
O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni uchrashuvi OFK klassik to‘qnashuvlar qatoriga qo‘shgan o‘yin. Raqibning JChlaridagi ishtiroki va sharmandali mag‘lubiyatlari haqida
Xabaringiz bor, ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ushbu bellashuv oldidan biz raqib haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Tanishing – Saudiya Arabistoni
Saudiya Arabistoni terma jamoasi 1956 yildan xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshlagan. Shu yili FIFAga qo‘shilgan, oradan 3 yil o‘tib, OFKga a’zo bo‘lgan.
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi rahbari Nauaf Bin Fayzal Bin Abdul Aziz. Terma jamoa bosh murabbiyi frantsiyalik Erve Renar. Ushbu mutaxassis shu yili yozda boshqaruvni qo‘lga oldi.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi ilk rasmiy o‘yinini 1957 yili Livanga qarshi o‘tkazgan va bellashuvda durang qayd etilgan. Saudiyaliklarning eng yirik g‘alabasi 2015 yili Sharqiy Timor bilan bahsda kuzatilgan. O‘shanda bo‘lajak raqibimiz 10:0 hisobida zafar quchgan. Saudiya Arabistoni 1961 yili Misrdan 13:0, Marokashdan esa 13:1 hisobidagi eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilgan.
Ushbu jamoa shu paytga qadar jahon chempionatida 5 bor qatnashgan: 1994, 1998, 2002, 2006, 2018. Debyut ishtirokida nimchorak finalgacha borgan va bu mundillardagi jamoaning eng yaxshi natija hisoblanadi. Qolgan jahon chempionatlarida guruh bosqichi bilan kifoyalangan.
Osiyo kubogida 10 marta qatnashgan: 1984 chempion, 1988 chempion, 1992 finalchi, 1996 chempion, 2000 finalchi, 2004 guruh bosqichi, 2007 finalchi, 2011 guruh bosqichi, 2015 guruh bosqichi, 2019 nimchorak final. Ko‘rib turganingizdek, saudiyaliklar ilk ishtiroklaridayoq ketma-ket 2 marta kubokni qo‘lga kiritishgan. Umuman olganda, jamoaning Osiyo qit’asidagi ko‘rsatgichlari ancha yaxshi.
Saudiya Arabistoni FIFA reytingida 69-o‘rinni band etgan. JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichida Yaman (2:2) va Falastin (0:0) bilan safarda durang o‘ynadi. Singapur (3:0)ni esa yirik hisobda taslim etdi. Ushbu bellashuvlardan 6 ochko jamg‘argan Emre Renar shogirdlari turnir jadvalida O‘zbekistondan so‘ng ikkinchi pog‘onada bormoqda.
Saudiya Arabistonining noyabr oyidagi o‘yinlar uchun tarkibi
Erve Renar kelayotgan ikkita bellashuvga kengaytirilgan tarkibni ma’lum qildi.
Quyidagi 25 futbolchi 14 va 19 noyabr kunlari o‘tkaziladigan uchrashuvlarga chaqirildi.
Darvozabonlar: Amin Buxari, Favaz Al Qarni (ikkalasi - "Al Ittihod"), Muhammad Al Ovays ("Al Ahli")
Himoyachilar: Abdullah Madu, Abdulrahmon Al Obayd (ikkalasi - "Al Nasr"), Ziyod Al Sahafi, Saud Abdulhamid (ikkalasi - "Al Ittihod"), Muhammad Al Kubroni ("Al Ahli"), Hassan Al Tambakti ("Al Vahda"), Yosir Al Shahroni, Muhammad Al Burayk (ikkalasi - "Al Hilol")
Yarim himoyachilar: Abdullah Al Haybari, Abdulrahmon Al Dossari, Yahyo Al Shehri (barchasi - "Al Nasr"), Abdulloh Otayf, Salmon Al Faraj, Salim Al Dovsari, Navaf Al Obid, Xatan Bahbri (barchasi - "Al Hilol"), Abdullah Al Malki, Abdulaziz Al Bishi (ikkalasi - "Al Ittihod"), Abdulfattoh Asiri ("Al Ahli")
Hujumchilar: Feraz Al Brikan ("Al Nasr"), Abdullah Al Hamdan ("Al Shabab"), Harun Kamara ("Al Ittihod").
Uchrashuv chiptalari
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘yini chiptalarini elektron shaklda sotib olishlari mumkin.
Muxlislar 3 xil toifada chiptalar harid qilishlari mumkin:
1-toifa – 15 000 so‘m;
2-toifa – 25 000 so‘m;
CIP – 35 000 so‘m.
OFK klassik to‘qnashuvlar qatoriga qo‘shgan o‘yin
Bir necha oy avval OFK rasmiy sayti JCh-2022 saralash bosqichining ikkinchi raundida bo‘lib o‘tadigan ba’zi uchrashuvlarga alohida ahamiyat qaratgandi va kutilayotgan klassik to‘qnashuvlar deb atadi. Mazkur bahslar orasida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni qarama-qarshiligi ham keltirilgan.
- 14 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni uchrashuvi o‘tkaziladi. Har ikki jamoa yangi murabbiy qo‘l ostida jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi. Qizig‘i, ikkala mutaxassis ham Afrika qit’asida ishlagan (Ektor Kuper nazarda tutilgan) va Osiyoga nisbatan Afrika futbolini birmuncha yaxshi biladi, - deyilgan OFK rasmiy saytida.
O‘zaro to‘qnashuvlar
Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro 10 uchrashuvning 4 tasida vakillarimiz g‘alaba qozonishgan. 5 o‘yinda imkoniyat boy berilgan va bitta bahsda durang qayd etilgan. To‘plar farqi: 13-21 raqib foydasiga.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining saudiyaliklarga qarshi bahslardagi eng yirik g‘alabasi 4:1, 3:0. Eng yirik mag‘lubiyatimiz esa 5:0.
Jamoalar bir marta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishgan va o‘shanda saudiyaliklar o‘z uylarida yirik hisobda zafar quchishgan.
O‘zaro qarama-qarshiliklarning birinchisi va oxirgisida g‘alaba qozonganmiz. O‘ylaymizki, terma jamoamiz 14 noyabr kuni mazkur yoqimli an’anani davom ettiradi.
1994 yil 3 oktyabr. Osiyo o‘yinlari
Suadiya Arabistoni U-23 – O‘zbekiston 1:4
2000 yil 20 oktyabr. Osiyo kubogi
Suadiya Arabistoni – O‘zbekiston 5:0
2004 yil 22 iyul. Osiyo kubogi
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 1:0
2005 yil 9 fevral. JCh-2006 ikkinchi saralash bosqichi
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 1:1
2005 yil 8 iyun. JCh-2006 ikkinchi saralash bosqichi
Suadiya Arabistoni – O‘zbekiston 3:0
2007 yil 22 iyul. Osiyo kubogi
Suadiya Arabistoni – O‘zbekiston 2:1
2008 yil 26 mart. JCh-2010 uchinchi saralash bosqichi
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 3:0
2008 yil 22 iyun. JCh-2010 uchinchi saralash bosqichi
Suadiya Arabistoni – O‘zbekiston 4:0
2010 yil 9 oktyabr. O‘rtoqlik o‘yini
Suadiya Arabistoni – O‘zbekiston 4:0
2015 yil 18 yanvar. Osiyo kubogi
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 3:1
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni uchrashuvi ertaga 17:00da "Paxtakor" stadionida o‘tkaziladi.
Fikrlar