
Partisiz "Arsenal" Dembelening sehrli o‘yiniga qarshi tura olmadi. PSJ g‘alabasining tahlili
Kecha bo‘lib o‘tgan "Arsenal" - PSJ bahsi tahlil talabligini ta’kidlash kerak. O‘yinda bo‘layotgan jarayonlarni ko‘ra turib, PSJ buni qanday uddalayapti degan savolni ko‘pchilik o‘ziga bergan bo‘lsa ajab emas.
Mazkur bellashuv oldidan Tomas Parti o‘yinni o‘tkazib yuborishi aniq edi. Biroq uning yo‘qligi "Arsenal" uchun bu qadar ko‘p muammolar keltirib chiqarishini ko‘pchilik taxmin ham qilmagan bo‘lsa kerak. "To‘pchilar" hujum markazida tajribali, ammo ko‘p hollarda alternativ sifatida ko‘riluvchi Trossard paydo bo‘ldi. Aldamchi to‘qqizlik sifatida mavsumning katta qismini o‘tkazayotgan va "Real"ga qarshi ham asosiy qurollardan biri sifatida xizmat qilgan Merino yarim himoya pozitsiyasiga qaytishga majbur bo‘ldi. Merinoning bu pozitsiyaga qaytishi ortidan Raysning yarim himoyadagi harakatlari cheklandi. Birinchidan, Rays hamda Merino tandemida u qadar ham hamjihatlik yo‘q edi. Bundan tashqari, Deklan Partining yo‘qligi ortidan himoyaga ko‘proq e’tibor qaratishga, ya’ni Tomasning rolini olishga majbur bo‘ldi. Uning tandemi hisoblangan Merinoning u qadar tez emasligi sababli yarim himoyada muammolar kelib chiqdi. Bundan tashqari, rollarni tushunmaslik holati ham sodir bo‘ldi.
Birinchi gol urilgan epizodda Deklan Rays zarba pozitsiyasiga chiqib borayotgan Dembeleni yopish o‘rniga qanotdagi Kvaratsxeliya tomon oshiqdi. Buning oqibatida Usmon zarba berish uchun qulay pozitsiyaga chiqdi va gol urdi.
Qarangki, jamoasi tarkibida SofaScore talqiniga ko‘ra, eng baland ball olgan Rays bu uchrashuvda bir qator epizodlarda xato harakat qildi.
Rays katta bo‘shliqqa ega bo‘lib turgan Edegorga pas bermadi.
Deklan bosim ostida qanotga o‘tdi.
Mazkur epizodda esa hal qiluvchi uzatmani berish o‘rniga bosim ostida sherigiga noqulay pas berdi.
Bu epizodda esa Rays o‘ng tomonga qaragani yo‘q, u erda ikki nafar sherigi ko‘proq bo‘shliqqa ega edi.
Va u to‘pni Trossardga uzatdi, bu erda belgiyalik parijliklarning bosimi ostida qolib ketdi.
Biz Raysning klassiga shubha qilmoqchi emasmiz. Shunchaki, u o‘ziga biroz begona rolda harakatlandi. Parti va Jorjino jamoasining hujumdagi pozitsiyasini yaxshilaydigan va hujum yo‘nalishini belgilab berishda aktiv harakat qiluvchi futbolchilar tipiga kiradi. Raysning hujum profili esa ko‘proq to‘p bilan juda tez harakat qilishi. Ya’ni u bosimni pas va uzatmalar bilan engishdan ko‘ra tezlik va individual mahorati bilan yo‘qqa chiqarishni yaxshi uddalaydi.
Aynan u o‘zi ustun bo‘lgan harakatlari bilan 55-daqiqada ajoyib reyd uyushtirdi va Trossardni darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi.
Bellashuvda diqqatimizni tortgan yana bir holat bu "Arsenal" mayda pas bilan o‘ynab ketuvchi epizodlarni ham jarima zarbalariga aylantirgani bo‘ldi. Rayya hatto maydon markazidan to‘pni shu holatda o‘yinga kirityapti.
Tasavvur qilyapsizmi, zamonaviy futbolning yirik namoyondalaridan biri bo‘lgan va pozitsion futbolchi sevuvchi "Arsenal" shunday qilyapti? Buning asosiy sababi bitta. "Arsenal" PSJning bosimiga duch kelishni istamadi. Bundan tashqari, ehtimoliy qarshi hujumlar vujudga kelmasligi sababi ham shunday qilishga majbur bo‘ldi.
PSJning pressingda bu qadar kuchli harakat qilishida asosiy omillardan biri va uchrashuv avvalida Parij klubining katta tashabbus bilan o‘yinni o‘tkazishida asosiy qurol Dembele bo‘lib berdi. Aldamchi to‘qqizlik pozitsiyasiga ko‘nikkan Dembele mazkur uchrashuvda to‘p bilan ba’zan maydon markazida, ba’zan o‘ng qanotda va ba’zan chap qanotda paydo bo‘ldi, pozitsion hujumlarni boshlanishida Rayyadan keyingi faza bo‘lgan Salibaga doimiy bosim uyushtirdi. Usmon nafaqat o‘z pozitsiyasida, balki, hamma erda edi.
Shuningdek, Fabian Ruis bu bahsda Deklan Raysni o‘z ortidan olib yurgani ham ko‘p epizodlarda ko‘zga tashlandi.
Agar u Raysni o‘z ortidan ergashtirmaganida, hujumga o‘tish zonasi yopilib qolardi.
Xullas, uchrashuv avvalida "Arsenal" bu holatga tayyor emasdi. Biroq "to‘pchilar" asta-sekinlik bilan bunga moslashdi va tashabbus "to‘pchilar" tomonga o‘tdi. Luis Enrike bunday holatda "Arsenal" hujumda o‘ta xavfli ekanligini bilardi.
Shu tufayli "Arsenal"ni himoyaga yaqinlashtirish o‘rniga ularni maydon markazi va ba’zan undan ham oldinroqda to‘xtatishga harakat qildi. Frantsiya chempionatini yutib bo‘lgan, o‘yinlarga dam olgan holda bemalol kelishi mumkin bo‘lgan PSJ futbolchilarida charchoq alomatlari umuman sezilgani yo‘q. Ular 90 daqiqa pressing qilishdi. Bundan tashqari, parij klubida resurslar borasida ham muammo yo‘q. Ya’ni hujum tezligini xuddi o‘sha holatda saqlab qoluvchi Barkolya va Ramush o‘yinga qo‘shildi. "Arsenal" 0:1 hisobida "Emireyts"da yutqazayotgandi. Ularda hisobni tenglashtirish uchun vaqt ko‘p edi. Biroq uchrashuvning so‘nggi 20 daqiqasida ular deyarli xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Yaratmadi emas, buning uddasidan chiqa olmadi. PSJ bunga yo‘l qo‘ymadi.
Bu uchrashuvda parijliklar safida eng yomonlaridan biri bu Ashraf Hakimi bo‘ldi, nazdimda. Sababi, aynan uning himoyadagi kamchiliklari sababli "Arsenal" xavfli hujumlar yarata oldi, xolos.
Misol uchun, 45-daqiqada ro‘y bergan epizodda Lyuis Skelli uni osonlik bilan aldab o‘tdi va Martinelliga to‘pni uzatdi. Ashrafning baxtiga bu vaziyatda Donnarumma epizod qahramoniga aylandi. Shuningdek, u taym so‘nggiga yaqin sariq kartochka oldi. Ikkinchi taymda bu qizilga aylanishi ham mumkin edi. Birga-bir holatlada va chuqur himoyada Ashraf ishonchli emas. Parij ma’lum daqiqalarda himoyalangani va LyuisSkellining yovvoyi texnikasi sabab bu balki bo‘lishi kutilgan jarayondir.
Luis Enrike shogirdlari javob bahsi oldidan yaqqol favoritdek ko‘rinmoqda. Parijliklar qarshi hujumlarda juda yaxshi va uzoq davom etuvchi to‘p nazorati orqali o‘yinni o‘ldirishga qodir jamoa. Londonliklar uchun yaxshi shuki, Tomas Parti qaytadi. Bu Merino va Rays uchun qulay muhitni yaratishi mumkin. Xullas, jang tugamadi. To‘g‘ri, favorit bor, ammo bu javob bahsida PSJga oson bo‘ladi, degani emas. Arteta sozlamalarni to‘g‘rilay olsa va PSJda qaysidir detal ishdan chiqib ketsa, javob bahsida umuman kutilmagan stsenariy guvohi bo‘lishimiz mumkin. Ha, mana shu ikki murabbiy qo‘l ostidagi jamoalar harakat qilganda masala taktikaga borib taqalaverishi aniq.
Karim Xudayqulov
(Tahlilda Sports.ru tahliliy jurnalisti Vadim Lukomskiyning fikrlaridan ham foydalanildi)
Fikrlar