
O‘zbekiston Kubogi. "Lokomotiv" penaltilar seriyasida yutadi, "Nasaf" yaxshi jamoa-yu, baribir...
Superligadagi tur o‘yinlaridan keyin navbat yana O‘zbekiston Coca-Cola Kubogiga! Bu safargi to‘qnashuvlar yanada jiddiy. Jamoalar endi yarim final yo‘llanmasi uchun 1\4 finalda kuch sinashishadi. Kubok doirasida klublar saralanib qoldi. Eng kuchli 8 ta jamoa chorak finalga chiqdi. Shu bois mutaxassislardan biri Dilshod Nuraliev to‘rtta juftlik bo‘yicha o‘zining munosabatini bildirdi.
2 sentyabr (juma)
“So‘g‘diyona” – “Qizilqum”
- “So‘g‘diyona” chempionatda “Olimpik” jamoasiga yutqazib qo‘ydi. Menimcha, bu ham Kubok o‘yini oldidan “So‘g‘diyona”ga turtki bo‘ladi va “Qizilqum” bilan uchrashuvga boshqacha ruhlanib tushadilar. Buning ustiga o‘yin Jizzaxda bo‘ladi. Nazarimda, mezbonlar g‘alaba qozonadi. Chempiontda “Qizilqum”ning “So‘g‘diyona” maydonida yutib ketgani esimda. Bu safar esa imkoniyatlar 60x40. Shaxsan men “So‘g‘diyona”ning imkoniyatini yuqori baholayman. Ammo unchalik gollarga boy uchrashuv bo‘lmaydi. Ikkita gol urilsa kerak. Balki 2:1 bo‘lar...
“Navbahor” – “Paxtakor”
- Juda ham qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Chempionatda ham qanday o‘yin bo‘lganini ko‘rdik. Jiddiy kurashlarga boy o‘yin kechdi. Menimcha, “Navbahor” o‘z muxlislari qarshisida va ularning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi ostida kichik hisobda yutsa kerak. Rosti, bu safargi bahs chempionatdagidan ham qiziqarliroq bo‘lishi kerak. Chunki ikkita raqib bir-birining kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rib oldi. Kimda qanday xatolar borligini ham bilib olishdi. Raqiblar yaxshi o‘rganishdi. Shuning uchun Kubok bahsi yanada qiziqarli o‘tadi, deb o‘ylayman.
3 sentyabr (shanba)
“Andijon” – AGMK
- “Andijon” pro ligada bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z uyida doim jonini berib o‘ynaydi. Lekin o‘yinchilarning mahorati yuzasidan olib qarasak, nazarimda AGMK yutsa kerak. Balki 0:2 yoki 1:3 bo‘lar. Lekin shuni alohida aytishim kerakki, “Andijon” jamoasi menga yoqdi. Ularning “Turon” bilan bo‘lgan o‘yinini ko‘rdim. Murabbiy yaxshi jamoa qurgan. Bo‘yi baland futbolchilari standartlardan, autlardan uzatilgan to‘plarda xavfli o‘yin ko‘rsatishyapti. Bo‘yi uzun futbolchilarning ustun tomonlaridan unumli foydalanishyapti. Ko‘proq uzun paslar va standartlarda xavfli ko‘rinyapti. Albatta, mezbonlarning mana shunday o‘yin namoyish etishi ham AGMKga muammo tug‘dirishi mumkin.
“Nasaf” – “Lokomotiv”
- “Lokomotiv”da bosh murabbiy o‘zgardi. Futbolchilarning ishtiyoqi yanada kuchaydi, deb o‘ylayman. Server Jeparov baribir o‘ziga yarasha nomga ega. “Loko” futbolchilari himoyaviy o‘yin ko‘rsatib, 0:0 hisobida durang qayd etdi. Bu safargi o‘yin ham menimcha asosiy vaqti durang bilan tugaydi. Penaltilar seriyasida mening fikrimcha “Lokomotiv” g‘alaba qozonadi. “Nasaf” yaxshi jamoa. Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdievning ish uslubi, akademiyaning yaxshi ishlashi, tarbiyalanuvchilari ko‘pligi bu yaxshi holat. “Nasaf”da o‘zining o‘yini ma’nosi borligi shundoq ko‘rinib turibdi. Bu erda murabbiy tomonidan qilinayotgan katta ish bilinyapti. Baribir yosh jamoa. Charchoq alomatlari bor. “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvda “Nasaf” o‘yinchilarining “svejiy” emasligi ko‘rindi. Organzim charchaganidan keyin miya ham charchaydi. Kerak paytda to‘g‘ri qaror qabul qila olmaydilar. Shuning uchun “Lokomotiv”ga gol ura olmadi. Albatta, raqib jamoa ham ajoyib va tartibli himoyalandi. Futbolchilari murabbiyning taktikasini bajarishdi. Kubokda ham chempionatdagi o‘yin takrorlanadi. “Nasaf” hujum qiladi, “Lokomotiv” qarshi hujumda harakat qiladi. O‘sha gap: uchrashuv asosiy vaqti durang bilan yakunlanib, “Lokomotiv” penaltilar seriyasida yutib ketsa kerak. Bu mening fikrim.
Fikrlar