
Muxlislar va murabbiyning ehtiroslarini junbushga keltirgan Risqullaev
Xabaringiz bor Coca-Cola Superliganing 10-turida muxlislar bir qator qiziqarli va keskin kurashlarga boy uchrashuvlar guvohi bo‘lishdi. Biroq, ular orasida “Navbahor” va “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni alohida tilga olmaslikning iloji yo‘q. Sababi esa aniq, yana hakamlar...
Tarixdan ma’lumki O‘zbekiston chempionatining eng yorqin, shiddatli va murosasiz bahslari vodiy derbilarida kuzatiladi. Bu erda muxlislarning futbolga bo‘lgan e’tibori, mehri yuqoriligi sabab har bir derbidan so‘ng o‘rinli va o‘rinsiz muhokamalar boshlanib ketadi. Namanganda kechgan “Navbahor” va “Andijon” o‘rtasidagi uchrashuv ham bundan mustasno bo‘lmadi. Biroq, namanganlik ishqibozlarning bu safargi e’tirozlarida chindanda o‘rinli. Keling, hammasini bir boshidan boshlaymiz.
Birinchi navbatda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hakamlar va nazoratchilar departamenti ushbu uchrashuvning ahamiyatini munosib baholay olmadi deb hisoblagan bo‘lardim. Chunki, odatda bunday o‘yinlarga anchayin tajribali va mahoratli hakamlarni qo‘yish kerak edi. Shukrki, bizda Ravshan Ermatovdek dunyo tan olgan hakamimiz bor. U o‘z mehnatlari, o‘yin tizginini bir maromda saqlab turishi va albatta, adolatli qarorlari bilan jahonning eng yaxshi referisi nomini qo‘lga kiritgan, mundiallarda rekordlar o‘rnatgan. Aynan u chempionatimizning mana shunday murakkab uchrashuvlarida ishlashi kerak. Ammo, O‘FA nega ushbu uchrashuvga aynan Ermatovdek hakamni emas, balki bundan bir necha tur avval noma’lum muddatga chetlatilgan Ahrol Risqullaevni tayinladi?
Risqullaev baribir bunday kuchli bosim ostida o‘tadigan o‘yinlarni boshqara olmasligi yana bir bor ayon bo‘ldi. Uning o‘yin davomida yo‘l qo‘ygan mayda xatolarini sanab o‘tirmoqchi emasman. Agar shunday qilsam, men yozishdan, siz esa o‘qishdan zerikib ketasiz. Keling, yaxshisi faqatgina o‘yinni “buzib” qo‘ygan juda qo‘pol xatoga to‘xtalamiz. Birinchi bo‘limdan so‘ng 1:0 hisobida ortda borayotgan “lochinlar” ikkinchi bo‘limda bor e’tiborlarini hujumga qaratishdi. Ketma-ket hujumlar raqib darvozasiga xavf sola boshladi. Aksariya vaziyatlarda “Andijon” darvozaboni Vitaliy Mirniy o‘z seyvlari bilan jamoasi joniga oro kirdi. Biroq, vaziyatlarning birida unga hujumchi Ro‘zimboy Ahmedov ham “ko‘maklashib” yubordi. Aniqrog‘i, u to‘ppa-to‘g‘ri darvoza tomon ketayotgan to‘pni yaqqol qo‘li bilan to‘sib qoldi. Risqullaev esa bu vaziyatni ochiqchasiga ko‘rmaganlikka oldi va 100 foizlik penaltini bermadi. To‘g‘ri, agar hakam bu holatni ko‘rmay qolgan bo‘lishi mumkin dersiz, lekin Risqullaevning nigohi darvoza tomonda edi. U ko‘zlarini yumib olgan deb aytsangiz, qanot hakamlari ham unga qo‘shilib ko‘zlarini yumib olishganmidi? Umuman olganda yordamchi hakamlar mana shunday bahsli holatlarda bosh hakamga yordam berishmasa, ularning nima keragi bor?
Uchrashuvni bevosita stadiondan turib kuzatgan inson sifatida aytishim mumkinki, o‘yindan so‘ng maydonga turli buyumlar uloqtirilgani rost. “Navbahor” ustozi Andrey Kanchelskisning matbuot anjumanida jig‘i biyron bo‘lib, turli haqoratli so‘zlarni aytgani ham rost. Lekin, ularni bu qadar junbushga kelishlariga sabab hakam emasmi? Keling, tan olaylik, ularni bunga adolatsiz hakamlik undadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘z nutqlaridan birida xalqimiz hamma narsaga chidashi mumkin, biroq, adolatsizlikka chidan olmaydi degan edi.
Endi O‘FA hech qachon uchrashuv hisobini o‘zgartirmaydi yoki belgilanmagan penaltini qaytarib bermaydi. Aksincha, O‘FA stadionda tartibsizlik keltirib chiqargani uchun “Navbahor” muxlislarini, hakamlarni tanqid qilgani uchun esa murabbiyni jazolaydi. Uchrashuv “qahramoni” Ahrol Risqullaev esa nari borsa doimgidek 2-3ta o‘yin ko‘rinmay turadi, keyin yana xuddi hech narsa bo‘lmaganday o‘z ishida davom etadi.
Bu maqola orqali “Navbahor”ni va namanganlik muxlislarni oqlamoqchi emasman. Chunki, bu o‘yinda kuzatilgan holatlar keyingi o‘yinlarda Samarqandda yoki Qarshida, Buxoroda yoki Andijonda sodir bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bermaydi. Men muxlislar va murabbiylarning junbushga kelishiga birinchi navbatda hakamlarning xatosi sabab bo‘lishini aytmoqchiman xolos.
Biz esa yuqoridagi holatlar yuzasidan O‘FA qarorini kutib qolamiz.
PS: O‘FA tartib intizom qo‘mitasi Namangandagi voqealarga hukm chiqarishdan oldin aytmoqchiman, “Navbahor”ning mard muxlislari juda ko‘p. Ular mag‘lubiyatni ham, xuddi g‘alaba bilan birdek mardlarcha qabul qilishadi. Biroq, “bitta buzuqi podani changitadi” deganlaridek shu kuni maydonga turli buyumlar uloqtirgan g‘alamis muxlislar ham bo‘ldi. Ular “Navbahor”ning asl ishqibozlari emas deb hisoblayman. Shu kuni stadionda “Navbahor”ning ko‘p sonli asl ishqibozlari ana shunday nojoyiz harakatlarni amalga oshirganlardan (bundaylarni muxlis deb aytishga ham til bormaydi) bunday qilmasliklarini iltimos qilishganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Muxlislik madaniyatiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan bunday ishqibozlar aybiga yarasha jazolanishadi. Biroq, futbolsiz yashay olmaydigan Namangan axlining barchasini ham bunday “qora ro‘yxat”ga kiritib, ularni futbolsiz qoldirish adolatdan emas.
Fikrlar
Paxtakor stadionida nichyaga qanaqa bsyram qivordila?
Futbolchilani kiyinish xonasidaku umuman eplab bo'madi.