
Murod Xonto‘raevning vafotiga ishonmagani, "Bellator"dan tushgan taklif haqida Yuriy Protsenko bilan intervyu
Ukrainalik MMA jangchisi Yuriy Protsenkoni o‘zbekistonlik aralash jang san’atlariga oshno bo‘lgan insonlar yaxshi biladi. Sababi, bu sportchi o‘z vaqtida Qozog‘iston va Qirg‘iziston promoushenlarida kuchli jangchilarga ham haqiqiy boshog‘riq bo‘lgandi. Biroq, so‘ngi vaqtlarda u MMA olamida biroz kamnamo bo‘lib qolgandi…
Xullas, o‘z vaqtida tillarga tushgan Protsenko bilan Sports.uz sayti uchun kichik intervyu tashkil qilindi.
- Assalomu alaykum. Sizga quyoshli O‘zbekistondan salomlar bo‘lsin!
- E’tibor uchun rahmat. O‘zbekiston xalqiga va meni tanigan barchaga salomimni etkazib qo‘yarsiz.
- Albatta, sizni O‘zbekistondagi MMA ishqibozlari yaxshi bilishadi... Nazarimizda so‘ngi vaqtlarda MMA olamida kam ko‘rinayapsiz, faoliyatingizni davom ettiryapsizmi?
- Albatta.
- Qaysi promoushen bilan shartnomaga egasiz?
- Afsuski, hozircha hech bir promoushen bilan kelishuvga ega emasman. Shunga qaramay, takliflar mavjud. Ulardan birini albatta ko‘rib chiqaman. Hozircha, Ukrainadagi kichik turnirlarda chiqish qilib turibman. Har qanday bitim imzolamoqchi bo‘lgan promoushen bilan aloqaga chiqishga tayyorman. Qizig‘i, hozir siz bilan suhbatlashayotgan bo‘lsam, yana ikki soatlardan keyin navbatdagi jangimni o‘tkazaman. (Tahririyat izohi: Yuriy Protsenko ushbu jangda g‘alaba qozondi).
- Ie ajoyibku, xalal bermayapmizmi?
- Yo‘q. Biroz vaqtim bor.
- Unda navbatdagi savolimiz, ya’ni O‘zbekiston MMA olamining yorqin yulduzlari Murod Xonto‘raev hamda Muzaffar Radjabovga qarshi jang qilishingiz bilan yurtimizda anchagina tanilgansiz…?
- Bu yigitlarni yaxshi taniyman. Sportchi va inson sifatida qattiq hurmat qilaman. Ishonasizmi, Murod Xonto‘raevning vafot etganini yurakka juda yaqin oldim. Avvaliga, menga uning avtohalokatga uchragani haqida xabar berdi. Ishonmadim. Men Murodni yaxshi taniganim uchun, hammasi yolg‘on, deb turaverdim. Ertasi kuni, qo‘ng‘iroq qilib O‘zbekistondagi ayrim tanishlarimdan voqeaga izoh berishini so‘radim. Afsuski, hammasi haqiqat ekan. Uning o‘limi butun MDHdagi MMA jangchilari uchun og‘riqli zarba bo‘ldi.
- Muzaffar Radjabovga qarshi jangni qanday xotiralar bilan eslaysiz va unga qanday baho berasiz?
- Muzaffar kuchli jangchi. U og‘ir vaznda ishtirok etishiga qaramay, oktagonda chaqqonligi bilan ajralib turadi. U bilan to‘qnashuvimiz yodimda. To‘g‘ri, mag‘lubiyatga uchraganman, biroq kelajakda revansh olishga qarshi emasman. Bu sport, ba’zida g‘alaba, boshqa payt mag‘lubiyatga uchrashga to‘g‘ri keladi. Oldindan biror narsa deb bo‘lmaydi.
- O‘z vaqtida, Ukrainada og‘ir vazn toifasidagi umidli jangchi sifatida porlagandingiz. Nahotki, o‘sha vaqtlar UFC yoki "Bellator"dan takliflar bo‘lmagan?
- "Bellator" bitta jang uchun kontrakt taklif etgandi. Rozi bo‘lganman, ammo sog‘lig‘imdagi muammo sababli, "Bellator"da debyut qilishning imkoni bo‘lmadi. Menga raqib izlayotgan paytda, ahvolim haqida xabar berdim va ular keyinroq yana aloqaga chiqishlarini aytishdi. Afsuski, boshqa ulardan taklif kelib tushmadi.
- Vaqtingiz tig‘iz bo‘lsa-da, bizga vaqt ajrata olganingizdan xursandmiz va o‘z o‘rnida bugungi jangingizda omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz!
- Rahmat.
Aslida savollar bisyor edi. Biroq, u bilan juda tig‘iz vaqtda bog‘langanimiz sababli, boshqa safar batafsil intervyu qilishga kelishib oldik. Nasib qilsa, yaqin vaqtlar mobaynida intervyuni davomini ham amalga oshiramiz!
Fikrlar