
O‘zbekiston U-15 termasi Xorvatiyaga yo‘l oldi. Xalqaro musobaqada kuchli raqiblar bilan o‘yinlar o‘tkaziladi
Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston U-15 terma jamoasi Zayniddin Tojiev boshchiligida Toshkentda yig‘in o‘tkazdi. Jamoa oldida bir qator muhim turnirlar kutib turibdi. Xususan, vakillarimiz Xorvatiyada bo‘lib o‘tadigan "Vlatko Markovich" U-15 xalqaro musobaqasida ishtirok etadi.
Kecha O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ushbu musobaqa oldidan tayyorgarlik rejalari bilan tanishish, murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan suhbatlashish maqsadida terma jamoa bazasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi. Uchrashuvda O‘FA tomonidan futbolchilarimizning oldinda turgan turnirlarga sifatli va tizimli tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi ma’lum qilindi.
Ravshan Ermatov futbolchilar bilan suhbatda har bitta mashg‘ulotlarga astoydil kirishish, turnirlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun har kuni o‘z ustida ishlash zarurligini ta’kidlab, terma jamoa a’zosi bo‘lish har bir futbolchi uchun sharaf ekanligiga e’tibor qaratdi. Bu borada hozirdanoq professionalizm, intilish va mehnatsevarlikni o‘zida mujassam qilib borish kerakligini aytdi.
Zayniddin Tojiev boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbatlashildi. Har kunlik tayyorgarlikka zamonaviy yondashish, yangi texnologiyalarni jalb etish, sport tibbiyoti, farmakologiya, vitaminizatsiya va tiklanish jarayoniga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, "Vlatko Markovich" xalqaro turnirida umumiy hisobda 8 ta — Xorvatiya, O‘zbekiston, Irlandiya, Bosniya va Gertsegovina, Uels, Bolgariya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya terma jamoasi ishtirok etadi. Vakilalarimiz “A” guruhidan joy olgan bo‘lib, guruhda Xorvatiya, Irlandiya va Chernogoriya terma jamoalariga qarshi to‘p tepishadi.
Jamoamizning dastlabki o‘yini 11 may kuni mezbon Xorvatiyaga qarshi o‘tkaziladi. Bugun terma jamoamiz musobaqada ishtirok etish uchun Xorvatiyaga yo‘l oldi.
Fikrlar