O‘lim tahdidi, kelishilgan o‘yinlar va hakamlik haqida Diyor Imomxo‘jaev bilan intervyu

  • 31 dekabr, 2021, 22:29
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. "Dangal" loyihasida mehmon bo‘lgan O‘zbekiston professional futbol ligasi rahbari - Diyor Imomxo‘jaev muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.

Tecno

O‘lim bilan tahdid qiladiganlar ko‘pmi?

- To‘g‘risi, buni normal qabul qilaman. PFL rahbari sifatida ish boshlaganimdan buyon, bunday xatlarni tez-tez qabul qilishni boshladim. Aslida bu odatiy holat, biroq bir yigit qizim bilan tushgan suratimni tagiga o‘lim bilan tahdid qilib izoh qoldirgani juda alam qildi. Barchamizni o‘z shaxsiy hayotimiz va muqaddas narsalarimiz bor. Muxlislar jahli chiqqanda ortiqcha gapirib yuborishi mumkin. Shunga qaramay, adekvat insonlar ham ko‘p. Ular men bilan hayotda tanishgach, fikri o‘zgaradi. Negativ bilan negativni farqi katta. Ba’zi aka va ukalarimiz bor. Ular kamchiliklarimizni juda chiroyli qilib tushuntirib berishadi. Biz esa, bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan xolda muammoni bartaraf etamiz. Afsuski, ba’zi insonlarni ochiqchasiga menga nisbatan adovati mavjud. Bu soha shunaqaki, unda to‘g‘ri ishlab kimnidir "dumini" bosishga to‘g‘ri keladi. Ularni ham aka-uka, qarindoshlari bor. Aslida, barchamiz kimnidir hayotidagi yomon obrazdagi insonlarmiz. Shu bois, buni to‘g‘ri qabul qilaman.

Sub’ektiv loyihasida totalizatorni yurtimizda qonuniy qilish uchun birinchilardan bo‘lib qo‘lini ko‘tarib chiqqan inson sifatida aynan sizni e’tirof etishdi. Bunga qanday reaktsiya bildirdingiz?

- Aslida, bu shou. Bunday formatdagi ko‘rsatuvlarni avvallari Xayrulla Nuriddinov muallifi bo‘lar edi. Men bu yo‘nalishni ichiga kirib-chiqqan insonman. Kerak bo‘lsa, yana qayta kirishim mumkin. Birinchi navbatda mavzuni yaxshilab tushunib olish zarur. Kun.uz bilan aloqalarim juda yaxshi. Agar, men bilan uchrashganida, albatta hammasini yotig‘i bilan tushuntirgan bo‘lar edim. Loyihani hurmat qilaman. Uning maqsadi odamlarni yomon yo‘ldan qaytarish, ammo maqsad va yo‘nalish mutanosib bo‘lishi kerak. Men hech qachon insonlarni fikriga qarab ish ko‘rmaganman. Aks xolda, hech narsa qilmasligimga to‘g‘ri keladi.

Sekeyra va Xyuistraning matbuot anjumanida bildirgan fikrlari o‘zbek futboli reputatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadimi?

- Aytgani bilan, bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Kim kutgan edi, Sekeyra kelib, bir yilda "Lokomotiv" tiki-taka uslubini to‘liq o‘zlashtiradi deb? Shaxsan men buni kutmagan edim. Misol uchun, Xavi kelib, "Al-Saad"ni "Barselona" singari to‘p nazoratini qo‘lga olishga qodir jamoaga aylantirdi. Aslini olganda, 100 foiz ishni u amalga oshirgani yo‘q. Bu g‘alabaning ortida 2006-yilda Qatarda ochilgan futbol akademiyalarining xizmati yotadi. Xorijlik murabbiylar qo‘l ostida, yangi avlod futbol olamiga kirib keldi. Xavi qurgan jamoaning g‘ishtlari aynan o‘sha akademiya tarbiyalanuvchilari sanaladi. "Lokomotiv" ustozi esa, "loy" g‘ishtdan Xavi qurgan binoni tiklay olmaydi. Buning uchun yillar kerak bo‘ladi. O‘sha intervyuga qadar Sekeyrani qattiq xurmat qilganman. Natija bo‘lmagach, u bor alamini shu narsadan oldi. "Paxtakor" bosh murabbiyini fikrlariga qo‘shilaman, biroq haqorat qilmaslik kerak. Nima bo‘lganda ham, yildan-yilga sifatli chimga ega stadionlarimiz soni ortib bormoqda.

Sekeyraning uslubi Ektor Kuperni eslatib yuborayotgandek tuyulmoqda. Sizni bu boradagi fikringiz qanday?

- Hozircha biror narsa deyish mushkul. Menimcha, u endigina o‘zbek futboli bilan tanishdi. Uslubi va taktik tanloviga kelasi yildagi o‘yinlardan kelib chiqib fikr bildirishimiz mumkin. Srechko Kantanetsning tayinlanishini yaxshi tanlov bo‘ldi. U Osiyoda ishlagan va o‘rtamiyona jamoalar bilan kuchli termalarga qarshi ijobiy natijalar qayd etgan. Men o‘zimizni futbolchilarni Iroqnikidan kuchli deb hisoblayman. Bizga to‘g‘ri yo‘nalish kerak. Ko‘p o‘yinlarni jonli tomosha qilaman. Bolalar futboli va Xavi haqida bejizga fikr bildirmadim. Yaqinda, reglamentga o‘z shogirdini so‘kish mumkinmasligi borasidagi bandni ham qo‘shib qo‘ymoqchimiz. O‘zi murabbiylarni o‘qitishdan avval, ularni tarbiyalash kerak. Bugungi futbolimiz etakchilarining asosiy yutug‘i ularda kuchli murabbiylar bilan ishlagani. Afsuski, hamma ham bunday ustozlar bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘lmagan. Ikkita murabbiydan xafa bo‘ldim. Bittasi Islom Ismoilov, ikkinchisi "Neftchi"ni (U-18) yoshdagi jamoasi "treneri". Men "Turon"ning sobiq murabbiyi qilgan ishni ko‘rib hayron qoldim. (U-21) musobaqasidagi o‘yin. Yaypanliklar safiga (U-18)dan bir futbolchi chaqiruv olgan ekan. Yosh bola o‘zidan kattaroq akalari bilan to‘p surgani uchun o‘yin paytida ko‘p hayajonlandi. Islom esa, har bir omadsizlikni haqoratli so‘zlar bilan kutib oldi. "Bu qattan kelib qolgan", "Ko‘zimga ko‘rinma" deb baqirganini barcha eshitdi. O‘z murabbiyidan bunday gaplarni eshitgach, u qanday futbolchi bo‘lishi mumkin? "Sindi" u! Men murabbiy shogirdlarini koyimasin demayman, shunchaki bu ishni o‘z joyida qilishni ham bilish kerak.

O‘zbekiston (U-14), (U-16) chempionatlarini SPORTS.uz translyatsiya qildi. O‘sha uchrashuvlarni kuzatgach, yosh bolalarning ekipirovkasi juda ayanchli ahvolda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Siz, klublarga davlat bir yilda necha pul ajratishidan xabardor inson sifatida aytingchi, nahotki jamoalar o‘z akademiyasidagi yosh futbolchilarni libos bilan ta’minlay olmaydi?

- Pul bor, shunchaki insof yo‘q. Aslida, inson o‘z farzandlarini o‘zi emasa ham edirib, kiymasa ham kiydirib katta qiladi. Akademiyadagi yosh futbolchilar ham klublarning farzandlaridek bir gap. O‘z oila a’zosiga befarq bo‘lgan klub ertaga qanday qilib yaxshi kadrlarni etishib chiqishini kutishi mumkin? "Real" va "Barselona" akademiyalaridagi bolalar jamoa logosi tushirilgan liboslarni kiyib to‘p suradi va o‘zini shu klubning bir bo‘lagidek his qiladi. Aslida, o‘z yoshlar jamoasini to‘liq kiyintirish uchun sarflanadigan pullar davlat ajratayotgan pulning juda kichik qismini tashkil etadi. 200 million so‘mni o‘z farzandlaridan ayaydigan klublarga insof tilab qolamiz.

Intervyuni to‘liq tomosha qiling

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!