
"Navbahor" nazorat uchrashuvida qozoq klubini enga olmadi
O‘z o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Turkiyada olib borayotgan Namanganning “Navbahor” klubi mazkur yig‘in doirasidagi uchinchi nazorat-sinov bahsini bugun Qozog‘istonning “Jetisu” (Toldiqo‘rg‘on) jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Keskin kurashlar ostida kechgan mazkur o‘yinning birinchi bo‘limida "lochinlar"ning mahoratli yarim himoyachisi Abbos G‘ulomov hisobni ochdi. Biroq keyinchalik toldiqo‘rg‘onliklar muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Natijada har ikki jamoa vakillari tanaffusga 1:1 hisobidagi durang bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki klub tarkibida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Natijada o‘yin yanada hujumkor ruhda kechdi.
Ammo yuzaga kelgan xavfli vaziyatlardan foydalana olmaslik natijasida hisob o‘zgarishsiz qoldi.
Mazkur bahsda “Navbahor” ustozi Andrey Kanchelskis maydonga quyidagi futbolchilarni tushirdi: O‘tkir Yusupov, Tohir Shamsitdinov, Igor Golban, Xurshid Muxtorov, Mirzohid G‘ofurov, Islom Rashidxonov, Azimjon Ahmedov, George Andronik, Azizbek Turg‘unboev, Abbos G‘ulomov, Didar Durdiev.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Dilshod Hamroev, Obid Jo‘raboev, G‘iyosjon Komilov, Sardor Telyakov, Ivan Solovyov, Amirbek Jo‘raboev, Islom Isoqjonov, Maksim Votinov.
Shu tariqa, Andrey Kanchelskis shogirdlari Turkiyadagi uchinchi nazorat o‘yinida durangga erishishdi.
Eslatib o‘tamiz, namanganliklar oldingi o‘rtoqlik bahslarida Turkmanistonning “Axal” klubini 1:0, Serbiyaning “Rad” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgandi. E’tiborlisi, Abbos G‘ulomov qatorasiga ikkita o‘yindan buyon gol urmoqda.
Ma’lumot uchun, “Navbahor” Turkiyada yana 3ta nazorat-sinov o‘yinlari o‘tkazadi.
Fikrlar