
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari EChL finali oldidan o‘z taxminlarini bildirib o‘tdi
Bugun Evropa chempionlar ligasi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Madridning "Real" hamda Dortmundning "Borussiya" jamoalari to‘qnash keladi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari mazkur bellashuv oldidan o‘z taxminlarini bildirib o‘tdi.
"Navbahor" etakchilaridan biri Jamshid Iskanderov final haqida o‘z fikrlarini quyidagicha izohladi:
"Juda ham qiziqarli final kutyapman. Bellashuvda "Real" qiyinchiliksiz g‘alaba qozonsa kerak. Ular chempionlar ligasida qanday harakat qilishni yaxshi bilishadi. Bellingemdan gol kutyapman! Tahminiy hisob - 3:1".
"Lochinlar"ning yana bir futbolchisi Ruslanbek Jiyanov ham "Real"ning g‘alabasini taxmin qildi.
"Menimcha, bugungi chempionlar ligasi finali juda qiziqarli bo‘ladi. Taxminimcha, "Real Madrid" ushbu o‘yinda g‘alaba qozonadi. Chunki "qirollik klubi"ni juda yaxshi bilasiz, chempionlar ligasi tarixida eng ko‘p sovrinni qo‘lga kiritgan jamoa hisoblanadi. Qolaversa, so‘nggi yillardagi ishtirokidan ham xabardorsiz.
Endi "Borussiya Dortmund"ga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu jamoa ham bejizga finalga etib kelmadi. Finalgacha bo‘lgan yo‘lda PSJ va "Atletiko"dek jamoalarni mag‘lub etgani bu jamoaning finalga loyiq ekanligini bildiradi. Final juda qiziqarli bo‘lishiga shubxa yo‘q."
Yaqinda "Nasaf" bilan Superkubokda g‘alaba qozongan Akmal Mozgovoy "qirollik klubi" qiyinchilik bilan g‘alaba qozonishini taxmin qildi.
Ushbu uchrashuvda "Real" g‘alaba qozonishini kutyapman, lekin madridliklar katta qiyinchilikka uchraydi. Chunki "Borussiya D" maydonda ikkinchi raqamli bo‘lib harakatlanishni juda yaxshi uddalaydi va bundan maksimal natija qila oladi. Uchrashuvdagi taxminiy hisob - 2:1, "Real" foydasiga.
Bundan tashqari, Karlo Anchelotti ham futbolchi, ham murabbiy sifatida chempionlar ligasining ko‘plab finallarida qatnashgan. Bu faktor ham uning jamoasiga qo‘l keladi.
Farg‘onaning "Neftchi" safida harakat qilayotgan Husain Norchaev ham sobiq jamoadoshi Akmal Mozgovoy bilan bir xil hisobni taxmin qildi.
"Ushbu uchrashuvda nemislar birinchi bo‘lib gol kiritishadi, "Real" esa o‘zining uslubida xotirjamlik bilan g‘alaba qozonadi. Ikkinchi golni ham "Realcha" uslubda so‘nggi daqiqalarda kiritadi. Vinisius Junior o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lsa kerak.
"Qayrat"ning chap qanot himoyachisi Ibrohimhalil Yo‘ldoshev esa boshqacha fikrda.
"Real" qog‘ozda favorit bo‘lishi mumkin, biroq "Borussiya" g‘alaba qozonsa kerak. "Sariklar" madridliklarning asosiy futbolchilaridan bir Jud Bellingemni juda yaxshi biladi. Jud bugun o‘z darajasida o‘ynolmasa kerak. Yakuniy hisob - 2:1 nemislar foydasiga."
Eslatib o‘tamiz, "Borussiya" - "Real" uchrashuvi bugun tungi soat 00:00da start oladi.
Fikrlar