari bilan uyg‘un tarzda chiziqlarga qo‘yishga harakat qildik. Shu o‘rinda bu shaxsiy qarashlarimiz mahsuli ekanligini to‘g‘ri tushunasiz.
Darvoqea, bokschilarimiz orasida “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” ning muxlislari bo‘lsa, bizni ma’zur tutadilar degan umiddamiz. :)
Demak, boshladik...
Darvozaga Bahodir Jalolov (Alisson)
- To‘g‘ri, og‘ir vaznli bokschimiz hozirda havaskor boksdagi faoliyatiga urg‘u bergan. Lekin unutmaslik kerakki, u professionalda ham mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirmoqda. Uning, bu chiziqni egallashi esa barchaga tushunarliki, darvozabonlarning eng muhim jihati bu bo‘yining balandligida... Asosan jarima zarbalari, burchak to‘plarida bu jihat juda asqotadi. Qolaversa, yurtdoshimiz o‘zining “jeb” zarbalari orqali deyarli raqibini yoniga yo‘latmaydi. Bu o‘ziga xos himoyalanish xususiyati yaxshi rivojlanganligidan dalolatdir. Darvozabonning asosiy vazifasi esa, barchaga ma’lum...Alisson esa, bu borada benazir hisoblanadi.
O‘ng qanot himoyachisi, Qudratillo Abduqahhorov ( Trent Aleksander Arnold)
- Ma’lumki, Arnold juda ko‘p mexnat qiladi. Hujumga qo‘shilish, himoyalanish, bir so‘z bilan aytganda uning kardiosi mukammal deb ayta olamiz. Qudratilloning qanday mexnatkashligini barcha biladi va bir necha bor 10-12 raundlik to‘liq janglarini kuzatganmiz. Uning jismoniy holati ham havas qilsa arzigulik darajada.
Chap qanot himoyachisi, Azizbek Abdug‘ofurov ( Endryu Robertson)
- Bu bokschimiz ham juda mexnatsevarligi, o‘zining ustida ko‘p ishlashi natijasida ushbu darajaga etib keldi. Qolaversa, Arrnold hamda Robertsonning tez-tez o‘rinlarini almashtirib turishi, so‘zsiz bir-birlarini tushunishini inobatga olsak, bu chiziqlarga Azizbek va Qudratillo varianti eng munosibi bo‘lsa kerak.
1) Markaziy himoyachi, Isroil Madrimov (Virdjil Van Deyk)
- Bu chiziqda shubhasiz, himoyalanish xususiyati mukammal bo‘lishi lozim. Madrimovda esa, bu juda yaxshi rivojlangan. Qolaversa, mersisayidliklar safida OAV orasida eng ko‘p tilga olinayotgan Van Deyk bo‘lsa, professional bokschilarimizdan jahon matbuoti va mutaxassislarni e’tiborini eng ko‘p tortayotgani Isroil desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qisqasi biz shu variantda to‘xtadik.
2) Markaziy himoyachi, Bektemir Meliqo‘ziev ( Joel Matip )
- Bu joyga biroz o‘ylanishga majbur bo‘ldik. Bektemirni himoyaviy jang ko‘rsatadi deb o‘ylamayman. Shunday bo‘lsada, bu chiziqda yakkakurashlarda g‘olib chiqa oladigan, gavda jihatidan mukammal bo‘lishi kerakligini inobatga olib, Bektemir variantini tanladik. Matipni yakkakurashlarda ko‘p bora g‘olib chiqqaniga guvoh bo‘lganmiz.
Tayanch yarim himoyachi, Fazliddin G‘oibnazarov (Jordan Xenderson)
- Fazliddinda etakchilik xususiyati borligi va tajribasini inobatga olib, mazkur variantga uni mos tushadi deb o‘yladik. Chunki “Xendo” Liverpulning xaqiqiy sardori hisoblanadi. Qolaversa, har ikkisida kutilmagan qaqshatqich zarbalari mavjud. Bunga Fazliddining nokautli g‘labalari va Xendersonning uzoq masofadan urgan gollari yaqqol misol bo‘la oladi.
1) Yarim himoyachi, Shahram G‘iyosov (Aleks Oksleyd-Chemberlen)
- Ularni o‘zaro bog‘lab turadigan jihati universalligida Aleks markazda, qanotda, hujumda ham birdek foydali... Shahram ham aqlli jang o‘tkazadi. Vaziyatga qarab, taktikalarni almashtira oladi. Qolaversa, har ikkisida ham ajoyib zarbalar bor. Farqi bittasi oyoqda zarba bersa, ikkinchisi musht bilan yo‘llaydi. :)
2) Yarim himoyachi, Olimjon Nazarov ( Jorjino Veynaldum)
- Shubhasiz, har ikkisida ulkan tajriba mavjud. Qolaversa, Veynaldum Liverpulda eng ko‘p “qora” mexnatni qiladigan, “tozalovchi” vazifasini ham a’lo darajada bajaradi. Nazarov ham ko‘p yillik mexnati orqali mana endi ijobiy natijalarni qayd etmoqda. Shu tomonlama mazkur joyga ushbu variantni qo‘yishni lozim topdik.
Chap qanot hujumchisi, Shohjahon Ergashev (Sadio Mane)
- Ular o‘rtasidagi o‘xshashlik, o‘ziga bo‘lgan yuksak ishonch hamda biroz qiziqqonligini aytishimiz mumkin. Qolaversa, ularning o‘ylangan zarbalarining aksariyati ijobiy natija, ya’ni GOL va nokaut bilan yakunlanishini inobatga olib, shu qarorni to‘g‘ri deb o‘yladik.
O‘ng qanot hujumchisi, Hasanboy Do‘smatov (Muhammad Saloh)
- Misrlik futbolchining eng katta yutug‘i, uning tezkorligi va texnikasi yuqoriligini aytishimiz mumkin. Bu darajaga kim mos tushishi mumkin? Albatta, Hasanboy Do‘smatov (har holda, biz shunday o‘yladik)! Har ikkisida bu jihatlar uyg‘unligi mavjud. Do‘smatov endigina profi yo‘nalishga qadam qo‘ygan bo‘lsada, birinchi jangida ushbu tezkorligi qo‘l keldi.
Markaziy hujumchi, Murodjon Ahmadaliev ( Roberto Firmino)
- Murodjon va Firminoning o‘xshash jihatlari deb, ularning birinchi navbatdagi maydon va ringdagi erkin harakatlari va rang-baranglik, texnik jihatdan yuqori saviyaga chiqa olganligini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardik. Shuning uchun bu chiziqqa Ahmadalievni qo‘ydik.
Murabbiy, Rahmatjon Ro‘zioxunov ( Yurgen Klopp)
- Bu ikki mutaxassisni o‘xshash jihati. Albatta, emotsiyaga boy ekanligidadir. Buni muxlislar bevosita ko‘p bora guvohiga aylangan.
Fikrlar