
O‘runovning transfer pullari qaerga ketdi?
Oston O‘runovni Rossiya futboliga olib kirgan “Ufa” joriy mavsumda premer-ligada raqobatga dosh bera olmayapti. O‘tgan yilgi ishonchli o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan jamoa joriy mavsumda premer-liga autsayderiga aylanib qoldi.
“Ufa”ning bu holatga tushib qolishi ko‘p jihatlan etakchi futbolchilarning boshqa jamoalarga transfer qilingani va ularning o‘rniga munosib o‘rinbosarlar topilmagani bilan bog‘liq. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda qisqa muddatda ufaliklarning etakchi o‘yinchisiga aylangan Oston O‘runov, shuningdek, Daniil Fominning boshqa jamoalarga ketgani “Ufa”ning shakllangan o‘yinini sochib yubordi.
“Ufa” klubi direktorlar kengashi raisi Rostislav Murzagulov jurnalistlarga bergan intervyusida Oston O‘runovning kashf etilishi va “Spartak” jamoasiga transfer qilinishiga oid yangi ma’lumotlarni oshkor qildi.
- Biz yozgi transferlar davrida asosiy futbolchilarimiz – Daniil Fominni “Dinamo”ga, Oston O‘runovni “Spartak”ga transfer qildik. Ularni ushlab qola olmasdik. Shunday qilmaganimizda qolganlarga maosh berish uchun hech narsamiz bo‘lmasdi. Aminmanki, agar ketganlarning o‘rniga futbolchi olib kelish bilan Shamil Gazizov shug‘ullanganida munosib o‘rinbosarlar topilgan bo‘lardi.
Gazizovning ajoyib xususiyatlari bor. Masalan o‘tgan qishda Oston O‘runovning transferi uchun umuman pulimiz yo‘q edi. Koronavirus pandemiyasi boshlangan, homiylarimiz asosiy e’tiborini koronavirusga qarshi kurashishga qaratgan edi. Shunda men Gazizovga “O‘runovni olishimiz kerak, lekin pulim yo‘q. Bir o‘ylab ko‘rchi, nima qilsak bo‘larkin. Oston yarq etib porlay oladi”, dedim. Gazizovning o‘zi pul topib, Ostonni olib keldi.
Shu joyda e’tiborga molik bir jihat bor. Biz O‘runovning transferini qimmatroqqa sotishimiz mumkin edi. Lekin Shamil uni o‘zi qaerga kerakli, deb hisoblagan bo‘lsa, o‘sha erga olib o‘tdi. O‘runovning olib kelinishidagi holat esimda turgani uchun Gazizovning qaroriga e’tiroz bildirishga ma’nan haqqim yo‘q edi.
- Oston O‘runovga TsSKA va “Rubin” ham qiziqish bildirgandi. Ular “Spartak”dan ko‘proq summa taklif qilganmidi?
- Bu klublarning takliflari bo‘yicha detallarni oshkor qilishim, ularga yoqishiga amin emasman. Ular keyinchalik Ostonni o‘rniga olgan futbolchilarga e’tibor qaratsangiz, qaysi tipajdagi yarim himoyachi kerak bo‘lganini darrov bilib olasiz.
Lekin bu klublar bilan yaxshigina savdolashish mumkin edi. Biroq, Shamil O‘runovni topdi, uni Rossiyaga olib keldi, transferini to‘ladi. Hammasini o‘zi hal qildi. Men Gazizovga nima deya olardim? “Yo‘q, endi biz foyda ko‘rishimiz kerak”, deyishim kerakmidi? Men bunday qilolmayman.
Ta’kidlashim kerakki, qiyinchilik davrida barcha futbolchilarning maoshlarini faqatgina O‘runov va Fomin transferidan tushgan mablag‘dan to‘ladik, - dedi Rostislav Murzagulov.
Ma’lumki, “Spartak” klubi Oston O‘runovning transferi uchun “Ufa”ga 1,5 million evro o‘tkazgan. Oston esa, moskvaliklardan yiliga 600 ming evro miqdorida maosh olishi haqida xabarlar tarqatilgandi. Shuningdek, TsSKA va “Rubin” Oston O‘runovni olish uchun ufaliklarga ikki million evro va keyingi transferlardan bonus va’da qilgan. Biroq, Rossiya futboli uchun Ostonni kashf qilib bergan Shamil Gazizov o‘zbekistonlik legionerni o‘zining yangi ish joyi – “Spartak” klubiga olib ketdi.
O‘runov “Spartak”ning “supertransferiga” xalaqit qilyaptimi?
O‘runov jarohatdan qutildimi? Bosh direktor so‘nggi ma’lumotni e’lon qildi
ProSports Management: O‘runovning agenti juda jiddiy odam, Ostonga hamon yangi takliflar bor!
O‘runovning jarohati haqida yangi ma’lumot
Murabbiy O‘runovning yulduz darajasiga etishiga ishonmoqda
Fikrlar