
Omon G‘ofurov: Hozirgi Pro-Liga avvalgi Oliy Liga saviyasiga teng
Xabaringiz bor yangi mavsumda O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi yuqori va quyi divizion chempionatlarini Superliga va Pro-Liga ko‘rinishida o‘tkazadi. Shu bois har ikkala liga jamoalariga ham bu borada yangicha va qat’iy talablar qo‘yildi.
Ta’kidlash lozimki yangi mavsum Superliga ishtirokchilari soni 12tagacha kamaytirilgach, O‘zPFL qo‘yilgan talablar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazdi va unda klublarga qo‘yilgan talablar bajarilishi o‘rganildi. Ushbu tekshiruvlardan so‘ng, Superliga talablariga Samarqandning "Dinamo" hamda Muborakning "Mash’al" jamoalari to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘lgan. Shu bois endi ushbu ikki klub yangi mavsumda o‘z omadini Pro-Ligada sinab ko‘radi.
Ushbu o‘zgarishlar va islohotlar O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish, klublar imiji va nufuzini oshirish uchun qilinayotgani, bu islohotlar albatta, o‘z mevasini berishi borasida O‘zPFL Bosh direktori Omon G‘ofurov tashkilot rasmiy saytiga quyidagilarni ma’lum qildi.
“Klub infratuzilmasi – klublarimiz uchun eng muhim masaladir. Bu borada kamchiliklar ko‘p. Klub infratuzilmasini rivojlantirish, klublar faoliyatini professional maqomga olib chiqish uchun shu kabi o‘zgarishlar qilish zarur. Biz talablarni ishlab chiqib, ularni klublardan talab qilayotganimizda ularning nomiga, obro‘siga qarayotganimiz yo‘q. Biz shunchaki, ularning professional klub nomiga mos kelishini istaymiz. Bu masalalar borasida fikrlar ko‘p. Agar qaysidir klub talablarga mos kelmagan, talablarni bajarish uchun harakat qilmagan bo‘lsa, bu aynan klubning o‘z aybi va muammosidir. Biz klublarga talablarni bajarishi va kamchiliklarni hal qilish uchun ma’lum vaqt bergan edik. Ammo, belgilangan muddatga talablar bajarilmadi. Shu bois, bu borada muammo bizda emas, klublarning o‘zida”, - dedi Omon G‘ofurov.
“Biz klublarni o‘rganib chiqdik. Xech qaysi klubni kamsitish niyatida emamsiz. Maqsadimiz ikkala ligani ajratish emas, balki har bir ligada kuchli, saviya jihatdan bir biriga mos klublar ishtirok etishini tashkil qilish. Hozirda, futbol jamoatchiligi bu o‘zgarishlarni sal noto‘g‘ri talqin qilayotgandek. Biz Ligalarni kuchaytirishni istaymiz. Pro-Liga avvalgi Oliy Liga maqomiga mos bo‘lishini istaymiz va OAV, futbol jamoatchiligi ham buni shunday talqin qilishini istaymiz. Superligani esa, yangi tashkil qilingan, jahon andozalariga mos tarzda, yuqori saviyada tashkil etiladigan, futbol infratuzilmasi jihatidan barcha talablarga mos, kuchli jamoalar to‘p suradigan liga sifatida talqin qilinishini istaymiz”.
“Umuman, Pro-Liga saviyasini muxlislar ham, OAV ham noto‘g‘ri talqin qilayotgandek. Pro-Liga saviyasi avvalgi Oliy Liga saviyasiga teng. Qanchalik uchrashuvlar kurashlarga boy, qiziqarli va chiroyli kechsa, shunchalik muxlislar ham stadionlarga qaytadi. Asosiy maqsadimiz ham shu. Qolaversa, klublar ham o‘z oldilariga katta maqsad qo‘ysa, ligalarda raqobat kuchaysa, bu futbol saviyasi uchun, futbol imiji uchun albatta katta yutuq. Agar klublar raqobatbardosh tizim va infratuzilma yarata olishsa, aytishim mumkinki, bu ligalar rivoji, umuman, futbol rivoji uchun katta qadamdir”.
“Yana istardikmi, obektiv sabablarga ko‘ra, Pro-Ligada ishtirok etadigan klublar, ushbu mavsum uchun katta reja va maqsadlar tuzishini, bu bilan esa, liga saviyasi, imiji va obro‘si uchun ular katta foyda keltirishsin. Yana, muxlislar qaysi jamoa qaysi ligada ishtirok etishidan qat’iy nazar, o‘z klublari uchun muxlislik qilishda davom etishsa, bu klublar uchun katta stimul. Muxlislar uchun klublar ham bor kuchi bilan o‘ynab, ularning ishonchini oqlash uchun harakat qilishadi”.
Fikrlar