
Ostonamizda dastlabki tur: "Etarli darajada kuchaya olmadi, OKMK ikki karra kuchli"
3 mart kuni Superliganing dastlabki tur o‘yinlariga start beriladi. Muxlislar sog‘ingan katta futbol ostonamizda turibdi. Hamma o‘zining sevimli jamoasining o‘yinlarini intiqlik bilan kutishmoqda.
Chempionat avvalida barcha klublarda imkoniyat bir xil bo‘ladi. 1-turdan boshlab ajoyib o‘yinlar va qiziqarli sarguzashtlar kutayotganiga ishonamiz. Bilasiz, ilk turdagi uchrashuvlar 3 kun davomida bo‘lib o‘tadi. Mutaxassislardan biri Bahrom Haydarov 1-turdagi 7 ta juftlik haqida o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi.
3 mart
“Paxtakor” – “Olimpik”
- Rosti, bu o‘yinda imkoniyatlarni 70\30 “Paxtakor” foydasiga degan bo‘lardim. “Olimpik” klubiga ancha qiyin bo‘lsa kerak. “Paxtakor” chempionatga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Chempion jamoada imkoniyat katta deb o‘ylayman.
“Metallurg” – “Neftchi”
- “Metallurg” chetga chiqmasdan shu erda tayyorgarlik ko‘rdi va ko‘pchilik boshqacha fikrlashi mumkin. Lekin bu jamoani o‘z maydonida o‘ynashini hisobiga imkoniyatlarni 50\50 sifatida baholayman. Ikkala jamoa ham yaxshi tarkib yig‘ishga harakat qildi.
4 mart
“So‘g‘diyona” – “Bunyodkor”
- “So‘g‘diyona” minimal hisobda g‘alaba qozonsa kerak. Sababi, “Bunyodkor” etarli darajada kuchaya olmadi. Jamoaga yangi qon kirib kelyapti. “So‘g‘diyona”da asosiy poydevori kuchli jamoa. Buning ustiga o‘z maydonida o‘ynashadi. Bu narsa ularga qo‘l kelishi mumkin.
“Nasaf” – “Andijon”
- Bu juftlikda “Nasaf” mezbon. Fikrimcha, maydon egalari yutsa kerak. Imkoniyatlarni 70\30 deyishim mumkin. Chunki “Nasaf” o‘zi kuchli jamoa. Yaqinda Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynab yutqazdi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin bu safar chempionatni g‘alaba bilan boshlash uchun astoydil harakatda bo‘ladilar. “Andijon” jamoasini hali yaxshi bilmaganim uchun ular haqida hozircha aniq fikr bildira olmayman.
“Navbahor” – “Qizilqum”
- “Navbahor” doimgidek chempionlik uchun kurashadi. Katta ustunlik namanganliklar tarafida bo‘ladi. Chunki tarkibi ham, o‘yini ham “Navbahor”da kuchli. Ushbu uchrashuvda “Qizilqum”ga juda qiyin bo‘ladi.
5 mart
“Surxon” – OKMK
- 40\60 OKMK foydasiga deya olaman. “Surxon”da yana ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Tarkibi ko‘proq yoshlar bilan to‘ldirildi. Ularda hayajon bo‘ladi, uni engish oson bo‘lmaydi. To‘g‘ri, qishda bir-ikkita yaxshi o‘yinchilarni olishdi. Solishtirsak, OKMK ikki karra kuchli.
“Turon” – “Buxoro”
- Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Menimcha, “Turon”da g‘olib chiqish imkoniyati 60\40. “Buxoro” unchalik katta o‘zgarish qilmadi. “Turon” kuchliroq va o‘z uyida o‘ynayapti.
Fikrlar