"O‘rnimga evropalik mutaxassislarning kelishi haqida gap-so‘zlar yuribdi" - "Dinamo" Hakim Fuzaylov bilan hamkorlikni davom ettirmaydi, chog‘i...

  • 9 dekabr, 2021, 20:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Samarqandning “Dinamo” klubi ham “Neftchi”dan keyin pro ligada ikkinchi o‘rinda egallagan holda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Tecno

Mavsum boshida jamoaga bosh murabbiy sifatida taklif etilgan tojikistonlik Hakim Fuzaylov o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajardi.

Kelasi yilda ham Hakim Qayumovich “Dinamo”ni boshqarishda davom etadimi, degan savolga hozir hech kim jo‘yali javob bera olmayapti. Sports.uz muxbiri murabbiydan qator savollarga javob oldi.

- “Dinamo”da oldingizga qo‘yilgan vazifani bajarib, jamoani Superligaga olib chiqdingiz. Samarqanddagi faoliyatingizdan qanchalik qoniqdingiz?

- Nima deyishim mumkin? Ha, pro liganing ham darajasi ancha yaxshi. Rostdan u erda 4-5 ta jamoa o‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygandi. Bizga esa oz miqdordagi pul, hozirgi tarkib va kam maoshlar bilan Superligaga chiqishga erishdik. Endi bu yog‘iga nima bo‘ladi? Aytishim qiyin. Chunki 30 noyabr kuni meni klub tuzgan amaldagi shartnomam yakuniga etgan. Menga hozircha hech qanday hujjatlarni berishmadi. To‘g‘risi, jamoaning kelajagi borasida hozircha aniqlik yo‘q.

fuzaylov3

- Rejangiz qanday? “Dinamo” rahbariyati sizga yangi shartnoma taklif qilishmadimi?

- Sizga yana bir bor aytaman: hozircha hech qanaqa aniqlik yo‘q. Taxminan 10 kunlardan keyin Samarqandga qaytaman va rahbariyat bilan uchrashaman. Lekin mening o‘rnimga evropalik mutaxassislarning kelishi haqida ko‘plab gap-so‘zlar yuribdi. Shunday ekan, menga klubda qanday lavozim hamda vazifa yuklashlarini hozircha bilmayman.

- Jamoaga mehnatingiz singdi. Og‘ir yo‘lni birga bosib o‘tdinglar. O‘rningizga evropalik murabbiylarning olib kelinishi sizni ranjitmaydimi?

- “Dinamo” jamoasini Superligaga olib chiqa olganimdan xursandman. Lekin bu mening vazifam edi. Boya aytganimdek, hali aniq ma’lumotlar yo‘q va menga “konkret” taklif bilan chiqishmadi. Xafa qilish yoki qilmasligiga kelsak, murabbiylik hayoti shundan iborat.

fuzaylov_3

- Hakim Qayumovich, sizga yurtimizdan yoki boshqa joylardan takliflar tushyaptimi? Qanday yo‘l tutmoqchisiz?

- Takliflar bor, O‘zbekistondan ham, boshqa mamlakatlardan ham. Lekin avval o‘ylab ko‘rish kerak. Birinchi bo‘lib Samarqanddagi vaziyatga oydinlik kiritib olishimiz lozim. Ana shundan so‘ng yangi ish joyini topish bilan shug‘ullansak bo‘ladi. Odatda, men shunday ishlashga o‘rganganman.

fuzaylov2

- “Dinamo” klubining sizlardan qarzi qolmaganmi? Hammasi to‘liq hisob-kitob qilinganmi?

- Moliyaviy tomondan mutlaqo hech qanday muammolar yo‘q. Hammasi yaxshi. U erda maoshlar katta miqdorda bo‘lmagan. Shuning uchun ham aytarli muammolar yuzaga kelmadi. Bundan tashqari, klub eng kichik byudjetga ega bo‘lgan holda vazifani to‘liq bajardi.

- Shartnomada “Dinamo” Superligaga chiqsa, alohida bonuslar ham yozilganmi?

- Men Samarqandga pullar uchun bormadim. Avval boshidanoq klubning oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilganini aytishgan. Shu bois bu menga qiziq tuyuldi. Boz ustiga 20 yil oldin ham Samarqandda ishlaganman. Statistik ma’lumotlarga e’tibor bersangiz, “Dinamo” uchun O‘zbekiston chempionati tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lgan. O‘shanda O‘zbekiston Kubogi finaligacha etib borganmiz va chempionatda 4-o‘rinni egallaganmiz. Shu sababdan ham Samarqand men uchun aslo begona emas. U erda men murabbiy sifatida ajoyib xotiralarga ega bo‘lganman. Tabiiyki, jamoani Superligaga olib chiqishga rozi bo‘ldim.

fuzaylov4

- Bir yil davomida yurtimizda ishladingiz va ayting-chi, Superliga bilan pro ligada o‘sishni ko‘rdingizmi?

- Superliga haqida gapiradigan bo‘lsam, bu etarli darajada qiziqarli chempionat. Ko‘plab ajoyib futbolchilar bor. Shuning uchun Superligada kuchli jamoalar bisyor. Albatta, bunday chempionatda ishlash juda qiziqarli. To‘g‘ri, kamchiliklar ham bor. Lekin hozir bu haqida gapirmoqchi emasman. Umuman olganda, Superligada futbol darajasi ancha yuqori. Pro ligaga kelsak, uchta jamoaning Superligaga chiqqanining o‘ziyoq hammasini aytib turibdi.

fuzaylov1

- Nima deb o‘ylaysiz, “Dinamo” rahbariyati Superligada sizga ishonmayaptimi?

- Bu savolga javob berishim juda qiyin. Jamoa oldiga qo‘yilgan vazifani bajardim. Yana bir marta aytaman: eng kam byudjet bizda edi. Men jamoa uchun mas’ul insonlar haqida ortiqcha gapirishni xohlamayman. Eng asosiysi, amalga oshirgan ishlarimdan mamnunman. Yaxshi jamoani shakllantirdim, futbolchilar ichidagi muhit ham zo‘r bo‘ldi. Jamoaviy birdamlik, o‘yinlarga doimo tayyor bo‘lganimiz evaziga ham vazifani bajardik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!