Olimpiada sovrindori Diyorbek O‘rozboevning diskvalifikatsiyasi bo‘yicha rasmiy munosabat!

  • 22 oktabr, 2021, 17:35
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Dzyudo
CHERY AUTO

Matbuotda dzyudo bo‘yicha Rio-2016 Olimpiadasining bronza medali sohibi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi Diyorbek O‘rozboevdan olingan doping tahlilda taqiqlangan modda aniqlangani haqida xabarlar chop etildi.

Tecno

Unga ko‘ra, Diyorbek O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test ro‘yxati”ga kiritilgan bo‘lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o‘tishi belgilangan. Joriy yilning 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan. Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etani, ya’ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste’mol qilgani aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi. Buning natijasida O‘razboev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Chetlatish 2021 yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilangan.

Dzyudochi diskvalifikatsiya muddati tugagunga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilab qo‘yilganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matni to‘liq keltirilgan xabar yuzasidan o‘z munosabatini bildiradi. Diyorbek O‘razboev milliy terma jamoa a’zosi sifatida oxirgi ishtirok etgan musobaqasi 2021 yilning 18-20 fevral kunlariga to‘g‘ri keladi. U shu sanada Tel-Aviv (Isroil)da o‘tgan “Katta Dubulg‘a” turnirida qatnashgan. Ushbu musobaqadan keyin bir necha bor o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga taklif qilinishiga qaramay, ishtirok etishni istamagan. Bu borada uning o‘zi ham, oila a’zolari ham ogohlantirilgan. O‘zi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, milliy terma jamoadan chetlatilishi bo‘yicha ogohlantirish berilgan.

Shundan kelib chiqib, Diyorbek Baxtiyor o‘g‘lining 2021 yilning fevralidan to shu kungacha dzyudo bilan shug‘ulanmay kelayotgani, tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayotganini inobatga olgan xolda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari ro‘yxatidan chiqarilgan.

Shu o‘rinda xabarga oydinlik kiritib ketamiz, doping-tahlil O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi xodimlari tomonidan olingan bo‘lib, Diyorbek O‘rozboevning Rio-2016 Olimpiadasidagi medaliga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi.

O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!