
"Paxtakor" murabbiyi "Istiqlol" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng nimalar dedi?
"Paxtakor" Eronning "Istiqlol" klubini 2:1 hisobida engib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida yordamchi murabbiy Peter Xyuistra va jamoa etakchisi Dragan Cheran ishtirok etdi.
Xyuistra: "Bugungi g‘alabadan juda ham xursandmiz. Biz buni xohlagandik va bunga erishdik. Birinchi bo‘lib gol qo‘yib yubordik, bu bizni biroz qiynab qo‘ydi. Keyinchalik to‘p kiritib, vaziyatni o‘nglashni uddaladik va kambekka erishdik. Endi keyingi uchrashuvga tayyorlanishimiz kerak. O‘z mintaqamizning eng kuchli 4 jamoasi safiga kirdik va chorak finalga chiqdik. Buni "Paxtakor" uchun ham, o‘zbek futboli uchun ham katta muvaffaqiyat, deb o‘ylayman.
Bugun "Istiqlol" aynan bizga qarshi boshqa o‘yinlardan ko‘ra shiddatliroq o‘ynadi. Bu maydonda ko‘rindi, shu bilan birga ular juda yaxshi o‘ynaganini ham aytib o‘tmoqchiman. Uchrashuvga kirishib ketishimizga 10-15 daqiqa kerak bo‘ldi, chunki "Istiqlol" tajovuzkor o‘yini bilan bizga qarshilik qilishga, qiyinchilik tug‘dirishga urindi. Ularning oxirigacha kurashganini e’tirof etib o‘tmoqchiman. Bizda ham xatolar bo‘ldi, ayrim vaziyatlarda hisobni kattalashtirish uchun imkoniyatlarimiz bor edi, ammo bizga chiroyli yakun etishmadi. Oldindagi 4 kundan foydalanib, keyingi bellashuvga yaxshiroq tayyorlanishga harakat qilamiz. O‘ylashimcha, biz bugungidan ham yaxshiroq o‘ynay olamiz. Bunga majburmiz, chunki oxirgi 4 jamoa orasida qoldik va qolgan uchrashuvlar yanada qiyinroq bo‘ladi. Aynan shu sabab ham, o‘yinimizni yanada yaxshilashimiz zarur. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsad sari asta-sekin boryapmiz, Qatarda ko‘proq o‘yin o‘tkazishni xohlaymiz.
O‘yin davomida Suyunovdan ko‘ra murabbiylar ko‘proq asabiylashdi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, jarima zarbasida Eldor o‘zini yaxshi ko‘rsata olmagandir. Lekin, undan oldin 7-raqamdagi o‘yinchi (Diabate) u bilan birga-bir chiqqanida muhim seyvni amalga oshirdi va jamoamizni qutqarib qoldi. Bundan tashqari, bir necha bor to‘p jarima maydonchamizga havodan oshirib berilganida ishonchli o‘ynadi va raqib hujumlarini yo‘qqa chiqardi. Eng muhimi, bizning keyingi bosqichga o‘tganimiz.
Futbolchilar jismoniy taraflama juda yaxshi holatda. Oldimizdagi 4 kundan foydalanib, tezroq tiklanish va keyingi o‘yinga yanada yaxshiroq holatda bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu tarafdan albatta ishlashda davom etishimiz shart, lekin o‘yinchilarning holatidan qo‘rqmaymiz, ular jismonan yaxshi formada".
Cheran: "Murabbiyning so‘zlariga qo‘shilaman. G‘alabadan xursandmiz va qoniqdik. Biz uch yildan beri birga ishlayapmiz, mehnat qilib kelyapmiz. Yangi tarixni yaratyapmiz. Bu muvaffaqiyat nafaqat klubimiz, balki O‘zbekiston futboli uchun ham ijobiy natija. O‘yinga kelsak, biz to‘liq tashabbusga ega bo‘ldik. Hisobda ortda borayotib g‘alaba qozondik. Jamoaviy xarakter, birdamlikni ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Muhim bahsda yutdik va bundan baxtiyormiz.
Men va Eren bugun gol urdik. Bu erda hali to‘p kiritmagandim. Bu bizning ishimiz, bizga ishonch bag‘ishlaydi. Lekin bu musobaqa va unda kim gol urishining farqi yo‘q. Jamoaning g‘alabasi eng muhimi. Bugun gol urganimdan xursandman. Eren bilan birga to‘p kiritdik, bu jamoa uchun yaxshi natija olib keldi".
Fikrlar