
"Navbahor"ni yana vodiy derbisida o‘yin kutyapti yoxud Babayan jamoasi uchun OChL oldidan repetitsiyami?
Bugun Superligada 20-tur o‘yinlari davom ettiriladi. “Navbahor” bu safar ham vodiy derbisida o‘ynaydi. O‘z maydonida chemponat autsayderi bo‘lib turgan Yaypanning “Turon” jamoasini qabul qiladi. Ikki xil maqsad uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi o‘yinni kuzatish ham o‘ziga yarasha qiziq.
Turnir jadvalida “Navbahor” 34 ochko bilan 3-o‘rinda, “Turon” esa 12 ochko bilan oxirgi o‘rinda. Albatta, tashqaridan qaraganda, deyarli hamma “Navbahor”ning imkoniyatini baland hisoblamoqdalar va mezbonlarning g‘alabasiga shubha qilmayaptilar. Rosti, namanganliklar oxirgi 5 ta o‘yindan beri yutolmayaptilar. 2 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etildi. O‘tgan turda vodiy derbisida Andijonda oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, alamli tarzda mag‘lub bo‘lishdi.
Hozir “Navbahor” shunday holatdiki, yutmaslikning mutlaqo ilojisi qolmagan. Hatto durang ham namanganlik muxlislarni aslo qoniqtirmaydi. G‘alabaga tashna bo‘lib turgan Samvel Babayan jamoasi “Turon” bilan o‘yinga jiddiy tayyorlangani aniq. Buning ustiga 3 oktyabr kuni “Navbahor” o‘z uyida Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Hindistonning “Mumbay Siti” jamoasini qabul qiladi. “Turon”ga qarshi bahs “Navbahor” uchun OChL oldidan balki o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tab berishi ham mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, namanganliklar Superligada 5 ta uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmasdan qimmatli ochkolarni yo‘qotayotgani bu chempionlik uchun kurashda jamoaning imkoniyatlariin pasaytirayotgani bor gap. OChL o‘yini oldidan “Navbahor”ga g‘alaba zarur va bu futbolchilarning kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi.
Ha, “Turon”dagi vaziyatga ham havas qilib bo‘lmaydi. Boya aytdik, yaypanliklar turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda. 3 ta uchrashuvdan beri yutqazishyapti. Bosh murabbiy Yorqin Nazarov bo‘lajak jiddiy o‘yinda jamoasini qanday ruhlantirishi ham qiziq. Rosti, hozirgi vaziyatda kuchli raqibga qarshi bahsda “Turon” uchun durang ham deyarli g‘alaba kabi ahamiyat kasb etadi.
“Navbahor” – “Turon” jamoalari bunga qadar Superligada uch bor to‘qnashishgan. Babayan jamoasida 2 ta g‘alaba bor va 1 ta bahsda 0:0 hisobi kuzatilgan. To‘plar nisbati 3/0. “Turon” hali “Navbahor” darvozasiga yo‘l topa olmagan. Mehmonlar ushbu bahsda birinchi navbatda o‘z darvozasi dahlsizligini saqlash va qarshi hujumlardan foydalanish payida bo‘ladi. Mezbonlar esa hujumdan boshqasini o‘ylamayotgani aniq. Qolganini o‘yin davomida kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar