
"Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritgan Messiga joy topilmagan EChL guruh bosqichining ramziy jamoasi bilan tanishing!
Evropa chempionlar ligasining guruh bosqichi o‘z yakuniga etdi. Shu bois, uning yakunlari borasida fikr yuritishning ayni payti. SPORTS.uz EChL guruh bosqichidagi eng yaxshi futbolchilardan tashkil topgan o‘z ramziy jamoasini e’tiboringizga havola etadi.
Darvozabon:
Tibo Kurtua («Real»; Belgiya).
"Real" avvalgidek raqiblaridan bir bosh baland futbol ko‘rsatmayapti. Shuningdek, himoya chizig‘ida ham muammolar etarlicha topiladi, ammo ortda qolgan 6 o‘yinda jamoa o‘z darvozasidan atigi 6 gol olib chiqdi xolos. "Bavariya" posboni Manuel Noer bir o‘yinda o‘rtacha 1,8 bor seyv amalga oshirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich belgiyalik darvozabonda 3,7 ga teng!
Himoyachilar:
Rasmus Kristensen («Zaltsburg»; Daniya).
Daniya terma jamoasi safida Evroda ishtirok etmagan bo‘lsa ham, kuzda chaqiruv olishga muvaffaq bo‘ldi. Jismonan baquvvat va harakatchan himoyachi qanot mudofaasida ancha ishonchli ko‘rinmoqda. U Avstriya chempionatida doimiy gol urib kelayotgani muhim emas. Asosiysi, EChL bahslarida chinakam o‘tib bo‘lmas qoyaga aylana oldi;
Sebastyan Koates («Sporting»; Urugvay).
Portugal klubi Koates bilan va u siz batamom ikki xil jamoa. Klub sardori maydonda bo‘lgan 4 o‘yinda "sherlar" atigi 3 gol o‘tkazib, 9 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘ynamanga 2 uchrashuvda "Sporting" o‘z darvozasidan naqd 9 gol olib chiqdi. Sebastyanni o‘z vaqtida "Liverpul" Urugvaydan Angliyaga olib kelgan, ammo APLning intensiv futbolida qahramonimiz "yo‘qolib" qolgan edi;
Dayo Upamekano («Bavariya»; Frantsiya).
Yulian Nagelsman bilan birgalikda "Bavariya"ga ko‘chib o‘tgan himoyachi moslashuv jarayoni uchun kutilganidan ko‘proq vaqt sarflab yuborgani rost. Endigina 23 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, himoyachi maydonda tajribali futbolchilardek fikr yuritadi. Sovuqonligi bois ko‘plab yakkakurashlarda raqiblarga imkon qoldirmayapti;
Joau Kanselu («Manchester Siti»; Portugaliya).
Aslida, "Siti" safidagi biror bir futbolchini alohida e’tirof etish juda mushkul. Sababi, jamoaning asosiy quroli uning soatdek ishlaydigan o‘yin mexanizmi! Shunga qaramay, Konseluning so‘nggi paytlarda super formada ekanligiga to‘xtalmaslikning imkoni yo‘q. Himoyachi 2 gol va 3 assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.
Yarimhimoyachilar:
Jordan Xenderson («Liverpul»; Angliya).
"Liveprul" ushbu mavsum EChL guruh bosqichidagi 6 o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan birinchi ingliz klubiga aylandi. 1 turdagi ilk o‘yin yodingizdami? "Milan"ga qarshi uchrashuvdagi (3:2) hal qiluvchi golni aynan Jordan kiritgan edi. U qolgan 5 o‘yinda boshqa gol kiritmadi, ammo chinakam sardorlar singari jamoadoshlarini ruhlantirishni uddaladi. Kloppning "Liverpul"ini markazini Hendersonsiz tasavvur qilish mushkul;
Martselo Brozovich («Inter»; Xorvatiya).
"Inter" so‘nggi 4 urinishdan so‘ng, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mazkur natijada xorvatiyalik yarim himoyachining o‘rni beqiyos. U amalga oshirgan uzatmalarning 92 foizi manziliga aniq etib borgan. Bundan tashqari, qahramonimiz maydon markazidagi pressing va yakkakurashlardagi ko‘rsatgichlar borasida ham "Inter"ning guruh bosqichidagi eng yaxshi futbolchisi bo‘libdi;
Qanot hujumchilari:
Muhammad Salax («Liverpul»; Misr).
Salah ayni damda APLning eng sermahsul futbolchisi bo‘libgina qolmay, halqaro arenada ham stabil o‘yin ko‘rsatmoqda. Guruh bosqichidagi 6 o‘yinda 7 gol! Uning yordamisiz "Liverpul" osonlik bilan 18 ochkoni jamg‘ara olmas edi!
Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted»; Portugaliya)
Salahning gollari "Liverpul"ga yordam bergan bo‘lsa, Ronalduning aniq zarbalari "Manchester Yunayted"ni pley-offga "qulog‘idan" tortib olib chiqdi. Krishning 6 goli 3 g‘alaba va "Atalanta"ga qarshi o‘yindagi durangni ta’minladi. Boshqaruvdagi inqiroz va murabbiylar o‘zgarishiga qaramay, portugaliyalik yulduz o‘z darajasini yana bir bor butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi.
Markaziy hujumchilar:
Robert Levandovski («Bavariya»; Polsha).
"Oltin to‘p"ga loyiq ko‘rilmagan Robert guruh bosqichini 9+2 ochko bilan yakunladi. "Bavariya" esa, guruhdagi 6 o‘yinda 22 gol kiritib turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatgichni qayd etdi. Ushbu gollarning 50 foizi Levandovskiga tegishli ekanligini o‘zi polyakka ortiqcha ta’rif berish shart emasligidan dalolat!
Sebastyan Aller («Ayaks»; Kot-dIvuar).
Bunga ishonish qiyin, ammo bahorga qadar chempionlar ligasining joriy mavsumidagi to‘purari "Ayaks" forvardi Sebastyan Aller bo‘ldi! U 10 bor raqib darvozasini aniq nishonga oldi. Bundan tashqari, hujumchi 6 o‘yinning hammasida o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Vaholanki, bu uning faoliyatidagi Evropa chempionlar ligasidagi debyut mavsum.
Murabbiy:
Yuriy Vernidub («Sherif»; Moldoviya).
U boshqaruvidagi jamoa guruh bosqichida qolib ketganiga qaramay, "Sherif" yaxshigina shov-shuv ko‘tarishni uddaladi. Jasur Yaxshiboev to‘p surayotgan klub 7 ochko bilan yakunda Evropa ligasi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Eng muhimi Yuriy Vernidub EChLga Moldoviya klubini olib chiqqan birinchi murabbiy sifatida tarixda abadiy qoladi!
Fikrlar