
Husanov o‘ynagan uchrashuvda Gvardiola nimalar yoqmaganini aytdi!
Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining yangi mavsumini yirik g‘alaba bilan boshladi. Xosep Gvardiola shogirdlari “Vulverxempton” maydonida mezbonlar darvozasini javobsiz to‘rt marta ishg‘ol qildi.
Mavsumda to‘purarlik uchun kurashni boshlab yuborgan Erling Xoland dubl qayd etdi. Qolgan ikkita gol yangi o‘yinchilar – Tijani Reynders va Rayan Sherki hisobiga yozildi. Niderlandiyalik yarim himoyachi gol urishdan tashqari, assist ham qayd etdi.
Shu tariqa, Tijani Reynders klub afsonasi Serxio Aguero davridan beri debyut uchrashuvida ham to‘p kiritgan, ham golli pas uzatgan birinchi o‘yinchi sifatida nomini tarixga yozdirdi.
Uchrashuvning yana bir e’tiborli jihati shundaki, Xosep Gvardiolaning yangi shogirdlari – Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki va darvozabon Jeyms Trafford “Manchester Siti” safida debyut qildi.
Abduqodir Husanov esa, 82-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, jamoa darvozasi daxlsizligini saqlab qolishda ishtirok etdi.
Uchrashuvdan keyin Xosep Gvardiola fikr-mulohazalarini bildirib, jamoa o‘yini va o‘ziga ma’qul kelmagan jihatlar haqida ham gapirdi.
- Men jamoaning birinchi bo‘limdagi harakatlari va uchrashuv natijasidan qoniqdim. Bahsning ikkinchi yarmida biz o‘zimiz istagan ishlarni amalga oshira olmadik. Lekin birinchi o‘yin uchun bu normal holat, deyish mumkin.
Umuman olganda, o‘yin menga yoqdi, “bo‘rilar” ikkinchi bo‘limda biroz yaxshiroq harakat qildi. Biz ularni tezkor qarshi hujumlarda jazoladik. Chunki bizda Oskar Bobb, Tijani Reynders va Erling Xoland kabi yuqori tempda hujumga o‘ta oladigan ajoyib ijrochilar bor.
Bu qurolimizdan mavsum davomida avvalgi yillarga nisbatan hujumlarni tezkor tashkil qilish uchun ko‘proq foydalanishga harakat qilamiz. Ammo birinchi o‘yinda jamoa o‘zini qanday tutishi doim noaniq bo‘lib kelgan. Premer-ligada hech qachon oson bo‘laydi. Meni shunisiga ham xursandman.
Jamoadagi vaziyat meni qoniqtirmayapti. Sababi – bizda o‘yinchi juda ko‘p. Birinchi o‘yin qaydnomasiga Rodri, Fil Foden, Mateo Kovachich, Ederson va Savio kiritilmadi. Natan Ake va Ilkay Gyundog‘an kabi tajribali o‘yinchilar zaxirada qolib ketdi.
Menga barcha turnirlarda ishtirok etishimiz uchun kifoya qiladigan tarkib bo‘lsa etarli. Men kimdir jamoadan va tarkibdan tashqarida qolib ketishini istamayman. Chunki bunaqada jamoa ichida sog‘lom raqobat va jangovar ruhni ta’minlab bo‘lmaydi.
Klub bu haqida o‘tgan mavsumdan beri biladi. Lekin vaziyat avvalgidek qolmoqda. Oldindagi hafta davomida biz o‘yinchilar va ularning agentlari bilan chiqish transferlari masalasida ish olib boramiz. Biz tarkibni qisqartirishimiz shart, agar bunday qilmasak, jamoaviy ruhni ushlab turish juda qiyin bo‘ladi, - dedi Xosep Gvardiola.
“Manchester Siti” jamoasi Premer-ligadagi ikkinchi uchrashuvini 23 avgust kuni “Etixad” arenada o‘tkazadi. Turning markaziy uchrashuvlaridan birida Xosep Gvardiola shogirdlari “Tottenxem” bilan kuch sinashadi.
Fikrlar