
"Pro liga - bu "Lokomotiv"ning joyi emas, Abramov bilan munosabatim unchalik zo‘r emasdi, "Dinamo"ga yaxshi murabbiy etishmadi" - Marat Bikmaev
37 yoshni qarshilagan hujumchi Marat Bikmaev “Dinamo”ni tark etib, o‘zining qadrdon klubi – “Lokomotiv”ga qaytdi.
O‘tgan yili birinchi davrada “So‘g‘diyona” safida 10 ta o‘yinda maydonga tushib gol ura olmagandi. “Dinamo”da esa 11 ta bahsda raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin samarqandliklar baribir Superligani tark etdi. Shunga qaramay, Bikmaev ham 2023 yilgi chempionatni pro ligada o‘tkazadi. Faqat “Dinamo”da emas, “Lokomotiv”da.
Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Bikmaevning mazkur masaladagi fikrlari bilan qiziqib ko‘rdi.
“Dinamo”dagi faoliyati haqida
- Birinchidan, “Dinamo” bilan tuzgan shartnomam tugagandi. Ikkinchidan, Vadim Abramov bilan munosabatim unchalik yaxshi emas. Buni sabablari bor, ammo aytmayman. To‘g‘risi, u bilan chiqisha olmayman. Shuning uchun “Dinamo”dan ketish qarorini qabul qildim. Umumiy ma’noda aytganda, klubda hammasi yoqdi, o‘yin amaliyoti ham bo‘ldi. Jamoa ahil edi. Rahbarlarga gap yo‘q. Tashkilotchilik yaxshi edi. Faqat o‘shanda bizga yaxshi murabbiy etishmadi. Lekin yarim yilni yaxshi o‘tkazdim, deb o‘ylayman. Chunki ikkinchi davrada 8 ta gol urdim. “Dinamo”da men uchun zo‘r bosqich bo‘ldi. Xullas, u erga borganimdan afsuslanmayman. “Dinamo”dagi faoliyatim orqali hayotda eslab yuradigan xotiralar qoldi-da.
“Lokomotiv”ga qaytishi qanday sodir bo‘ldi?
- “Lokomotiv”ga o‘tganimni sababiga kelsak, bu pro liga jamoasi emas. O‘tgan yili klub juda yomon natija ko‘rsatdi. Sobiq jamoamga qaytib, ularga yordam berish va klubni Superligaga qaytishida o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Bu men uchun qadrdon jamoam. “Lokomotiv”ga qaytganimdan xursandman. Bu erda hamma meni biladi, men ham hammani bilaman. Ichki muhit yaxshi. “Lokomotiv”da yosh, iste’dodli yigitlar ko‘p. Asosiysi, jamoani Superligaga qaytarishida foydamiz tegishini istayman. Bu asosiy maqsadimiz. Qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.
Bikmaev ilk bor pro ligada...
- Pro ligada o‘ynashimni hech muammosi yo‘q. U erda ham yaxshi chempionat. Faqat pro ligani Superliga bilan ozgina farqi bor. Pro ligada o‘ynayman deb o‘zimni ustun qo‘ymayapman. Muhimi, “Lokomotiv”ga yordamim tegishidir. Shunisi meni ko‘p qiziqtiryapti. Pro ligada yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib Superligaga qaytamiz, degan umiddaman. “Lokomotiv” pro ligada bo‘ladimi yoki Superligadami, baribir klubni yuragimdan yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, hozir jamoa o‘z joyida emas. Bor imkoniyatimizni berib kuchlilar orasiga klubni qaytarmoqchimiz.
Bu faoliyatidagi oxirgi klubmi?
- Hamma qachon tugatishimni gapirishadi. Men hozircha faoliyatimni tugatmoqchi emasman. Nasib qilsa, jarohatlarsiz yursam kelasi yili balki Superligada ham o‘ynarman. Hammasi Xudodan. Kuchim boricha harakat qilaman. Ishlashdan to‘xtamaymiz.
Samarqandda to‘purarligini qaytargani haqida
- “Dinamo”da menga o‘ynash uchun ko‘p vaqt bo‘ldi, etarli amaliyotga ega bo‘ldim. Har qanday hujumchida o‘yin amaliyoti ko‘p bo‘lsa gol uradi-da. Menimcha, bu birinchi sababi. Ikkinchidan, jamoa oxirgi o‘rinda yurganida bunga hech qachon befarq qaramadik. Masalan, men qaerda o‘ynasam hech qachon oxirgi pog‘onada bo‘lmasdik. Hamisha chempionlik uchun kurashardik. Shuning uchun Samarqandda hamisha yigitlarni ruhlantirib, yutishimiz kerak, bu bizni o‘rnimiz emas, deb gapirardik. Baribir futbolni sevaman-da!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar