
“Paxtakor” futbolchisi Evropaga yo‘l olmoqda
Ommaviy axborot vositalari Belarus chempionati oliy ligasi ishtirokchisi “Energetik-BGU” yana bir o‘zbek futbolchisi Humoyunmirzo Iminovni o‘z safiga taklif qilgani haqida xabar tarqatmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, 20 yoshli futbolchi ayni paytda minskliklar bilan muzokara o‘tkazmoqda va tez orada yangi jamoa tarkibiga qo‘shilishi mumkin.
“Energetik-BGU” joriy mavsumda “Paxtakor”dan Jasur Yaxshiboevni, AGMKdan Shahboz Umarovni ijaraga olgan edi. Har ikki futbolchi bu jamoa tarkibida o‘z mahoratini namoyish eta oldi. Jasur Yaxshiboev chempionatning eng yaxshi futbolchisi va eng ko‘p gol urgan hujumchi sifatida Belarusning qudratli jamoalaridan biri “Shaxtyor”ga taklif etildi.
Shahboz Umarov ham mamlakatning ko‘pkarra chempioni BATE bilan shartnoma imzoladi va kelasi mavsumda borisovliklar safiga qo‘shiladi.
Jasur va Shahbozning muvaffaqiyatli o‘yini xorijlik ekspertlar va murabbiylar e’tiborini o‘zbek futboliga qaratdi.
Humoyunmirzo Iminov 2019 yildan “Paxtakor” sharafini himoya qilib kelmoqda. U milliy chempionatdagi debyutini o‘tgan yili 19 oktyabr kuni Samarqandning “Dinamo” jamoasiga qarshi uchrashuvda nishonlagan va keyin yana uchta o‘yinda maydonga tushgan.
Bu yilgi superliga bahslarida Humoyunmirzo “Buxoro” va “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvlarda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Humoyunmirzo Iminov Osiyo chempionlar ligasining guruh bahslarida Eronning “Shahr Xodro” jamoasi bilan bo‘lgan va “sherlarning” yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan bellashuvda Sardor Sobirxo‘jaev o‘rniga maydonga chiqib, qit’amiz klublarining eng nufuzli turnirida ham debyut qildi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi hisoblangan Humoyunmirzo markaziy yarim himoyachi va hujumkor futbolchi vazifalarini bajara oladi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali Iminovning transferini 125 ming evroga baholagan.
Fikrlar