
O‘zbek bokschisi mashhur "Bellator" jangchisini mag‘lub etganini bilasizmi?
2004 yil Filippinning Puerto-Prinsesa shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan. Ikki oltin -54 kg vaznda Bahodirjon Sultonov hamda +91 kg vaznda Rustam Saidov hisobiga yoziladi.
Albatta, bugun biz bu chempionat haqida emas, balki ushbu turnirdagi qiziq holat to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz. Aniqroq qilib aytganda, hamyurtimiz Rustam Saidov finalda Tojikiston sharafini himoya qilgan asli rossiyalik, mashhur MMA jangchisi Sergey Xaritonovni mag‘lub etadi. Tojikiston delegatsiyasi tarkibidan o‘rin olgan Xaritonov birin-ketin raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalda xitoylik Chjan Chjileydan ustun kelib, finalga yo‘l oladi. Rustam Saidov esa, ushbu bosqichda printsipial raqibi qozog‘istonlik Muxtorxon Dildabekovni musobaqadan chiqarib yuborib, hal qiluvchi bosqichga etib keladi.
Finalda esa, omad yurtdoshimizga kulib boqadi. Mazkur jang qanday bo‘lganligi barchaga qiziq ekanligini inobatga olib, biz sovrindor bokschimiz Rustam Saidovdan ushbu jang haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdik.
- Xaritonovni Tojikiston terma jamoasiga jalb qilishgan edi. U qaysidir ma’noda ishonchni oqlagan. Chunki, kuchli raqiblarni mag‘lub etib, finalga etib kelgandi. To‘g‘risi, ajoyib harakat qilgan. Chidami yuqori edi. Men har ikki qo‘lda ishlay olishim qo‘l kelgandi. Birinchi raundda asosiy zarbani o‘ng qo‘lda berishga harakat qildim. Zarbalar aniq etib bordi. Lekin unga ta’sir qilmadi. Keyingi raundda taktikani o‘zgartirib, asosiy zarbani chap qo‘lda yo‘llay boshladim. Bir-ikki kuchli zarbam jigariga o‘tib ketdi va keyin u to‘xtab qoldi. Jang to‘liq davom etgan. Juda jiddiy qarshilik ko‘rsata olgandi. Boksdagi mahorati va matonati evaziga Sergey MMA olamida o‘z so‘zini ayta oldi. Ochig‘i, bu jangchini hurmat qilaman.
Fikrlar