
Husanov Gvardiolaning o‘zi haqidagi gapi to‘g‘ri ekanini isbotladi
Angliya Premer-ligasining yangi mavsumida ham odatga ko‘ra, mamlakatning eng kuchli yigirma jamoasi o‘zaro bahs olib boradi. Bir tur o‘ziga o‘nta uchrashuvni oladi.
Premer-liga tashkilotlari muxlislarga qulaylik yaratish uchun turlardagi o‘yinlarni bir necha kunga bo‘lib qo‘yadi. Xususan, birinchi tur 15 avgustdan 18 avgustgacha davom etishi belgilangan.
Ayni paytda futbol tahlilchilari, statistika mutaxassislar, soha ekspertlari o‘tkazilgan oltita uchrashuvni har tomonlama tahlil qilish bilan mashg‘ul.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachi Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti” birinchi turda “Vulverxempton” mehmoni bo‘lib, safar uchrashuvidan 4:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan qaytdi.
21 yoshli legionerimiz o‘yinning 83-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi va jamoasiga g‘alabali hisobni ushlab qolishga yordam berdi. Garchi Abduqodir bir necha daqiqa to‘p tepgan bo‘lsa-da, uning uchrashuvdagi harakatlari va ko‘rsatkichlari ekspertlar nazariga tushdi.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, Abduqodir Angliya Premer-ligasining birinchi turida dastlabki oltita uchrashuvda qatnashgan futbolchilar orasida eng katta tezlik qayd etgan besh futbolchidan biri bo‘ldi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, hozirgacha o‘tkazilgan uchrashuvlarda Husanov eng tez yugurgan himoyachi bo‘lib turibdi.
Kuchli beshlikdan joy olgan futbolchilar, ularning maydondagi pozitsiyasi va tezlik ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘ldi:
Uilyam Osula – “Nyukasl” markaziy hujumchisi, tezligi soatiga 34,2 kilometr.
Vilson Izidor – “Sanderlend” markaziy hujumchisi, tezligi soatiga 34,2 kilometr.
Jeremi Frimpong – “Liverpul” yarim himoyachisi, tezligi soatiga 33,7 kilometr.
Abduqodir Husanov – “Manchester Siti” markaziy himoyachisi, tezligi soatiga 33,5 kilometr.
Antoni Gordon – “Nyukasl” hujumchisi, tezligi soatiga 33 kilometr.
Ko‘rinib turibdiki, eng tezkor “top-5” reytingidan joy olgan o‘yinchilar orasida uchtasi hujumchilar, bittadani yarim himoyachi va markaziy himoyachidir.
Ta’kidlash lozimki, “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mavsum boshlanishi oldidan jamoa o‘yinchilari haqida fikr bildirib, Abduqodir Husanovning ustun tomonlarini, ayniqsa, tezligini alohida e’tirof etgan edi.
- Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatigacha uch futbolchi – Rayan Sherki, Rayan Ayt-Nuri va Tijani Reydersni o‘z safimizga qo‘shib olgandik va bu transferlar omadli chiqdi.
Xuddi shu fikrni Abduqodir Husanov haqida ham aytish mumkin. Bugun u yuqori salohiyatini namoyish qildi va Abduqodir men ko‘rgan kam sonli eng tezkor o‘yinchilardan biridir, - degan edi Xosep Gvardiola.
Mana Abduqodir o‘ziga berilgan bir necha daqiqa ichida ustozining gaplari haqiqat ekanini yana bir karra isbotladi. Ayrim ekspertlarning ta’kidlashicha, “Manchester Siti”ga 23 avgust kuni “Tottenxem”ga qarshi bahsda Husanovning tezligi kerak bo‘lishi mumkin. Chunki raqib jamoa safida Muhammad Qudus va Brennan Jonson kabi tezkor futbolchilar bor. Ular bilan bahslashishda Husanovning ustun jihatlari qo‘l kelishi mumkin.
Husanov o‘ynagan uchrashuvda superrekord o‘rnatildi
Husanov o‘ynagan uchrashuvda Gvardiola nimalar yoqmaganini aytdi!
Husanov, “Siti”dan yana kimlar ketyapti?
Husanov va jamoadoshlariga xushxabar!
Pul bo‘lmasa, Fayzullaev o‘ynamaydi!
Husanov bo‘yicha Gvardiola yangi reja tuzib qo‘ydi
Husanovni “Manchester Siti”ga joylagan mutaxassis ishdan ketdi!
Husanovning joyi o‘zgaradi
Ekspert: Bu futbolchi Husanovning yo‘lini to‘syapti
Fikrlar