
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘iniga chaqirilgan futbolchilar orasida yana o‘zgarish bo‘lishi mumkin
Rossiya Premer-ligasi 10-turidan o‘rin olgan "Rubin" - "Nijniy Novgorod" uchrashuvida mehmonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yin taqdirini hal etgan yagona gol 61-daqiqada Kalinskiy tomonidan kiritildi. Nikolay 11 metrlik nuqtadan zarba yo‘llashda adashmadi.
Bellashuvni "Nijniy Novgorod" klubidagi hamyurtimiz Ibrohimhalil Yo‘ldoshev asosiy tarkibda boshladi va 73-daqiqada jarohat tufayli almashtirildi. Hozircha, jarohatning qay darajada jiddiyligi ma’lum emas. Ammo u kichik jarohat olgan bo‘lsa ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining shu oydagi yig‘inini o‘tkazib yuborishi mumkin. Chunki terma jamoamizning mashg‘ulotlari tez orada boshlanadi.
Avvalroq, Moldovaning "Sherif" jamoasi sharafini himoya qilayotgan Jasur Yaxshiboevning ham jarohat tufayli yig‘inda qatnasha olmasligi ma’lum bo‘lgandi.
Srechko Katanets bir necha kundan so‘ng Iordaniyada yig‘in tashkil qiladi. 9 oktyabrda Malayziya, 12 oktyabrda esa Iordaniya bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz.
Fikrlar