
"Navbahor" bilan o‘yindan so‘ng "Bunyodkor" matbuot xizmati: VAR ishladi, lekin ishlatilmadi…
Superliga 7-turida "Navbahor" - "Bunyodkor" bahsi o‘tkazildi. Uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchdi.
Mehmonlar matbuot xizmati o‘yindan so‘ng klubning rasmiy telegram sahifasida quyidagilarni bayon etdi: "Turning markaziy o‘yinlaridan biri Namangan shahridagi «Markaziy» stadionda bo‘lib o‘tdi. Namanganlik ishqibozlar bilan to‘lib toshgan bahs maqomiga mos bo‘ldi. Muxlislar 90 daqiqa davomida hujumkor ruhdagi uchrashuvni tomosha qildi. Mezbonlar darvozamiz tomon belgilangan ikki penaltini bittasidan unumli foydalanib, g‘alaba qozongan bo‘lsa, bizning yigitlar ajoyib hujumni chiroyli gol bilan yakunlashdi.
Afsuski Ibrohim Tomivaning goli Namangandan ochko bilan qaytishimizga yordam bermadi.
Afsuski, bosh hakam Rustam Lutfullin birinchi bo‘limda to‘p mezbonlar a’zosi Stanislav Andreevning qo‘liga yaqqol tegib, yo‘nalishini o‘zgartirgan vaziyatni VAR’da ko‘rib chiqmadi.
Afsuski, ikkinchi bo‘limda raqib tomonidan yuqoriga tepilgan to‘p yo‘nalishga orqasi bilan turgan Jahongir O‘rozovning elka aralash qo‘liga tekkani VAR tomonidan ko‘rib chiqildi va darvozamizga penalti belgilandi.
Afsuski, darvozabonimiz Suhrob Sultonovning penalti tepilganda namoyish qilgan seyvi ham bizga ochko taqdim etmadi.
Afsuski, VAR ishladi, lekin biz uchun bir marta ham ishlatilmadi…"
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mutaxassislarining xulosasi taqdim etildi.
Xususan, “Navbahor” — “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi bahsning 39-daqiqasida mezbonlar futbolchisi raqib jarima maydonchasiga kirib kelganda to‘pga birinchi bo‘ldi va himoyachi uni avval chap oyog‘i bilan old tomondan, so‘ng o‘ng oyog‘i bilan raqib tizzasining ortiga kontakt sodir qildi. Ushbu vaziyatda hakam 11 metrlik belgini ko‘rsatdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra bu qaror to‘g‘ri bo‘ldi.
Mazkur o‘yinning 75-daqiqasida havodan kelgan to‘p “Bunyodkor” futbolchisining avval elkasiga, so‘ng qo‘liga tegib maydonni tark etdi. Tezkor dinamikada bosh hakam uchun bu vaziyatni ko‘rish murakkab bo‘lgani sabab, holatni VAR hakamlari ko‘rib chiqishdi. Ehtimoliy penalti uchun hakam maxsus monitorga taklif qilindi. Vaziyatni takroriy lavhalar orqali ko‘rilgach, to‘p avval futbolchining elkasiga, keyin esa qo‘liga tekkani, qo‘l tabiiy holatida emasligi sabab penalti belgilashga qaror qildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra hakam qarori to‘g‘ri bo‘ldi.
Uchrashuvning 90+3 — daqiqasida “Bunyodkor” vakillari burchakdan to‘pni o‘yinga kiritgan vaqtda jarima maydonchasi ichida futbolchilar yiqildi. Hakam bu vaziyatda himoyachi va hujumchi bir-birini ushlagan degan qarorga kelib, o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatdi. VAR hakamlari ham holatni ko‘rib chiqqach bosh hakam qarorini ma’qulladilar. Mutaxassislar fikriga ko‘ra ushbu vaziyatda ham hakamlar qarori to‘g‘ri bo‘ldi.
Fikrlar